Jurnalist va blogerlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
Tor soha mutaxassislari OAV xodimlari va blogerlarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishadi deb e’lon berilsa, nima bo‘ladi? Ko‘rikka albatta kelishadi.
Samarqand shahridagi 2-son oilaviy poliklinikada ikki kun davomida shaharda faoliyat yuritayotgan jurnalist va blogerlar, sohada ishlayotgan texnik xodimlarni viloyatning yetuk mutaxassislari qabul qildi.
Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, AOKAning viloyat boshqarmasi hamda Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi birgalikda o‘tkazgan tadbir soha vakillari salomatligini mustahkamlashga qaratilgan.
Dargohda ertalabdan laboratoriyadan tortib, UZI, terapevt, xirurg, dermatolog, travmatolog, lor, okulist va hokazo mutaxassislar xonalari eshigi oldida ijodkorlar navbatlari siljir edi. Jarayon qat’iy tartibda yo‘lga qo‘yilgan, bir yo‘la ayni bir mutaxassilikdagi bir necha doktor xizmat ko‘rsatmoqda. Shu sabab har bir kelgan inson 2 soatga qolmay xotirjam ishiga qaytardi.
Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi direktori Mirzo Ixtiyorov jamoada 87 nafar xodim ishlashini aytdi. Ularning bir qismi kecha va qolganlar bugun ko‘rikdan o‘tishi rejali taqsimlangan ekan. Shu zaylda ish to‘xtab qolmaydi.
— Inson har yili, bo‘lmaganda, bir marta, iloji bo‘lsa ikki marta tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak. Aksariyat hollarda ish bilan bo‘lamiz, oilaviy tashvishlarga o‘ralashib qolamiz va sog‘lig‘imizga e’tibor bermaydigan holatlar kuzatiladi, — deydi Mirzo Ixtiyorov. — Odamda sog‘lig‘i yaxshi bo‘lmasa ishida ham samaradorligi bo‘lmaydi.
Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan maqsad soha xodamlarining sog‘liqlarini tiklab olishga imkoniyat yaratishdan iborat. Bugungi kunda telejurnalistlarimiz, radiojurnalistlarimiz, bosma ommaviy axborot vositalarida ishlayotgan hamkasblarimiz, blogerlar ikki kun davomida shu yerga kelib qaysi jihatlarga ko‘proq e’tibor qaratish kerakligi, sog‘lig‘ida qayerda nima muammo bor, hammasini o‘zlari bilishayapti. Inson o‘zining qayerda qanday muammo borligini bilgani ma’qul.
«Zarafshon» gazetasi muxbiri To‘lqin Siddiqov tadbirning yana bir asosiy jihati ustida to‘xtaldi. Tadbir orqali soha vakillariga e’tiborni his qilayapmiz. «Jurnalistlar, qalam sohiblarining mavqeini, obro‘sini ko‘tarish davri kelayapti degan yaxshi niyatlar qila boshlayapmiz. Qolaversa, bahonada anchadan buyon ko‘rishmagan turli tashkilotlarda ishlayotgan hamkasblar uchrashuvi chehralarga tabassum ulashdi», dedi u.
Samarqand viloyat Sog‘liqni Saqlash Boshqarmasi matbuot kotibi Eldor Muhammadiyevning ma’lum qilishicha, viloyatdagi tuman markazlarida ham xuddi shunday tibbiy ko‘rik tashkil qilingan.
Tadbirning keyingi bosqichida viloyatdagi OAV xodimlari va blogerlarni sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter