Kaliforniyadagi morglarda o‘liklarga joy qolmayapti
Kaliforniya shtatida koronavirus avj olgani sababli morglarda o‘liklarga joy qolmayapti, deb yozadi «CTV News».
«40 yildan beri dafn marosimlari bilan shug‘ullanaman. Bir kun kelib marhumlarning qarindoshlariga joy qolmaganini aytaman deb hech o‘ylamagandim», — dedi Los Anjelesdagi «Continental Funeral Home» dafn byurosi rahbari Magda Maldonado.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir kuniga 30 talab murdalarni olib chiqishga to‘g‘ri kelyapti — bu odatdagidan olti baravar ko‘p. Morg egalari bir-birlaridan yordam so‘rashmoqda, ammo hammasida joy yetishmasligi muammosi kelib chiqqan. Maldonado murdalar uchun ko‘proq muzlatgichlar ijaraga olishga hamda shifoxonalarga borishni bir-ikki kunga kechiktirishga to‘g‘ri kelganini aytdi.
Ta’kidlanishicha, Kaliforniya shtatidagi shifoxonalarning intensiv terapiya bo‘limlarida hamda bo‘sh koykalar qolmagan. «CTV News» AQShda koronavirus bilan kasallanganlar soni 20 milliondan oshganini eslatdi.
Dekabr oyida Kaliforniya shtati COVID-19 bilan kasallanish darajasi bo‘yicha mamlakatda birinchi o‘ringa chiqdi. U yerda yangi virusga chalinganlar soni Germaniya, Hindiston va Britaniyadagi ko‘rsatkichlardan ham yuqori.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter