Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karantin davrida yordamga muhtoj oilalar ro‘yxati tuziladi

Karantin davrida yordamga muhtoj oilalar ro‘yxati tuziladi

Foto: «Xabar.uz»

Aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasining tarqalish zanjirini uzish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 2020-yil 13-iyuldan 2020-yil 1-avgustga qadar respublika miqyosida qo‘shimcha ravishda karantin cheklovlari kiritilgani xabar qilingandi.

Undan ko‘ra, joriy yilning 18-19-iyul hamda 25-26-iyul (shanba va yakshanba) kunlari aholidan ko‘chaga chiqmaslik tavsiya etildi.

Shuningdek, karantin cheklovlari joriy etilishi munosabati bilan moddiy daromad manbaini yo‘qotgan, ishsiz va ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Xususan, davlat tomonidan hozirgi kunda 20 kunlik karantin davrida moddiy jihatdan og‘ir ahvolga tushib qolayotgan eng muhtoj 120 mingga yaqin oilalarni davlat tomonidan oziq-ovqat, dori-darmon vositalari va birinchi ehtiyoj mahsulotlarini yetkazib berish orqali qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilmoqda.

Mazkur oilalar ro‘yxatini ishlab chiqishda quyidagi oilalarga birinchi navbatda e’tibor qaratiladi:

  • ta’minot manbai bo‘lmagan yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan, boquvchisidan ajralgan, og‘ir kasallari bor, ko‘p bolali oilalar;
  • ijtimoiy nafaqasi real ehtiyojlarni qoplamaydigan va undan boshqa daromad manbai bo‘lmagan oilalar;
  • ota-onasining ikkisini ham yo‘qotgan, bolalar tarbiyasi bilan esa qarindoshlar shug‘ullanayotgan oilalar;
  • ota-onalardan biri yoki har ikkisi ham nogiron bo‘lgan oilalar;
  • 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlardan alohida yashayotgan beva ayollar (beva erlar);
  • ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo‘lgan va ish izlovchi sifatida bandlikka ko‘maklashish markazlarida hisobda turgan oilalar;
  • mehnatga layoqatli a’zolari bo‘lgan, biroq ular hech qayerda ishlamaydigan yoki pandemiya tufayli daromadidan vaqtincha mahrum bo‘lgan (mavsumiy ishchi, usta, mardikor, sartarosh, chet elda ishini yo‘qotib qaytganlar, taksi haydovchisi, kafe, restoran ishchisi va h.k) va zarur yordamga muhtoj oilalar.

Moddiy ko‘mak yuklarini manzilli taqsimlash hamda yetkazib berish maqsadida mahalliy hokimlarning ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari boshchiligida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Yoshlar agentligining vakillaridan iborat ishchi guruhlar tuzildi, shuningdek, homiylik, xayriyalarni muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Homiylik, xayriyalarni muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlariga murojaatlarni qabul qilishni tashkil etish maqsadida qisqa raqamli telefon tarmog‘i (call-center) ishga tushiriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring