Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat grantlarining 77 foizini maktab bitiruvchilari egalladi

Davlat grantlarining 77 foizini maktab bitiruvchilari egalladi

Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda kirish imtihonlarida ishtirok etgan (jami 888 511 nafar) abituriyentlarning 303 560 nafari (31,5 foiz) umumta’lim maktablarining joriy o‘quv yilgi bitiruvchilaridir.

Ushbu bitiruvchilarning 95 497 nafari (25 foizi) joriy test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, mahalliy OTMlari talabasi bo‘lgan.

Aslida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan bitiruvchilar bundan ham ko‘p, har yili o‘rtacha 10-15 foiz (44 000 nafar) bitiruvchi nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘lmoqda. Shu bois ayrim bitiruvchilar xususiy va xorijiy OTMlarga kirgan va test sinovlarida ishtirok etmagan, deya ma’lum qildi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova.

Oliy ta’lim muassasalariga kirgan bitiruvchilar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Xususan, 2021-yilga nisbatan oliy ta’lim muassasalariga kirgan bitiruvchilar soni 14019 nafarga, 2022 yilga nisbatan esa 9 628 nafarga ortgan  (2021-yil 81478 nafar, 2022-yilda 85 869 nafar bitiruvchi OTMga kirgan).

Bitiruvchilarning oliy ta’lim qabul kvotasi uchun ajratilgan davlat granti o‘rinlarini egallash salmog‘i ham yildan-yilga ortib bormoqda. Joriy yilda davlat granti uchun  34930 ta kvota ajratilgan bo‘lsa, uning 77 foizini (26 884 nafar bitiruvchi) aynan maktab bitiruvchilari egallagan.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 3,5 foizga, ya’ni 3 537 taga ko‘p (2022 yilda 23 347 nafar maktab bitiruvchilar grantga kirgan bo‘lib, ulushi 73,5 foiz bo‘lgan).

Bitiruvchilarning bilim samaradorligi ham o‘tgan yilga nisbatan yaxshilanganligini ko‘rish mumkin. Joriy yilda  o‘rtacha ball 77,1 ni tashkil etib, 2021 yilga nisbatan qariyb 3 balga, 2022-yilga nisbatan esa 1 balga ortgan (2021-yilda 74,2 ball, 2022-yilda 76,3 ball).

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring