Jamoat joylarida nimalar taqiqlanadi?
Jamoat joylarida quyidagi xatti-harakatlarni sodir etish ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Jamoat joylarida quyidagilar taqiqlanadi:
- tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish, shuningdek chilim va elektron sigaretalar chekish;
- uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarni sodir etish;
- alkogol mahsulotini iste’mol qilish;
- tilanchilik qilish;
- ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bayroqlar va vimpellardan foydalanish;
- it va mushuklarni tumshuqbog‘siz va yetovsiz olib yurish.
Qonunchilikka muvofiq quyidagilar jamoat joylari hisoblanadi:
- statsionar savdo ob’yektlari, umumiy ovqatlanish korxonalari;
- kinoteatrlar, teatrlar, sirklar, konsert, ko‘rik va ko‘rgazma zallari hamda ommaviy dam olish uchun yopiq inshootlar;
- klublar, diskotekalar, kompyuter zallari, internet xizmatlari ko‘rsatish uchun jihozlangan xonalar yoxud boshqa ko‘ngilochar joylar;
- muzeylar, axborot-kutubxona muassasalari va ma’ruzaxonalar;
- mahalliy va uzoqqa qatnaydigan poyezdlar, shahar atrofiga qatnaydigan poyezdlarning vagonlari, daryo kemalari, shahar, shahar atrofiga, shaharlararo va xalqaro qatnaydigan avtobuslar, taksilar, yo‘nalishli taksilar hamda shahar elektr transporti, havo kemalari;
- yer osti o‘tish joylari, transport bekatlari va avtotransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylari;
- aeroportlarning, temir yo‘l, avtomobil vokzallarining va suv transporti bekatlarining binolari;
- davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning binolari;
- sog‘liqni saqlash tizimi muassasalari va tashkilotlari, ta’lim muassasalari, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlari;
- ish joylari bo‘lgan xonalar;
- ko‘p kvartirali uylarning yo‘laklari, shuningdek uylar oldi hududida joylashgan bolalar va sport maydonchalari;
- xiyobonlar, bog‘lar, ko‘chalar va boshqa joylar.
Ish joylarida, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport-sog‘lomlashtirish muassasalarida, yong‘in chiqish xavfi bo‘lgan joylarda, shu jumladan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida va boshqa jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste’mol qilish eng kam ish haqining uchdan bir qismi (67 ming 600 so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (bundan tamaki mahsulotini iste’mol qilish uchun maxsus ajratilgan joylar va xonalar mustasno).
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter