Karantindagi besh oy. Undan kim qanday chiqdi?
Karantin hamma uchun og‘ir keldi. Ayniqsa shaharda, kunlik topganiga qanoat qilib yurganlar qiynalib qoldi. Shunday vaqtda yana baraka topgur tadbirkorlar el dardiga kor keldi — birgina Navoiy shahrining o‘zida «temir daftar»dagi oilalarga 1 milliard 740 million so‘mlik yordam ko‘rsatildi.
***
Ruslan Gasimov mana shunday kunlik daromadda ro‘zg‘orini o‘tkazib yurganlardan biri edi. Oila kichkina emas — bir xonali kvartirada besh jon istiqomat qiladi. Ustiga ustak onasi sil kasali bilan xastalangan, muntazam davolanib turmasa bo‘lmaydi. Karantin eng avvalo mana shunday oilalarga zarba berdi. Ro‘zg‘orda tishga bosgulik hech narsa qolmaydigandek tuyulgan vaqtda «Sahovat va ko‘mak» dasturi yordamga keldi.
— Yordam so‘ragandik, darrov yegulik yetkazishdi. Vaqtincha «Temir daftar»ga joylashtirishdi, bir marta 800 ming so‘m yordam berildi. Hokimlik tomonidan tezda ish ham topib berishdi, hozir doimiy daromadga egaman, onam kasalxonada davolanmoqda, — deydi Ruslan Gasimov.
***
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan yordamga muhtoj aholiga bir martalik yordam sifatida pul tarqatilganda turli gap-so‘zlar yuzaga keldi. Bunday vaqtda albatta qayerdadir, kimgadir kam yoki ko‘p berib yuborilgan bo‘ladi. Ammo Navoiy shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Diyor Elmurodovning ta’kidlashicha, hamma ish tegishli tartibda o‘tkazilgan.
— Tartibga ko‘ra, «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarda 3 kishi istiqomat qilsa 500 ming so‘m berildi. Besh kishigacha bo‘lsa 800 ming va undan ortiq bo‘lgan xonadonlarga 1 million so‘mdan topshirildi. Shu tariqa 792 ta oila yordam oldi. Yana 359 xonadonning har bir a’zosiga 220 ming so‘mdan berildi, — deydi mutasaddi.
***
Xalqimizda bir naql bor — «Qo‘ldan berganga qush to‘ymaydi». «Temir daftar»ga kiritilgan oila vakili Abdiyeva Olima shuning uchun ham pandemiya vaqtida o‘z biznesini boshlashni ma’qul ko‘rdi. Unga ish boshlab olishi uchun olti oylik imtiyozli shart bilan 24 million so‘m kredit berildi.
Olimaning guldek hunari bor, turmushga chiqqunga qadar tikuvchilik qilgan. Ammo kelin bo‘lgach yangi xonadonda ishini davom ettira olmadi — 10 kishi uchun shundoq ham torlik qilayotgan uyda tikuv mashinasiga joy topilmadi. Hammasini pandemiya o‘zgartirib yubordi. Olima avval jazm eta olmagan ishiga endi qo‘l urmasa bo‘lmasdi.
Avvaliga hokimlik yordami bilan olingan kreditga 5 ta tikuv mashinasi sotib olindi. So‘ngra ijaraga joy ham topildi. Hozirda Olima Abdiyeva tadbirkorlik qilib nafaqat o‘zi pul topmoqda, balki yana ikki kishini ham ish bilan ta’minlagan.
***
O‘g‘iloy Boboqulova turmush o‘rtog‘idan ajrab, tul qolganda qo‘lida 7 oylik chaqalog‘i bor edi. Mana 5 yildirki o‘g‘lini yolg‘iz o‘zi katta qilib kelmoqda. Ota farzandini bir marta ko‘rgan holos, chaqaloq ikki oylik bo‘lganda birrovga Rossiyadan kelib ketgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay baxtsiz hodisa tufayli o‘sha yoqlarda hayotdan ko‘z yumdi. O‘g‘iloy qo‘lidagi chaqalog‘i bilan yolg‘iz qoldi.
Yaxshi hamki mahalla bor ekan, O‘g‘iloyning dardiga malham bo‘ldi.
Vaqt o‘tib tirikchilik amal-taqal yo‘lga qo‘yildi. Ayolgina u-bu qo‘shnining ishini qilib, ko‘rpasini qavib berib, qora qozonini qaynatib yurdi. Shu kichikkina daromad ham pandemiya tufayli uzilib qolganda esa yana mahalla yordamga keldi. Ona-bola «Temir daftar»ga kiritildi va birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlandi. Eng muhimi — homiylar ko‘magida tikuv mashinasi olib berildi. Endi esa xotin-qizlar qo‘mitasi O‘g‘iloyni tikuvchilik kursida o‘qitishga bel bog‘lagan.
Albatta Navoiy shahrida hali qilinadigan ishlar yetarli. Qayerdadir yana yordamga muhtoj bo‘lgan odamlar borligi shubhasiz. Ularni qidirib topish, yordam berish va rozi qilish hokimlikning birinchi navbatdagi vazifasidir. Xabar.uz’ga ma’lum qilinishicha, avgust va sentyabr oylarida mahalliy tushumlardan 515 million so‘m ortib qolishi kutilmoqda. Hokimlik mana shu mablag‘ni to‘lig‘icha ijtimoiy himoyaga yo‘naltirishni maqsad qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter