Jurnalist Komiljon Shamsiddinov «Artel»dan shikoyat qildi
Telejurnalist, O‘zbekiston televideniyesining «Tahlilnoma» dasturlari orqali ko‘pchilikka tanish Komiljon Shamsiddinov o‘zining «Feysbuk»dagi sahifasida «Artel» kompaniyasi bilan bog‘liq voqeani yozib qoldirdi. Quyida uning fikrlarini o‘qishingiz mumkin.
Nomingdan «o‘rgilay», «Artel»...
Bir tomoni – to‘xtovsiz berilgan reklamalarning ta’siri, boshqa tarafdan azbaroyi qiziqishmi va yoxud salgina vatanparvarparlik vaji ham bo‘lganmi, ishqilib, kamina ikki yarim yil burun «ARTEL» rusumli, o‘zginamizda ishlab chiqarilgan televizor xarid qilgandi. Shu paytgacha duppa-durust ishlab ham yurgandi-yu, bir sabab bilan deng (to‘g‘rirog‘i, yuzasini artayotgan latta namroq ekanmi, kim bilsin), o‘tgan hafta «lop» etib ko‘rsatmay qoldi. To‘g‘rirog‘i, ovoz bor-u, tasvir yo‘q. «3 yilgacha» deb berilgan kafolat muddatiga hali borligi bois u matohni azza-bazza ko‘tarib, «servis markazi»ga olib bordim.
U yerdagi mutaxassislar «kafolat qog‘ozi»ni sinchiklab ko‘zdan kechirishdi, o‘sha yerdagi usta tashxisni aytdi: «arzanda»mizning ekrani kuyib qolibdi. Eng qizig‘i shundan so‘ng boshlandi. «Mayli, o‘sha kuygan ehtiyot qismning pulini to‘lay qolay», deya qanchaligini so‘rasam, kompyuteriga so‘rov jo‘natib, uni hijjalab o‘qigan qizgina menga qarab, «yangi ekran 2 million 400 ming so‘m turarkan, uni o‘rnatish 50 ming so‘m bo‘ladi» dedi. Yana, deng bu savilni tashlab ketsam, uzog‘i bilan bir haftalarda «o‘rnatib bo‘linarmish»...
«Iya, eskini tuzatish shuncha tursa, yangisining narxi qancha ekan» deya qiziqib, ustaxona joylashgan «Media park» do‘konini aylandim. Mening televizorimdan ham keyin chiqqan, yangiroq rusumdagisi 2 800 000 so‘m turibdi. Savdolashib ko‘rsam, yana 200 ming so‘m tushirib ham berisharkan. E’tibor qiling, bu degani mening – diagonali 42 dyuymli televizorimni tuzatish qariyb 2 yarim million so‘mga tushsa, shu pulga yana 100 ming so‘m qo‘shsam, undan bir dyuym ortiq, ya’ni 43 dyuymli, yap-yangi televizor olarkanman. Shu gapni o‘sha yerdagi sotuvchilarga ham aytsam, ular kulib, «Aka, asosiy televizorning asosiy «zapchast»i – ekran bo‘ladi o‘zi» deyishdi.
Xo‘p, shundoq ham deylik. Unda bu maishiy texnikaning qolgan uskunalari, ya’ni korpusi, «plata»si, ovoz chiqarish dinamiklari, pulti, qolgan va hokazolari sariq chaqa ham turmas ekan-da?.. Tabiiyki, bu kabi savollarga javob ololmasligimni bilib, televizorni qo‘ltiqlab, yana bir zo‘r berib reklama qilingan jarayon – «utilizatsiya burchagi»ga bordim va endi kattakon qutiga aylangan korpusni u yerga topshirsam, evaziga nima olishim mumkinligini surishtirdim. Kaminaga tushuntirishlaricha, mendagi matohga nari borsa, 250 ming so‘mlik (naqd pul emas) kupon berisharmish. Yanayam qizig‘i shuki, shu kuponni boshqa bir «ARTEL» televizori xaridiga ishlata olmas ekanman. Ya’ni kuponni xorijdan keltirilgan, narxi otning kallasidek turgan – soqol olgich, muzlatkich va yoki shunga o‘xshash import buyumlariga sarflashim mumkin emish... Hayrat ustiga hayrat...
Kompaniyaning bu taxlit «otangga bor, onangga bor» tarzidagi xurmacha qiliqlarini qandoq talqin qilishga hayronsan. Har qanday o‘zini hurmat qilgan firma – mahsuloti ko‘proq sotilishidan manfaatdor emasmi aslida? Va yoki qaysi esini bilgan kompaniya – o‘z mahsulotining ehtiyot qismi narxini – butun boshli mahsulot narxiga tenglashtirib qo‘yarkan? Bunda boshqa bir – «xarid qilsang, mahsulotning o‘zini sotib ol, bo‘lmasa, katta ko‘cha» qabilidagi iddao yashiringani yo‘qmi? Yoki bo‘lmasa, zo‘r berib jar solinayotgan – buyumlarini utilizatsiya orqali yig‘ishtirib olinishidan rostdan ham manfaat ko‘radigan bo‘lsa, mijozga yuqorida tilga olinganidek, maynavozchilik qilinishidan ne naf?..
Savollar mo‘l. Ularga javob ololmasligimni bilgach, noiloj «arzanda» matohni qo‘ltiqlab, uyning bir burchagiga tashlab qo‘ydim. Jilla qursa, ertaga – «reklamaning zo‘ri bilan sotib olingan, shunchaki maynavozchilikka guvoh bo‘lgan g‘irt arzon mahsulot» sifatida bolalarimga ko‘rsatib yurarman...
Xullas, u bo‘ldi, bu bo‘ldi, lekin shaxsan men bundan keyin «ARTEL» so‘zini minba’d tilimga olmaydigan bo‘ldim. Balki bu nomdagi matohlarning ishxonamdagi turlaridan qutula olmasman, chunki davlat korxonalari ko‘pincha shu rusumdagilarni yoppasiga xarid qilishadi. Ammo o‘zim – xonadonimga ularni hargiz yo‘latmayman. Ko‘ngil qoldi. Sarlavhadagi qo‘shtirnoqqa olingan «o‘rgilay»ni esa – tushungan odam tushundi...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter