Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jizzaxda 6 yashar bola asfalt yotqizish mashinasi ostida qolib vafot etdi

Jizzaxda 6 yashar bola asfalt yotqizish mashinasi ostida qolib vafot etdi

Jizzax viloyati Paxtakor tumanida 6 yoshli bola asfalt yotqizish mashinasi ostida qolib ketib vafot etgan. 

Ma’lum bo‘lishicha, Paxtakor tumani Bog‘ishamol qishlog‘ida 7 sentyabr kuni soat 17:10 atrofida 2016 yilda tug‘ilgan T.Sh. velosipedi bilan mahalla hududida ish jarayonini o‘tkazayotgan asfalt yotqizish mashinasi orqa tomoniga yaqinlashgan. Haydovchi orqaga qarab harakatlangan paytida bola mashina bilan to‘qnashib, yiqilgan va texnika ostida qolib ketgan.

Qayd etilishicha, oqibatda bola voqea joyida halok bo‘lgan. Holatga haydovchining beparvoligi, ish vaqtida xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmagani, haydovchi oldida uni ogohlantirib turishi kerak bo‘lgan yordamchi ishchilarning yo‘qligi sabab bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, holat yuzasidan og‘ir texnika vositasi tegishli bo‘lgan firma rahbariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 147-moddasi (Yo‘llarga, yo‘l inshootlariga, yo‘l harakatini tartibga solib turuvchi texnik vositalarga shikast yetkazish, ularni saqlash qoidalarini buzish) bilan ma’muriy bayonnoma tuzilgan.

Mazkur holat yuzasidan 7 sentyabr kuni Paxtakor tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, deyiladi Bosh prokuratura xabarida. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring