Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi: «Muammolar ortida ishsizlik va yetishmovchilik yotibdi»

Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi: «Muammolar ortida ishsizlik va yetishmovchilik yotibdi»

Foto: «Zarnews.uz»

Samarqand viloyat teleradiokompaniyasida o‘tkazilgan «Ochiq muloqot»  ko‘rsatuvida Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi, sektor rahbarlari, tumandagi korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Aholidan tushgan murojaatlarni tahlil qilar ekan tuman hokimi A’zamxon Bahromov quyidagi fikrlarni bildirdi, deb yozmoqda «Zarnews.uz».

– Afsuski, Kattaqo‘rg‘on iqtisodiyotda sanoat ulushi eng kam tumanlardan, – deydi hokim. – Bugun kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyati ortida ishsizlik, yetishmovchilik yotibdi. Afsuski, ish o‘rinlari yaratishda ham ko‘pincha, qog‘ozbozlikka yo‘l qo‘yilganini tan olish kerak. Bizga avvalo, real, barqaror daromad kelib turadigan ish joylari kerak. Shu sababdan ham birinchi navbatda tumanda sanoatni, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishimiz lozim. Shundagina ishsizlik va uning ortidan kelib chiqadigan muammolarga yechim topiladi.

Muloqot davomida kelib tushadigan murojaatlarning bir nechtasi ishsizlik borasida bo‘lgan. Jumladan, Alisher Navoiy nomli mahalladan A.Nabijonov, Burgansoy mahallasidan O.Xidirov, Boltabek mahallasidan G.Boboyevaning ish bo‘yicha murojaatlari ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.

Tuman hokimi to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda mehnat qilishni istagan har bir fuqaroga albatta, sharoit yaratib berishini ma’lum qildi.

– Ijtimoiy sohada ham tumanimiz yillar davomida ancha ortda qolganini yashirishdan foyda yo‘q, – dedi tuman rahbari. – Muammoni tan olish, uni bartaraf etish ustida ishlashimiz kerak. Ichimlik suvi muammosini olaylik. Bugun tuman aholisining ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasini 25 foiz desak ham, 75 foiz desak ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Sababi, asosiy aholi punktlari ikki daryo oralig‘ida joylashgani sababli yer osti suvlari yaqin, ko‘pchilik o‘z hovlisida qo‘lbola quduq qazib olgan. «Suvoqova» faoliyati to‘xtab qolgan. Biz ana shu korxona faoliyatini tikladik, sharoit qilib berdik. Sababi, aholiga zararsiz ichimlik suvi kerak. Buni hammaga tushuntirishimiz zarur.

Muloqot davomida tushgan ayrim murojaatlar bo‘yicha javob berilarkan, tuman mutasaddilari murojaat egasini idoraga taklif qilib, muammosini yechishga va’da berdi. Tuman hokimi esa «Fuqaroni ishxonamizga taklif qilmasdan, o‘zimiz uning oldiga boraylik», dedi.

Muloqot so‘ngida A’zamxon Bahromov o‘z xulosalari bilan bo‘lishdi:

– Ushbu muloqot biz uchun juda foydali. Sababi biz xalq bilan muloqotning hamma yo‘nalishlaridan, shu jumladan telemuloqotlardan foydalanib kelyapmiz. Telemuloqotning bir tomoni borki, xalq to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rib turibdi. Mutasaddilar hech narsani yashira olmaydi. Muammoni albatta, yechish kerak, vassalom! Biz uchun yana bir foydali tomoni qayerda, qanday muammolarimiz ko‘proq ekanini ana shu muloqotlar orqali bilib boryapmiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring