«J. Ortiqxo‘jayev» deb emas, «R. Usmonov» deb o‘qing...
Kecha saytimizda «Ortiqxo‘jayevning qarori Oliy sudda bekor bo‘ldi» sarlavhali maqola chop etilgandi. Unda poytaxt rahbari ikki yarim yil burun «Building and Supplies» MChJga ko‘p qavatli turarjoy qurish uchun Yakkasaroy tumani «Yunus Rajabiy» mahallasidan 0,50 gektar yer maydoni ajratib bergani-yu hokimning mazkur qarori mahalliy aholining keskin noroziligiga sabab bo‘lgani, mojaro uzoq davom etib, oxir-oqibat o‘sha qaror nihoyat Oliy sudda (Bosh prokuratura protestiga ko‘ra) haqiqiy emas, deb topilgani qalamga olingandi.
Avvaldanoq gapning po‘stkallasini aytib qo‘ya qolaylik: maqola tayyorlashda xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Bundan taassufdamiz...
Modomiki, bo‘lar ish bo‘lib, g‘isht qolipdan ko‘chgan ekan, maqolani saytdan olib tashlashdan ma’no yo‘q. Zero, u ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi, kamiga ayrim «chaqqon» saytlar ko‘chirib bosishga ulguribdi. Shu bois maqolani olib tashlashdek oson yo‘ldan borib, haqiqiy holatni bayon etmaslik insofdan emas.
Maqolada yozilganidek, poytaxt hokimining «Building and Supplies» MChJga yuqorida qayd etilgan manzilda ko‘p qavatli turarjoy qurish uchun yer maydoni ajratish haqida qarori chiqqani rost. Gap shundaki, mazkur qaror Toshkentning hozirgi rahbari J. Ortiqxo‘jayev emas, balki sobiq hokim R. Usmonov tomonidan qabul qilinganiga oydinlik kiritildi.
Qayd etilgan qaror mahalliy fuqarolarning haqli noroziligini keltirib chiqargani ham haqiqat. E’tibordan chetda qolgani shuki, aynan ularning noroziligidan so‘ng J. Ortiqxo‘jayev yangi qaror chiqarib, u bilan o‘zidan avvalgi hokimning («Building and Supplies» MChJga yer maydoni ajratish to‘g‘risidagi) qarorini bekor qiladi.
Shu bilan masalaga uzil-kesil nuqta qo‘yildimi? Yo‘q-da, yo‘q... Aksincha, muammo battar chuvalashib, poytaxtning sobiq va amaldagi hokimlarining qarorlarini haqiqiy emas, deb topish bo‘yicha sud jarayonlari boshlanib ketadi. Ya’nikim, «Building and Supplies» MChJ rahbarlari ma’muriy sudga murojaat qilib, yangi hokimning (avvalgi hokimning qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi) qarorini haqiqiy emas, deb topishni so‘ragan bo‘lsa, «Yunus Rajabiy» mahallasining faol fuqarolari sobiq hokimning qaroriga nisbatan xuddi shunday mazmunda sudga ariza kiritadi. Har ikki murojaat bo‘yicha sud jarayonlari boshqa-boshqa tuman sudlarida bo‘lib o‘tgani, ularda goh u-goh bu tomonning «qo‘li baland» kelgani xususida gapirish ortiqcha endi. Aytish shart bo‘lgan gap shuki, sobiq hokimning go‘yoki «ketar jafosi»ga chiqargan qaroridan (R. Usmonov «Building and Supplies» MChJga yer maydoni ajratish haqida qaroriga imzo qo‘yganidan o‘n kuncha o‘tib ishdan ketadi) zarar ko‘rmagan tomon qolmadi hisob.
Birinchidan, uning qarori, mana, Oliy sudda haqiqiy emas, deb topildi (sobiq hokimning noqonuniy qarori quyi sudlardan Oliy mahkamagacha «talafotsiz» yetib borgani alohida mavzu).
Tadbirkor yutqazdimi? Ha.
Mahalla ahli-chi?
Ularni ham muzaffar atamoqqa til bormaydi. Nega desangiz, masala Oliy sudgacha borgunicha tadbirkor qurilish ishlarini boshlash uchun «chekiga tushgan» yerdagi dov-daraxtlarga qiron keltirib bo‘lgan ekan. To‘g‘ri, buning uchun unga jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, yetkazilgan zararlar undirib olindi. Ammo o‘simliklar olamiga yetkazilgan zararni pul bilan tugal qoplab bo‘lmasligi ayon.
Xullas, sobiq hokimning noqonuniy qaroridan tadbirkor ikki karra yutqazdi, tabiatga yetkazilgan zararning yon-atrof va fuqarolarga salbiy ta’sirini-ku, aytmang... Ne tongki, uning «kasofati», mana, bizgayam urganday: noqonuniy yer maydoni ajratilishi ortidan boshlangan mashmashalar, bu jarayonda sodiq va sobiq hokimlarning qarorlarini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan bir emas, bir necha jarayonlar va ularda turlicha sud hujjatlari chiqishi uncha-muncha odamni chalg‘itib qo‘yishi rost. Baxtga qarshi, bunday g‘urbatli ishning xayrli yakuni haqida yozish jarayonida biz-da chalg‘idik. Bu gaplar o‘zimizni oqlashga izn bermaydi, albatta. Biroq respublika nomidan qaror chiqarayotgan sudlarki xatoga yo‘l qo‘yib turganda bitta muxbirning chalg‘ishi natijasida kelib chiqqan tushunmovchilikdan fojia yasamaslik kerak.
Amaldorning bitta noqonuniy qarorini bekor qildirish yoki quyi sud xatolarini Oliy sudda to‘g‘rilanguncha ancha-muncha vaqt, asab, harakat-u xarajat ketishi hech kimga sir emas. Jurnalistikada esa bunining aksi: masalaga oydinlik kiritish uchun bosiq suhbat, o‘zaro tushunish va bitta tuzatish berish kifoya.
Tuzatishimiz quyidagicha: «Ortiqxo‘jayevning qarori Oliy sudda bekor bo‘ldi» maqolasidagi «J. Ortiqxo‘jayev»ni, iltimos, «R. Usmonov» deb o‘qing...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter