Jizzaxda 57 nafar fuqaro ovqatdan zaharlandi
Joriy yilning 25-26 iyun kunlari Jizzax viloyatida 57 nafar fuqaro restoranda ovqatlanish natijasida zaharlangan. Bu haqda Jizzax viloyat prokuraturasi xabar berdi.
Viloyat prokuraturasining qayd etishicha, 25-26 iyun kunlari 57 nafar fuqaro viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ich ketish va tana harorati ko‘tarilishi shikoyatlari bilan murojaat qilgan.
Dastlabki laboratoriya tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, fuqarolarga «O‘tkir diareya» ovqatdan zaharlanish tashxisi qo‘yilib, tibbiy muolajalarni amalga oshirish uchun fuqarolarning barchasi shifoxonaga yotqizilgan.
Bemorlarning 11 nafariga tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan, 46 nafari qoniqarli ahvolda ekanligi ma’lum bo‘lgan.
Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan o‘tkazilayotgan tergovga qadar tekshiruv davomida bemorlar Jizzax shahridagi oshxonalarning birida ovqatlanganligi aniqlanib, hodisa joyidan olingan oziq-ovqat mahsulotlarining namunalari bo‘yicha va barcha bemorlarga nisbatan tegishli ekspertizalar tayinlanib, soha mutaxassislari jalb etilgan.
Viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari ustidan nazorat o‘rnatilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter