Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

JChdan quruq qolgan Chili termasi FIFAga arz qildi

JChdan quruq qolgan Chili termasi FIFAga arz qildi

Chili futbol federatsiyasi (ChFF) Ekvadorni JCh-2022 qatnashchilari qatoridan olib tashlash talabi bilan FIFAga da’vo arizasini kiritgan. Chililiklar Ekvador terma jamoasi tarkibida qalbaki hujjat bilan o‘ynagan futbolchi borligini asos qilib keltirishgan.

Bunga isbot sifatida ChFF ushbu futbolchining tug‘ilganlik guvohnomasi va ro‘yxatga olish hujjatlarini taqdim qilishgan. Hujjatlarga ko‘ra, Ekvador termasi a’zosi Bayron Kastilo aslida Kolumbiyada tug‘ilgan va kamiga yoshi ham 3 yilga kichik qilib ko‘rsatilgan.

«Barcha to‘plangan ma’lumotlar va hujjatlarga asoslanadigan bo‘lsak, faktlar juda jiddiy va FIFA chuqur surishtiruv o‘tkazishi kerak. Biz hamisha halol o‘yinni hurmat qilganmiz va boshqa federatsiyalar ham shunday yo‘l tutishiga umid qilamiz», degan ChFF prezidenti Pablo Milad.

Shuningdek, ChFF ekvadorliklarning saralashda Kastilo maydonga tushgan barcha natijalarini bekor qilishni ham so‘rashgan. Bunda raqiblar avtomat tarzda har bir o‘yin uchun 3 ochkoga ega bo‘lishadi. Agar FIFA da’voni qondirsa, Chili Ekvadorning o‘rnini egallaydi va JChga boradi.

Ekvador termasi saralashni 4-o‘rinda yakunlab, mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritib bo‘lgan. Ulardan keyingi o‘rinda Peru, oltinchi pog‘onada esa Chili joylashgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring