«Judayam qo‘rqyapman»: Evo Morales Boliviyada fuqarolar urushi boshlanib ketishidan xavotirda
Iste’foga chiqib Meksikadan siyosiy boshpana topgan Boliviya sobiq prezidenti Evo Morales o‘z vatanida fuqarolar urushi chiqib ketishidan xavotir bildirdi.
Boliviyada qurolli nizo kelib chiqishi ehtimoli yuzasidan EFE agentligi bergan savolga uning javobi shunday bo‘ldi: «Bundan judayam qo‘rqyapman».
Evo Morales ta’kidlashicha, hukumat uning «Sotsializmga harakat» partiyasi qo‘lida paytida «shahar va qishloqlarni, sharq va g‘arbni birlashtirib turgan», endi esa, uning aytishicha, «zo‘ravonlikni qurol qilib olgan guruhlar, og‘ufurush to‘dalar paydo bo‘lmoqda, ular hatto universitetlarga kirib borib, yarim harbiy tuzilmalarga birlashmoqda».
Morales yurtdoshlarini qon to‘kilishining oldini olishga chorladi.
Eslatib o‘tamiz, ommaviy tartibsizliklar natijasida salomatligi va hayotiga xavf tug‘ilgani uchun prezident Evo Morales Boliviyani tark etib, Meksikadan siyosiy boshpana topishga majbur bo‘lgandi.
U ketganidan so‘ng hokimiyat boshqaruvini muxolifatchi senator Janin Anes o‘z qo‘liga oldi, biroq xalq isyoni to‘xtagan emas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter