Jismoniy shaxslarning bank qarzdorligi yangi – «insofli» tartibda so‘ndiriladi – loyiha
Fuqarolik kodeksining 248-moddasiga kreditor shaxsning qarzdorligini yopish bo‘yicha yangi tartibni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilmoqda.
Bu boradagi tegishli qonun loyihasiga ko‘ra, kelgusida aholi tomonidan tijorat banklaridan olinayotgan kredit (mikroqarz va h.k) mablag‘larining so‘ndirilishi tartibi, eng avval jarima va peniyalardan emas, balki asosiy qarz bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlikdan boshlanadi.
Odatda fuqarolar tomonidan kredit to‘lovlari kredit shartnomalarida belgilangan miqdorda va muddatlarda kredit tashkilotlariga to‘lab boriladi. Lekin shunga qaramasdan, amaliyotda fuqarolar tomonidan ayrim sabablarga (pandemiya oqibatida, vaqtincha ishini yo‘qotganda, kasal bo‘lganida va h.k.) ko‘ra kredit to‘lovlarini kechiktirgan holda yoki qisman to‘lash holatlarini ko‘plab kuzatish mumkin.
Bunday hollarda, kredit tashkilotlari fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan kredit to‘lovlarini birinchi navbatda jarimalar, penyalar va kredit foizlarini so‘ndirishga yo‘naltiradi. Natijada, fuqarolar tomonidan to‘langan mablag‘lar kreditning asosiy qarzdorligini qoplashga yetmay qolishi oqibatida kredit tashkilotlari tomonidan berilgan kreditlarga ustama foizlar hisoblashda davom ettiriladi. Bu esa o‘z navbatida, moliyaviy ahvoli qiyin fuqarolarning kredit tashkilotlari oldidagi majburiyatlarini ortishiga va ularning qarz yuklamasini oshib borishiga olib keladi.
Bundan tashqari, mazkur holat o‘z navbatida kreditlar bilan bog‘liq muammoli aktivlarning ko‘payishiga, ayniqsa qarzdorlik sud tartibida majburiy undiruvga qaratilgan holatlarda qarzdordan birinchi navbatda jarimalar, penyalar va foizlarning undirib olinishi kredit asosiy qarzining amalda so‘ndirilmay qolishi va natijada unga foizlar hisoblanishi davom ettirilishi fuqarolar tomonidan sudlarning hal qiluv qarorlarida belgilangan summa kreditorga to‘langan taqdirda ham qarzdorlik to‘liqligicha so‘ndirilmay qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Mazkur holatlarni bartaraf etish maqsadida taklif etilayotgan tartibga ko‘ra esa jismoniy shaxslarga ajratilgan mikroqarz yoki kredit (tadbirkorlik faoliyati uchun ajratilgan kreditlar bundan mustasno) bo‘yicha amalga oshirilgan to‘lov miqdori, agar qarz oluvchining majburiyatlarini bajarish uchun yetarli bo‘lmasa, qarz oluvchining qarzi quyidagi tartibda so‘ndiriladi:
- asosiy qarz bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlikni;
- muddati o‘tgan foiz to‘lovlarini;
- joriy davr uchun asosiy qarz bo‘yicha qarzdorlikni;
- joriy davr uchun hisoblangan foizlarni;
- neustoyka (jarima, penya);
- qarzdorlikni qaytarish bilan bog‘liq kreditorning boshqa xarajatlarini.
Ushbu o‘zgartirish bilan jismoniy shaxslarga ajratilgan mikroqarz yoki kredit bo‘yicha birinchi navbatda asosiy qarzning qaytarilishiga erishish bilan birgalikda qarzni to‘lashga rag‘batlantiradi va qarz yukini kamaytirishga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter