Jirinovskiy yana bir kurakda turmaydigan taklif bilan chiqdi
Rossiya liberal-demokratik partiyasi sarkori Vladimir Jirinovskiy «Govorit Moskva» radiostansiyasi efirida MDH mamlakatlari – sobiq SSSR respublikalarini Rossiya tarkibiga guberniya sifatida qo‘shilishga chaqirdi.
Siyosatchi Kremlning MDH davlatlari bilan konfederatsiya, ittifoq kabi shakldagi munosabatlaridan ko‘ra ularning guberniya o‘laroq qo‘shilgani ma’qul ekanini urg‘ulagan.
«Barcha masalalarni hal etishning eng maqbul yo‘li to‘liq xavfsizlik hamda rivojlangan iqtisodiyotni ta’minlash, 14 ta sobiq sovet respublikalarining Rossiya tarkibiga guberniya huquqi bilan kirishidir: Dushanbe, Bishkek, Yerevan, Riga, Jitomir, Kiyev guberniyalari kabi», – degan V.Jirinovskiy.
O‘ta bahsli, kezi kelganda telba-teskari bayonotlari bilan tilga tushgan Jirinovskiy ko‘pda buyon SSSRni tiklash g‘oyasini bayroq qilib keladi. Nomi liberal, ammo amalda liberallikdan anchagina uzoq partiya yetakchisiga ko‘ra, MDH davlatlarining barchasini Ittifoq zamonidagi kabi Rossiya qalamraviga o‘tkazish kerak.
Siyosatchi 1991-yilda SSSRning parchalanishiga sababchi bo‘lgan arboblarni jazolashni ham talab qilib keladi. Jirinovskiyga ko‘ra, «buyuk mamlakat»ni parchalagani uchun tarixga SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti sifatida kirgan Mixail Gorbachyov ham qamoqqa tashlanishi kerak.
Liberal partiya raisi shovinistik ruhdagi chiqishlari bilan ham sog‘lom fikrli jamoatchilikning g‘azabini qo‘zg‘ab keladi. Masalan, 2020-yil 10-dekabr kuni Rossiya Davlat dumasining ilm-fan va ta’lim qo‘mitasi raisi Vyacheslav Nikonov 1-telekanalning «Bolshaya igra» dasturida Qozog‘iston degan davlat mavjud bo‘lmagani, Qozog‘iston hududi Rossiya hamda Sovet ittifoqi tomonidan berilgan katta sovg‘a ekanini da’vo qilgan edi. Yirik diplomatik mojaroga aylangan ushbu masalada ham Jirinovskiy Nikonovni qo‘llab-quvvatlab, Qozog‘iston davlatchilik an’analariga ega bo‘lmagani, bari sovet hukumati tomonidan yaratilganini iddao qildi.
Avval xabar qilganimizdek, Jirinovskiy koronavirus pandemiyasi davrida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Rossiya chegaralarini yopishni ham taklif etgan, mintaqa davlatlari Xitoydan xavfliroq ekanini aytgan edi.
Bundan tashqari, u suveren Belarus respublikasini Rossiyaga qay yo‘l bilan qo‘shib olish borasida ham zarracha tortinmay mulohaza bildirib kelmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter