Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Effect.uz» xodimlariga oid jinoyat ishi Qashqadaryoda ko‘riladi

«Effect.uz» xodimlariga oid jinoyat ishi Qashqadaryoda ko‘riladi

«Effect.uz» saytining xodimlariga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi mazmunan Qashqadaryo viloyat sudida ko‘rib chiqiladi. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabaringiz bor, joriy yilning yanvar oyida «Effect.uz» sayti xodimlarining jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudidagi xatti-harakatlariga huquqiy baho berishni so‘rab, Sudyalar oliy kengashi raisi tomonidan Bosh prokurorga taqdimnoma kiritilgandi.

Holat yuzasidan  o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijalariga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 236-(tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish) va 219- moddalari (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Tergov harakatlari jarayonida jinoyat ishiga aloqador bo‘lgan «Effect.uz» saytining 2 nafar muxbiri va 1 nafar ayol  noma’lum sabablarga ko‘ra tergovga kelishdan bo‘yin tovlashgani, ularga nisbatan sirtdan ayb e’lon qilinib, qidiruvga beriladi. So‘ng, ayblanuvchilar topilib, majburiy keltirilganidan so‘ng qo‘llanilgan ehtiyot chorasi o‘zgartiriladi.

Ayni paytda tergov harakatlari yakuniga yetib, jinoyat ishi mazmunan sudda ko‘rib chiqilishiga tayyorlanmoqda.

«Effect.uz» sayti xodimlari yuqorida qayd etilgan ayblovlardan tashqari Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi «a» va «g» bandlari (o‘zgani o‘ta og‘ir jinoyatda ayblab, g‘arazgo‘ylik va past niyatlarda tuhmat qilish) va 140-moddaning 3-qismi «a» bandi (jabrlanuvchini o‘z xizmat  burchini bajarishi bilan bog‘liq holda haqorat qilish) bilan ham ayblanmoqda.

Surxondaryo viloyatining jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tumanida yuz bergan voqelik yuzadan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi qo‘shni viloyat sudida ko‘rilishi xolislikni ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan chora hisoblanadi, deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring