Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jahongir Ortiqxo‘jayev qanday va’dalar berdi?

Jahongir Ortiqxo‘jayev qanday va’dalar berdi?

Foto: «Xabar.uz»

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 7-noyabr kuni tadbirkorlik va kichik biznesni joylarda yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni aniqlash va ishga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligi hamda bu boradagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlagan videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish xususida hokimlarga qator tavsiya va topshiriqlar bergan edi.

Jumladan, barcha viloyat, shahar va tumanlar hokimlari ikki kun muddatda Tadbirkorlarga murojaat qabul qilishi bo‘yicha ko‘rsatma berilgandi.

Oradan bir oy o‘tib, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning tadbirkorlarga murojaati e’lon qilindi.

«Bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlarga sezilarli darajada yengilliklar yaratildi va bu ishlar hali davom etmoqda. Shiddat bilan o‘zgarayotgan va yangilanayotgan bugungi jarayonlarda shahrimiz tadbirkorlari soni ham ortib borayapti», deyiladi murojaatda.

Shuningdek, hokim poytaxtda joriy yilning o‘tgan 10 oyida 16 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etilgani, yil yakuniga qadar yana 8 mingdan ziyod yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etilishi kutilayotgani, faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlarning 4 mingtasi o‘z faoliyatini 10 oy ichida qayta tiklaganini ma’lum qilgan.

Jahongir Ortiqxo‘jayev ishbilarmon va tadbirkorlar dardiga quloq solish, ularning og‘irini yengil qilish, ular faoliyatiga keng yo‘l ochish va ularga yaqindan yordam berish bo‘yicha oldinda turgan vazifalar hali judayam ko‘pligini tan olgan.

«Biznes yuritish - 2020» (Doing Business) hisobotida ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish, jumladan, yer ajratish, qurilish va mol-mulkni ro‘yxatga olish borasida qulayliklar yaratishimiz kerak. Muhtaram Prezidentimiz aytganlaridek, biz-rahbarlar tinmay izlanishimiz, muammolarning oqibati bilan emas, balki ularning tub negiziga yetib borib, aql bilan, ilm bilan yechimini izlashimiz lozim deb hisoblayman, — dedi u. — Shundan kelib chiqib, Toshkent shahrida tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish yo‘nalishlarida tahliliy va ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishga ehtiyoji tug‘ilmoqda. Bu ishlarga olimlarni jalb etib, shahrimiz iqtisodiyot ko‘rsatkichlarining joriy holatini baholash hamda rivojlangan horijiy davlatlar ilg‘or tajribalarini o‘rgangan holda, qisqa va uzoq muddatli rivojlantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishni rejalashtirmoqdamiz.

Murojaatda Toshkent shahrida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishdagi muammolarning 30-40 foizi yer yoki bino ajratish masalasi bilan bog‘liqligi, hokimiyat vakillarining tadbirkorlarni rozi qilishdagi eng og‘riqli muammolarimizdan biriga aylangani, bu yo‘nalishda albatta ochiq, shaffof va adolatli yangi tizim yaratish, buning uchun, qisqa muddatlarda Toshkent shahrining Bosh rejasini ishlab chiqib, tasdiqlanishini tezlashtirish zarurligi haqida ham so‘z boradi.

— Bunda, birinchi navbatda shahrimizda yaratilgan istirohat bog‘lari va yashil hududlarni kelajak avlodga saqlab qolish, ularni buzilib, qurilish maydoniga aylanib ketishini oldini olish uchun barcha choralarni ko‘ramiz, — deydi hokim. — Poytaxtimizda bo‘sh yoki samarasiz foydalanilayotgan yer maydonlari va binolar negizida zamonaviy biznes uchun binolarni joylashtirish konsepsiyasini ishlab chiqib, konsepsiya asosida tadbirkorlar uchun binolarni tayyor holda qurib berishni rejalashtirmoqdamiz. Toshkent shahridan oqib o‘tuvchi daryo va kanallarimiz atrofidagi yerlardan oqilona foydalanish maqsadida, loyihalar asosida tadbirkorlar uchun joylar ajratamiz. Eng asosiysi, yuridik va jismoniy shaxslar xususiy mulklarining dahlsizligini kafolatlash borasida, Muhtaram Prezidentimizning qat’iy topshiriqlariga biz og‘ishmay rioya qilamiz.

Jahongir Ortiqxo‘jayev tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish va biznes uchun adolatli muhit yaratishda «cheklov» va «taqiq» mexanizmlaridan voz kechib, tadbirkor bo‘ladimi yoki oddiy fuqaro, soliq to‘lashdan manfaatdor bo‘lishi uchun yangi g‘oyalar ishlab chiqishga va’da bergan.

— Ushbu murojaatimning asosiy maqsadi, bundan keyin tadbirkorlar uchun hech qanday to‘siqlar bo‘lmasligi, Toshkent shahrida xalq deputatlari, shahar hokimi, barcha rahbarlar, hokimlar Sizlarga yaqindan ko‘makchi bo‘lishimiz, doimiy ravishda tadbirkorlar og‘irini yengil qilish bilan shug‘ullanib, tadbirkor uchun barcha yo‘llar ochiqligini Sizlarga yetkazishdan iborat, — deya muddaoga o‘tadi poytaxt hokimi. — Hokimlar, sektorlar va mutasaddi idoralar rahbarlariga murojaat qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa vositalarini Sizlarga e’lon qilamiz. Istalgan vaqtda ularga bevosita murojaat qilib, tadbirkorlik sohasida uchrayotgan to‘siqlar, muammolar va takliflaringizni mutasaddi rahbarlarga yetkazish sharoitlarini yaratamiz. Hududiy ishchi guruhlar joylarda yurib, hokimlar va sektorlar rahbarlari bilan birga tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish bilan shug‘ullanishadi. Yurtboshimiz aytganlaridek: «Tadbirkor boy bo‘lsa, xalq ham, davlat ham boy bo‘ladi».

Murojaat yakunida «bir narsani yodda tuting, o‘z biznesini halol va pok yuritayotgan, qonunga itoatkor tadbirkorlarimiz, kafolat bilan aytishimiz mumkinki, albatta shahar hokimligi tomonidan yuksak qadrlanadi» deyiladi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring