Karantinni mehmonxonada o‘tkazish: narx va tartib-qoidalar
Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 30-iyundagi qaroriga muvofiq, koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaymagan davlatlardan kirib kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekistonda doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ixtiyoriy ravishda o‘z hisoblaridan mehmonxonalarda karantinga olish tartibi belgilandi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati mazkur masalada quyidagi ma’lumotlarni keltirdi:
Hozirgi kunda fuqarolarni karantin talablari asosida joylashtirishga yetarli sharoit yaratgan va ularni qabul qilishga rozilik bildirgan mehmonxona faoliyatini yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlari ro‘yxatlari shakllantirildi. Unga ko‘ra:
300 ming so‘mgacha narxdagi 599 ta o‘ringa mo‘ljallangan jami 13 ta,
301-500 ming so‘m narxdagi 4256 ta o‘ringa mo‘ljallangan jami 54 ta,
501 ming so‘mdan yuqori narxdagi 3616 o‘ringa mo‘ljallangan jami 35 ta mehmonxona ro‘yxati shakllantirilgan.
Shu o‘rinda, bitta reys orqali O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan fuqarolarning karantin davrida sanitar-gigiyenik xavfsizlik talablari joriy etilgan, Milliy gvardiya tomonidan tunu kun davomida qo‘riqlanadigan mehmonxonalarga tartibli joylashtirilishi, aholi o‘rtasida koronavirusning keng tarqalib ketishini oldini olish maqsadida mehmonxonalarning ro‘yxati har bitta narx toifasidan 3 tadan jami 9 ta, eng kam narx taqdim qilgan mehmonxonalar kesimida e’lon qilib boriladi. Bunda mehmonxonalar o‘rinlari soni karantinga olingan fuqarolar va qayd etilgan bronlar hisobiga to‘lgach, ro‘yxat yangilanib boriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter