Jurnalist nega sud kursisiga o‘tirganini aytib berdi (video)
Bugun, 2023-yil 17-mart kuni, Buxoro viloyat sudi binosida 2022-yil 1-2-iyul kunlari Nukus shahrida ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda ayblanayotgan sudlanuvchilarga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni tugab, 39 nafar sudlanuvchiga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Dauletbay Razov raisligida birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqildi.
Sudlanganlar orasida jurnalist va tarixchi olim Yesimqan Qanaatov ham bor edi. Xabar.uz muxbiri u bilan suhbatlashdi.
«Men Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi «a», «b», «g» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, sudga tortilgan edim. Sud odilona o‘tkazildi. Mening bosh ehtiyot choralarim o‘zgartirilib, sud zalida qamoqdan ozod qilindim va menga 5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. O‘sha voqealarda aybdor deb topildim va bu ayblovlarni tan olaman, yolg‘on targ‘ibotlar, yolg‘on axborotlar ta’siriga tushib qoldim. Sudda o‘z aybimga iqror bo‘ldim va bu e’tiborga olindi. Menga hech qanday ruhiy va jismoniy bosim bo‘lmadi. Aldanib qolganim e’tiborga olindi, deb o‘ylayman. Hamkasblarimga voqea-hodisalarni xolisona yoritishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Jurnalist bo‘lib, mediasavodxonlik kurslarida o‘qib ham yolg‘on axborotlar ta’siriga tushib qolganimdan afsusdaman. Kelgusida jurnalistik faoliyatimni davom ettiraman. Men odamlar ijtimoiy tarmoqlardagi provakatorlarga aldanmasligini, ishonib qolmasligini istardim, chunki bunday fitnakor, buzg‘unchi g‘oyalar davlatga katta zarar yetkazadi», – deydi Yesimqan Qanaatov.
Ma’lumot uchun: Esimqan Qanaatov «El xizmatida» gazetasi bosh muharriri, nafaqat jurnalist, balki Janubiy Orolbo‘yi xalqlarining xalq ijodiyoti va folklorini o‘rgangan, shu hududda yashovchi boshqa millat vakillarini qiyosiy tahlil qilgan tadqiqotchi. Qoraqalpoqlar istiqomat qiladigan O‘zbekistonning Navoiy viloyatining Kanimex tumanini ham o‘rgangan. Xalq og‘zaki ijodi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan, «Ishonch», «Ishonch-doveriye» gazetalarida Qoraqalpog‘iston bo‘yicha muxbir bo‘lib ishlagan.
«Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatlashgan Islom Po‘latov ommaviy tartibsizliklarga o‘zi bilmagan holda aralashib qolgani, bu chiqishlarning noqonuniy namoyishlar ekanini keyin bilib qolganini bildirgan.
«Hali yoshman. Tetapoya bo‘lmay turib, boshi berk ko‘chaga kirib qoldim. Davletmurat Tojimuratovning videolarini ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib borardim. Uning millatchilik g‘oyalariga o‘zim bilmagan holda berilib ketdim. Maqsadi xalqning ichida kelishmovchilik, o‘zbek va qoraqalpoq odamlari o‘rtasida janjal keltirib chiqarishdan iborat ekan. Bilasizmi, men qo‘l jangi bilan shug‘ullanib, sport ustaligini ham olganman. Juda yuqori natijalarga ham ega bo‘lgan edim. Afsuski, shundaylarga aldandim. Xatti-harakatlarim, namoyishga bilib-bilmay qo‘shilib qolganim sababli Jinoyat kodeksning 244-moddasining 1- va 3-qismlarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli, deb topildim. Bu modda esa adolatli hukmga almashtirildi, yengilroq jazoga tayinlandim. Prezidentimdan, huquq-tartibot idoralari vakillaridan minnatdorman, ularning yoshligimni, adashganimni inobatga olib, boshimni siylashganini, mamlakatimiz qonunlari odilona ekanini yana bir karra isbotlashgani oldida qarzdorman. Jazo muddatimni o‘tab chiqqanimdan keyin, albatta, uni oqlayman. Va o‘z tartib-intizomim bilan javob qaytaraman. Pushaymonman», — dedi Islom Po‘latov.
6 yil muddatga qamoq jazosini olgan Pulat Yesengeldiyev ham Davletmurat Tojimuratov aldovlariga ishongani haqida to‘xtalgan.
«Bizning harakatlarimizdan jabr chekkan organ xodimlari bor, tinch aholi bor. Ulardan, prezidentimizdan, xalqimizdan kechirim so‘rayman. Qilgan hatti-harakatlarimdan ming-ming pushaymonman. Menga qo‘llanilgan jazo chorasiga ko‘ra, 13 yildan ortiq muddatgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanilishi yozib qo‘yilgan. Biroq, sudning shaffof o‘tgani, xizmat xodimlarining adolatli yondoshuvi sabab 6 yilga «kesildim». Agar vaqt kelib, qamoqdan ozod etish choralari qo‘llanilsa, umrimning so‘nggi kuniga qadar shu Vatanga, ona xalqimga sidqidildan xizmat qilaman»,— dedi Pulat Yesengeldiyev.
«Men esa «miting» jarayonini telefonimga tasvirga olib, holatlarni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborgan edim. Mitingdan bir necha kun o‘tgach, meni ishlab turgan joyimdan olib ketishdi. Avvaliga sababini bilmagan edim. Ichki ishlar idoralarida «olib ketilganim» sababini tushuntirishgach, ko‘zlarim ochildi. Mening shu harakatlarim ham ommaviy tartibsizliklar targ‘ibotiga turtki bo‘lganini kech anglab yetdim. Bo‘yi bo‘yimga teng farzandlarim, oilam, ota-onam oldida, qarindoshlarim oldida yuzim uyatda qoldim. Ularni juda-juda sog‘indim. O‘zbek, qoraqalpoq bir millat, deb ularni ayirmay, bir yoqadan bosh chiqarib yashashimiz kerak. Axir biz qondoshlarmiz, qardoshlarmiz. Biri-biridan yomonlik ko‘rmagan millatmiz. Men o‘zimga tayinlangan jazoga munosibman. Aybimni, xatolarimni tan olaman», — dedi o‘zini tanishtirishni istamagan va 7 yil muddatga qamoq jazosiga tayinlangan N.D.
Jurnalist Abdimalik Xo‘janazarov «Oqmang‘it tonggi» gazetasi bosh muharriri bo‘lib ishlagan. U ham ommaviy tartibsizliklarga o‘zi bilmagan holda qo‘shilib qolgan.
«Turmush o‘rtog‘imning bu tartibsizliklarga aloqadorligini, mitingchilar oqimiga bilib-bilmay qo‘shilib qolganini eshitib, hushdan ketayozdim. Axir, bolalarimning otasi bunday tajovuzkor yoxud tez qaror chiqarishga moyilligi yo‘q edi. Juda yumshoq fe’lli, og‘ir va vazmin odam edi-ku, degan savollardan ezilib ketdim. Keyinchalik bilsak, turmush o‘rtog‘im ham yolg‘on axborot ta’sirida qolgan ekan. Unga nisbatan adolatlilik tamoyillari qo‘llanilganini oilamiz bilan katta mamnuniyat bilan qarshiladik. Farzandlarim otasini sog‘ingan. O‘ylaymanki, bundan keyin o‘z sohasida fidoiylik bilan ishini davom ettiradi», — dedi jurnalistning ayoli Vagila Pazilova.
Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidovning so‘ziga ko‘ra, ozodlikdan mahrum qilingan jazosiga hukm qilinganlarga nisbatan tayinlangan jazo muddatlarini ular qamoqqa olingan kundan boshlab hisoblangan va 1 nafar sudlanuvchi jazoni qattiq tartibli koloniyada, 28 nafar sudlanuvchi esa jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilangan. Xuddi shuningdek, ozodlikni cheklash jazosiga hukm etilganlarning dastlabki qamoqda o‘tirgan kunlari Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab, qamoqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari)ga asosan, tayinlangan jazodan chegirilishi belgilangan. Ular sud zalida qamoqdan ozod qilingan.
«Sodir etilgan jinoyatlar oqibatida yetkazilgan 6,5 milliard so‘mdan ziyod miqdordagi moddiy zararlarni sudlanuvchilardan solidar tartibda undirish, sudlanuvchilarga tegishli bo‘lib, jinoyat ishi doirasida xatlovga olingan mol-mulklarni keltirilgan zararni qoplashga qaratish belgilandi. O‘ziga tayinlangan hukmdan norozi taraflar Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi orqali Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instiansiyasiga protsessual qonunchilikdan belgilangan tartib va muddatlarda shikoyatlar berishga, prokuror esa protest bildirishga haqli ekanini ma’lum qilamiz», — dedi Aziz Obidov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter