Jazo kuchaytirilmoqda
Bola huquqlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun Senat tomonidan ma’qullandi.
Oliy Majlis Senati yalpi majlisida bola huquqlari kafolatlarini ta’minlash mamlakatimizda ustuvor vazifalardan biri ekaniga e’tibor qaratildi.
«Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni muhokama qilish jarayonida bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning institutsional va huquqiy asoslari tubdan takomillashtirilgani qayd etildi.
Xususan, jinoyat qonunchiligida voyaga yetmaganlarga nisbatan insonparvarlikni kuchaytirish maqsadida jinoiy javobgarlikka tortish yoshini o‘n uch yoshdan o‘n to‘rt yosh etib belgilanmoqda.
Shuningdek, voyaga yetmagan jabrlanuvchi yoki guvohni so‘roq qilish muddatlari aniq belgilanib, jinoyat-protsessual qonunchilikda voyaga yetmagan jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini so‘roq qilishda psixolog ishtirok etishini ta’minlash nazarda tutilmoqda.Voyaga yetmaganlarning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar, shu jumladan bolalarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar uchun belgilangan jazo choralari kuchaytirilmoqda.
«Bu borada erishilgan natijalar xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi barobarida, xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda, – dedi Senat raisi T.Norboyeva. – Ushbu yo‘nalishdagi tizimli ishlar bundan keyin ham izchil davom ettiriladi. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash lozimki, bola huquqlarini ta’minlashda qonun normalarini qat’iylashtirishning o‘zi kifoya qilmaydi. Mazkur masalada jamiyat faolligi va mas’uliyati nihoyatda muhim. Zero, bir bolaga yetti mahalla ota-ona, degan naql bekorga aytilmagan», – deydi Senat raisi Tanzila Norboyeva.
Mazkur qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter