Kasalini yashirsang, isitmasi oshkor qiladi
Samarqand shahar hokimligi tarmog‘ida ketma-ket «yemagan munosabat»lar e’lon qilindi.
«O‘zbekcha «taqdir hazili» yoki Samarqandagi «adash» ko‘chalar» maqolasi 6 iyun kuni chop etildi. Maqolada Samarqand shahrida qator holatlarda ko‘cha nomlari takrorlanishi muammosi olib chiqilgan.
Muallif o‘zi bevosita guvoh bo‘lgan voqeadan boshlanadigan tahliliy maqola, ishi manzillar bilan bog‘liq mutaxassislar bergan ma’lumot va faktlar bilan to‘ldirilgan. Maqolada reyestr va shahar xaritasidan skrinshotlardan foydalanilgan.
Samarqand shahar hokimligining rasmiy telegramm kanalida rasmiy «Xabar.uz»da e’lon qilingan maqolaga ketma-ket ikki munosabat e’lon qilindi va aytish mumkinki, «kasalini yashirish»ga urinilgan muammoning boshqa jihatlari ochilib qoldi.
Kamiga dastlabki munosabatni toponimik komissiyaning umumiy faoliyati uchun hisob berishga vakolati bo‘lmagan Davlat kadastrlari palatasi Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati bergan.
U shunday boshlanadi: «O‘zbekiston Respublikasining 2011 yil 12 oktyabrdagi «Geografik ob’yektlarning nomlari to‘g‘risida»gi OʻRQ-303-son Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 16 oktyabrdagi «Geografik ob’yektlarning nomlari to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq geografik ob’yektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida»gi VM-295-son qarori asosida respublikada mavjud barcha geografik ob’yektlarni nomlash va qayta nomlash hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari Kadastr agentligi tomonidan amalga oshiriladi».
Unda toponimik komissiyaning nima keragi bor? Aslida qarorga ko‘ra, geografik ob’yektlarga nom qo‘yish yoki qayta nomlash taklifi avvalo tuman, shahar hokimligi qoshidagi maxsus toponimik komissiyaga kelib tushadi. Kadastr agentligiga emas! Takliflar tarixni, etnografiyani, taniqli shaxslar haqidagi ma’lumotlarni, so‘zlar etimologiyasi, o‘zbek tili normalarini chuqur bilgan mutaxassislar tomonidan muhokama qilinadi, yangi nomlarning joylarga muvofiqligi o‘rganiladi.
Kadastr xizmati qachondan buyon shuncha mas’uliyatni bo‘yniga oladigan bo‘ldi?
Keyin respublika eskpertizasida jarayon davom etadi. Xalq deputatlari kengashi qarori chiqqanidan so‘nggina jarayonga qatnashish navbati kadastr xizmatiga yetadi. Ya’ni joy nomi reyesstrda bazaga kiritiladi va xaritada aks ettiriladi.
Maqolada Samarqand shahar toponimik komissiyasi raisi o‘rinbosari sifatida o‘zini tanishtirgan Norbek Alkarov toponimiya yo‘nalishidagi ishlar oqsashini Kadastr xizmati bilan bog‘lagan: «2022 yilda qator ko‘chalar qaytadan nomlangan qarorni ularga yuborganmiz. Lekin, bir qism ish bajarilgan bo‘lsa-da, 25 ta ko‘cha hanuz bazaga kiritilmagan va xaritalarda aks ettirilmagan» dedi mulozim. Kadastrlar palatasi viloyat boshqarmasi matbuot xizmati mas’ulning ana shu ma’lumotini yolg‘on sifatida talqin qiladi.
«Xabar.uz»da Alkarov bergan ma’lumotlarning audioyozuv talqini bor. Aynan shu sababdan Norbek Alkarov 25 ta ko‘cha nomi bilan bog‘liq gap asosga ega emas, degan da’voni birinchi raddiyadan deyarli so‘zma-so‘z ko‘chirilgan o‘zining bayonotida (ikkinchi munosabatda) takrorlay olmadi.
Xo‘sh, hokim maslahatchisi ikkinchi munosabatni nega e’lon qildi? Unga Kadastr agentligi matbuot kotibi bilan birgalikda tayyorlagan raddiyasini Davlat kadastrlari palatasi Samarqand viloyati boshqarmasi nomidan berishda boshqarma qanchalik vakolatli degan savol tashlandi.
Alkarov xatosini tuzatish maqsadida ikkinchi munosabatni, asosiy faktlari birinchisidan shundoqqina ko‘chirilgan matnni yana shahar hokimligi tarmog‘ida o‘z nomidan e’lon qildi.
Ikkala munosabatda ham, ayrim juz’iy farqlarni aytmaganda, ayni bir xil fikr bildirilgan. Samarqand shahrida toponimiya sohasida qilingan ishlarning zo‘r ekanini 2022 yil aprelidagi hujjatlar bilan asoslamoqchi bo‘lishgan. Bugun biz 2023 yilning ikkinchi yarmida yashayapmiz. Shu o‘rinda, o‘z-o‘zidan, bir yildan ortiqroq vaqtda nima ishlar qilindi, degan savol o‘rtaga chiqadi.
Endi maqolada ko‘tarilgan eng asosiy masalaga qaytsak.
Muallif maqola boshidanoq o‘zi orqali kechgan faktlarni taqdim qiladi. Xat manzili to‘g‘ri ko‘rsatilgan, lekin egasiga yetib kelmayapti. Chunki, Samarqand ko‘chasi, ... inchi manzil ko‘hna shaharda bitta emas, shu sabab xat boshqasiga ketib qolgan. Bu to‘qib chiqariladigan gap emas!
Maqolada aniq hududlar, manzillar aytilayapti. Bir emas, bir necha pochta xodimlari ko‘cha nomlari takrorlanishidan paydo bo‘layotgan muammolarni ko‘taryapti. Hokim maslahatchisi tahliliy maqola e’lon qilingan kunda qo‘ng‘iroq qilib «Qayerdagi, ko‘chadagi pochtalonlar bilan gaplashib yozaveradimi?» degan gapni aytgan. Birinchidan, pochta xodimlari ko‘chadagi qandaydir odamlar emas. Ular manzillar takroriyligidan eng ko‘p aziyat chekayotgan soha vakillari. Qolaversa, tahririyat ma’lumotlarni taqdim qilish uchun hokimiyat vakillariga ham imkon berdi...
Norbek Alkarov yozishicha: «Samarqand shahrida takror nomli ko‘chalar mavjud emas». Lekin, ayrim hollarda avvaldan qolib ketgan ko‘cha nomlari yozilgan taxtachalar yoki aloqa bo‘limida qolib ketgan eski ko‘cha nomlari natijasida sun’iy takror ko‘cha nomlari chiqayotgan bo‘lishi mumkin, emish.
Shuni ta’kidlashni istar edik, agar nomlari o‘zgartirilgan ko‘chalar, muallif aytgandek sun’iy ravishda saqlanayotgan bo‘lsa, bu ham Samarqand shahar hokimligining aybi bo‘lib chiqadi. Oldirib tashlanmagan, yangi nomlar haqida xabar berilmagan, nazorat qilinmagan!
Maqolada aholi taksi buyurtma berishdagi noqulaylik nazarda tutilib, taksi xizmati xaritasidan skrinshotlar berilgandi. Raddiyachilarning yozishicha, Gugl, Yandeks xaritalaridagi yozuvlar ham eski emish. Shunda biz bugun O‘zbekiston biznes ma’lumotlari jamlangan Golden pages portalidagi Samarqand viloyat Kadastr agentligi boshqarmasi sahifasida berilgan xaritadan foydalanamiz.
Qizig‘i, ushbu sahifada ham Yandeks xaritasi xizmatidan foydalanilgan. Yozilishicha, sahifa 2023 yilda yangilangan.
Raddiyalarda maqoladagi faktlarga qarshi dalil-isbot keltirishga uriniladi.
«Davlat reyesridagi takror ko‘rsatilgan ko‘chalar, ya’ni Samarqand ko‘chasi faqat xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining 2021 yil 23 avgustidagi ... qarori bilan «Yoshlik» MFY hududidagi ko‘chaga berilgan. Texnik xato tufayli davlat reyestri bazasiga takror kiritilgan. Bu holat bartaraf etildi».
Men ne deymanu, qo‘bizim ne der. Agar maqola muallifi 15 yildan buyon Samarqand ko‘chasida yashashini yozmaganda edi, shaharda boshqa Samarqand ko‘chasi yo‘qligi, reyestrdagi ma’lumot esa «texnik xato»ligiga ishonish mumkin edi. Keling, yaxshisi, Davlat kadastrlari palatasi Samarqand viloyati boshqarmasi sahifasidagi xaritadan «adash» ko‘chalarni topaylik.
Samarqand ko‘chasining biri «Yoshlik» mahallasi, boshqasi «Afrosiyob» mahallasi hududida joylashgan. «Bizda takror nomli ko‘chalar yo‘q» deb qanchalik chiranishmasin, shu ko‘chalar nomi bilan rasmiy idoralarga murojaat qilishadi, xat va jo‘natmalar yo‘llashadi, ma’lumotnomalarda shu manzillar ko‘rsatiladi.
Munosabat matnidan yana bir iqtibos e’tiborimizni tortadi:
«Akademik Habib Abdullayev nomi Samarqand viloyati hokimining 28.12.1994 yil 565-q-sonli qarori bilan Abu Ali Ibn Sino ko‘chasidan Islom Karimov qabrigacha bo‘lgan ko‘chaga berilgan. Shahar hududida boshqa Akademik Habib Abdullayev nomli ko‘cha mavjud emas».
Bu Samarqand shahar hokimi maslahatchisining gaplari! Birinchidan 1994 yilda Islom Karimov hali hayot edi. Ikkinchidan, bu ko‘chaga hech qachon Akademik Habib Abdullayev nomi berilmagan. Matn parchasi shu shaklda, takror-takror (kadastrchilar munosabatida ham) shahar hokimligi tarmog‘ida turibdi (!)
Hazrati Xizr masjididan Samarqand aeroportigacha bo‘lgan ko‘cha Akademik Vohid Abdullayev nomi bilan atalib kelingan. Ko‘chaning aeroportga tutashgan katta qismi, (jumladan, inson halokati bilan bog‘liq fojiadan so‘ng noqonuniyligi ma’lum bo‘lgan qurilish joyi ham) negadir Ibn Sino ko‘chasi tarkibiga o‘tkazildi. Samarqandning yetuk farzandi Vohid Abdullayevni bilish uchun, hech bo‘lmaganda, ozgina bilim, ozgina farosat kerak. «Texnik sabab» degan vaj bu yerda qo‘l kelmaydi.
Akademik Habib Abdullayev nomidagi ko‘cha esa Samarqand Davlat arxetektura va qurilish instituti yaqinida joylashgan. Ikkinchi ko‘cha esa shundoqqina Abdullayev ko‘chasi qilib o‘zgartirilib, go‘yo takrorlash bartaraf etilgan.
«O‘zbekcha "taqdir hazili" yoki Samarqanddagi "adash" ko‘chalar» maqolasida Nodirabegim va Mohlaroyim Nodirabegim ayni bir shaxs bo‘lgani uchun bunday nomli ko‘chalar takror hisoblanishi ta’kidlangan.
Rasmiy munosabatda yozilishicha, Mohlaroyim Nodirabegim ko‘chasi boru, lekin uning tor ko‘chasiga Nodirabegim nomi berilgan. Mulozim qayd etgan ko‘cha deb Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga tutash Nodirabegim ko‘chasi ko‘rsatilyapti. Bu yerdagi Nodirabegim (reyestr bo‘yicha Mohlaroyim Nodirabegim) ko‘chasida tor ko‘chaning o‘zi yo‘qligini raddiya muallifi anglaydimi?
Ma’lumot uchun: Samarqand veterinariya meditsinasi instituti yangi shahar hududida joylashgan bo‘lib, bu yerda binolar Yevropa uslubida qurilgan. Shu sabab binolar oralig‘ida tor ko‘chalar emas, balki katta, yaxlit, boshi berk bo‘lmagan, o‘tish yo‘li bo‘lmagan ko‘chalar mavjud.
Bu ko‘cha 1992 yilga qadar Busigin nomi bilan atalgan. Mustaqillikkacha Samarqandda Nodirabegim nomidagi ko‘cha bo‘lmaganmi? Bo‘lgan. Nayman mahallasida Nodirabegim ko‘chasi bo‘lgan, unda tor ko‘cha bor.
Zebiniso va Zebinisobegim nomidagi ko‘chalar haqida ham xuddi shu gapni aytish mumkin. O‘rni kelganda reyestrda, yana bir «Zebunisobegim – Avrangzeb qizi» degan ko‘cha nomi ham paydo bo‘lganini yana bir marta eslatamiz.
Yana bir e’tiroz: «Ali Qushchi nomi Samarqand viloyati hokimining 1994 yil 28 dekabrdagi... qarori bilan Sug‘diyona massividagi ko‘chaga berilgan. Maqolada ko‘rsatilgan So‘zangaron tomonda Ali Qushchi ko‘chasi mavjud emas».
Mash’al mahallasidagi ko‘chaga Alouddin ali Qushchi nomi berilgani, aniqrog‘i avvalgi nomiga «Alouddin» so‘zi qo‘shilganidan xabardormiz. Shuningdek, yana boshqa o‘nlab holatlarda «Mavlono», «Abu», «Begim» kabi so‘z va qo‘shimchalar bilan takrorning mohiyati o‘zgarmasligini avvalo joy nomlarini qo‘yishga mas’ul bo‘lganlar bilishlari kerak.
Maqolada «Beklar» va «Bekho» kabi ikki tildagi bir xil ma’nodagi so‘zlar ham takrordir deb aytilgan. Raddiyada bu atamalarning ma’nosi farq qiladi, deb da’vo qilinadi. «...davlat ishlarida ishlaydigan, o‘ziga to‘q beklar yashagani sababli Beklar nomi qo‘yilgan. Bekho ko‘chasining nomi, manbalarda keltirilishicha, (qaysi manba? – tahririyat) begoh – ob-havosi toza, so‘lim joy degan ma’noni bildiradi».
Samarqand davlat universiteti yetuk olimlari, filologiya fanlari doktori S. Xo‘jaqulov va filologiya fanlari bo‘yicha falsafa fanlari doktori (PhD) S. Majidova «Beklar» va «Bekho» so‘zlarining lug‘aviy ma’nolariga shunday izoh beradilar: «Bu so‘zlar ayni bir ma’noni anglatgan holda, «Bekho» atamasi «begoh», ya’ni kechqurun, oqshom ma’nolariga etimologik jihatdan hech qanday yaqinligi yo‘q. Bu so‘zlar aynan bir ma’noni, ya’ni beklar (beklar va ularga taalluqli oila a’zolari istiqomat qiladigan joy va mahal)ni bildiradi. Zero, har ikkala so‘zda ham «bek» o‘zak bo‘lib, unga qo‘shilgan «-ho» va «-lar» qo‘shimchalari ikki tilda, ya’ni o‘zbek va tojik tillaridagi ko‘plik qo‘shimchalaridir»
Raddiyalarning shunday «yemagan» joylari juda ko‘p. Xaritalarda, reyestrlarda ko‘chalarning birini nomini o‘chirib qo‘ygan bilan odamlar pochta manzilisiz yashay olmaydi.
Hokim maslahatchisi 300 dan ortiq ko‘cha nomlari xulosa olishi uchun ekspertiza komissiyasiga yuborilganini aytadi. Bu 300 dan ortiq nomsiz ko‘chada odamlar o‘z manzilini aytolmaydigan vaziyatda yashayapti degani. Shu sababli hali natija bermagan ish bilan emas, bajarib qo‘yilgan ishlar bilan maqtansa yarashadi. Yuqoridagi kuzatuvlardan kelib chiqib yuborilgan nomlarning qandaydir qismi qabul qilinmasligi ehtimoli yuqori.
Xulosa o‘rnida
Munosabat yozishning o‘z qoidalari, madaniyati bor. Matbuot kotibi tashkilot va tahririyat o‘rtasida ko‘prik bo‘lishi kerak. Qanday bo‘lmasin, tashkilot ishidagi noqis bir jihat haqida gap chiqmasin, degan fikrda OAV qonunlariga zid ish olib boruvchi xodim tashkilotni ham sharmanda qiladi.
Jurnalistikadan ma’lumoti bo‘lmagan matbuot kotibi yoki boshqa mutaxassisning 30 yillik tajribali jurnalistga qanday yozish kerakligini maslahat berishi taajjubli.
Munosabat e’lon qilinayotganida rasmiy tashkilotlar tanqidiy maqola muallifini javobgarlik haqida eslatib «do‘q urish» o‘rniga, kamchiliklarni tan olib, ularni bartaraf etish ustida ishlashsa, foydaliroq bo‘lardi. Shunda Habib Abdullayev nomidagi ko‘cha bilan bog‘liq «qovun tushdi», «Bekho» so‘zining o‘zboshimcha talqini, Gugl va Yandeks xaritalari go‘yo toponimiya sohasida tan olinmasligiyu, lekin ayni vaqtda kadastr agentligi sahifasida shu kompaniya xaritalaridan foydalanilishi, «bizda takror ko‘chalar yo‘q» va «... bo‘lishi mumkin» qabilidagi qarama-qarshiliklar rasmiy munosabatdan o‘rin olmagan bo‘lardi.
Tahririyat
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter