Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jizzaxdan Manasgacha

Jizzaxdan Manasgacha

Manas qishlog‘i.

Foto: «Uza.uz»

«Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish, xalq bilan muloqot, odamlarning muammolarini o‘z vaqtida va joyida hal qilishning samarali mexanizmlarini yaratishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining bosqichma-bosqich joriy etilayotgani qo‘l kelmoqda.

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-avgustdagi «Idoralararo yagona ijro intizomi elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoyishiga ko‘ra, mamlakatimiz hududlarida Idoralararo yagona ijro intizomi elektron tizimi (keyingi o‘rinlarda – Yagona tizim)ni joriy etish belgilangan.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining ishchi guruhi Jizzax viloyatida shu farmoyish doirasida joriy yilning birinchi choragi davomida keng ko‘lamli tashkiliy chora-tadbirlar va amaliy ishlarni bajardi. Misollarga o‘tamiz.

Viloyat hokimligidagi 50ga yaqin, shahar va tumanlar hokimliklaridagi 230dan ziyod, vazirlik, qo‘mita va inspeksiyalarning viloyatdagi boshqarma va tumanlardagi bo‘linmalarida ishlab kelayotgan 400dan ortiq mas’ul xodimlar uchun Yagona tizimda ishlash ko‘nikmasini yaratish va bilimlarini mustahkamlash bo‘yicha seminar-treninglar tashkil qilindi.

Toshkentdagi Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazining rezidentiga aylanib yurtimizda AKTni rivojlantirish uchun investitsiya jalb etish, dasturiy mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatlari jizzaxlik tadbirkorlarni ham qiziqtirmoqda. 2017-yili viloyatda shu innovatsiya markazi rezidentlari soni atigi bir nafar edi, vazirlikning Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida 2018-yil birinchi choragi yakuni bo‘yicha jizzaxlik rezidentlar soni uch nafarga yetdi, yana ikki nafar tadbirkor innovatsiya markazi kengashining qarorini kutmoqda.

Dasturiy mahsulotlar bozorini shakllantirish, dasturlashga qiziqishi bor yoshlarga imkoniyat yaratish maqsadida innovatsiya markazi rezidentlari tomonidan Jizzax shahrida dasturlash bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashga mo‘ljallangan o‘quv markazlari tashkil qilingan. Ushbu markazlarda 20 nafarga yaqin yoshlar dasturlash bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqdalar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi asosida mamlakatimizda qishloq aholisining turmush darajasi va ijtimoiy muhitini yaxshilashga qaratilgan «Obod qishloq» loyihasi doirasida viloyatimizning Do‘stlik tumanidagi Manas qishlog‘ida keng islohotlar amalga oshirildi.

Turli vazirlik va idoralar ishtirokidagi bu jarayondan, albatta, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ham chetda qolgani yo‘q.

«O‘zbektelekom» AK Jizzax filiali tomonidan Manas qishlog‘idagi xonadonlar va infratuzilma ob’yektlarida keng polosali internet tarmog‘ini tashkil etishga qaratilgan loyiha doirasida optik tolali aloqa liniyasini tashkil etish loyihasi ishlab chiqildi va qishloq markazigacha 8,4 kilometr masofada optik tolali aloqa liniyasi o‘tkazilib, 96 portli bitta MiniMSAN qurilmasi o‘rnatildi. Natijada qishloqdagi ikkita maktab, ikkita maktabgacha ta’lim muassasasi FTTB texnologiyasi asosida ZiyoNET ta’lim portaliga ulandi. Mahalla markazi, profilaktika inspektorining nazorat xonasi, qishloq oilaviy poliklinikasi, madaniyat saroyida keng polosali internet xizmatlaridan foydalanish imkoni yaratildi. Shuningdek, manasliklarning axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmasini oshirish maqsadida vazirlik tomonidan beg‘araz yordam sifatida 10ta kompyuter va texnikalar bilan jihozlangan sinfxona tashkil etildi. Qolaversa, elektron davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalanish imkonini beruvchi infokiosk qurilmasi o‘rnatildi.

Manas qishlog‘ida mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish maqsadida mobil aloqa operatorlarining mavjud tayanch stansiyalarida 3G tarmog‘i tashkil etildi. Shuningdek, «O‘zbektelekom» AK «O‘zMobayl» filiali tomonidan 3G standartidagi yangi tayanch stansiyasi o‘rnatilib, ishga tushirildi va manasliklarga mobil internet xizmatlaridan erkin foydalanish imkoni yaratildi. Qo‘shimcha tarzda mobil aloqa operatorlari tomonidan Manas qishlog‘ida ko‘chma savdo maskanlari tashkil etildi.

Mahmud G‘iyosov,
Axborot texnologiyalariva kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi yetakchi mutaxassisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring