Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jazoir elchisi: Hamkorligimizni kengaytirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjud

Jazoir elchisi: Hamkorligimizni kengaytirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjud

Toshkentda Jazoir inqilobining 70 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Xorijiy davlatlar diplomatlari, O‘zbekiston siyosat, ilm-fan, madaniyat va san’at namoyandalari qatnashgan anjumanda Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Irqiy nutq so‘zladi.

«Jazoir O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni, har tomonlama qayta uyg‘onishni, Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari boshchiligida Yangi O‘zbekistonni barpo etishga bel bog‘lagan, katta umid va maqsadlarga intilib yashayotgan qardosh o‘zbek xalqining erkinlik, demokratiya, ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyot, farovonlik va tinchlik-xotirjamlik yo‘lidagi sa’y-harakatlarini zo‘r qiziqish bilan kuzatmoqda», – dedi elchi.

Ikki davlat hamkorligi mustahkamlanib borayotganini qayd etgan diplomat, ayni choqda, robitalarni barcha sohalarda yanada yuksak cho‘qqilarga ko‘tarish yo‘lida ulkan salohiyat va imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

«Men ushbu minbardan turib, Jazoir oliy rahbariyatining mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha sohalarda birodarlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasidagi mustahkam va chinakam siyosiy irodasini yetkazmoqchiman», – dedi Muhammad Irqiy.

Jazoir milliy bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston hukumati nomidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov qatnashdi.

Ma’lumot o‘rnida, 1830-yili Jazoirga fransuz mustamlakachilari bostirib kirgan. 1920-30 yillarda mamlakatda milliy ozodlik harakati kuchaygan. 1945-yilda ro‘y bergan dastlabki qo‘zg‘olon bostirilgan. 1954-yil 1-noyabrda esa milliy ozodlik fronti tashkil etilgan. Shu tariqa milliy ozodlik yo‘lida qariyb 8 yilga cho‘zilgan kurash boshlangan. 1962-yil 5-iyulda Jazoir mustaqillikka erishgan.

Avval xabar berganimizdek, Muhammad Irqiy joriy yil 7-may kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga yangi tayinlangan elchi sifatida ishonch yorlig‘ini topshirgandi.

O‘shanda O‘zbekiston prezidenti Jazoir arab-musulmon dunyosida jadal sur’atda taraqqiy etayotgan mamlakat, Afrika qit’asidagi istiqbolli sherik ekani, arab davlatlari orasida birinchi bo‘lib Toshkentda o‘z elchixonasini ochganini ta’kidlagandi.

Joriy yil 3-iyul kuni bo‘lib o‘tgan Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Jazoir elchisi Muhammad Irqiy uchrashuvida esa o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni ko‘rish, savdo munosabatlariga to‘sqinlik qiluvchi muammo va omillarni aniqlash va tezkor tartibda bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishilgan.

Tomonlar bir qator yo‘nalishlar, xususan, kimyo, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, neft-gaz sanoati, turizm sohalarida hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga tayyorligini bildirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring