Ivan Grozniyning Osiyodagi ayg‘oqchisi
– Butun Rusning buyuk knyazi! Huzuringizga Osiyoga yuborgan elchingiz qaytib keldi va u kirishga muntazir, – dedi saroy ayyoni.
Garchi boshqa masalalarni rejalashtirib qo‘ygan bo‘lsa-da, Ivan Vasilevich darhol elchini qabuliga chorlashni buyurdi:
– Menim Jenkinsonimni tezroq huzurimga boshlang!..
Tarixda Grozniy laqabi bilan mashhur Moskva va Butun Rusning buyuk knyazi Ivan IV (Ivan Vasilevich) shu tariqa o‘zi elchi qilib jo‘natgan ingliz savdogarini tezda qabul qiladi.
Rossiya tarixida rus davlatini mustahkamlash va markazlashtirishi bilan dong qozongan, xalq o‘rtasida esa «Grozniy» (Dahshatli) laqabi bilan mashhur Ivan IV (1530–1584) juda yosh chog‘ida – 3 yoshida taxtga o‘tqazilib, davlat ishlarini uning nomidan knyaz va boyarlar boshqargan edi. U voyaga yetgach, butun davlat amaldorlarini qattiqqo‘llik bilan o‘ziga bo‘ysundirib siyosat yurgizdi. Shu bilan birga qo‘shni musulmon xonliklarini zabt etib, o‘z davlatining hududini shular hisobiga kengaytirdi. 1547–1552 yillardagi urushlardan so‘ng, Qozon, 1555 yil Sibir, 1556 yilda Astraxan, 1557 yilda esa No‘g‘ay o‘rdasi bosib olinadi.
Ivan Grozniyning ochilib ketgan mustamlakachilik siyosati ishtahasi g‘arbda Litva, Polsha, Daniya va Shvetsiya bilan, sharqda esa O‘rta Osiyo xonliklariga qaratilgan edi. U Boltiqbo‘yiga yurish qila turib, dastlabki g‘alabalaridan g‘ururlangan holda, O‘rta Osiyoni ham esidan chiqarib qo‘ymadi.
Shu maqsadda Moskvaga kelgan ingliz savdogari – Antoniy Jenkinsonni Xorazm tomon safarga yo‘llab, vohadagi vaziyat bilan tanishib kelishni topshirdi.
Xullas, 1558 yilda Ivan Grozniyning maxsus yorlig‘ini olgan Jenkinson Moskvadan yo‘lga chiqdi. U Volga daryosi bo‘ylab suzib, Astraxan shahriga yetib bordi, u yerdan Kaspiy dengizi orqali suzib o‘tdi va Mang‘ishloq yarimoroliga qo‘ndi. Jenkinsonning yonida Makkaga – hajga ketayotgan Movarounnahr savdogarlari va eronliklar bor edi. Ular Mang‘ishloq orqali Urganch yaqinidagi Vazir shahriga keladilar. Bu vaqtda Xorazmdagi Urganch, Hazorasp va Katda Ali sulton, Xiva va Ulug‘bektepada Po‘lat Sulton, Mang‘ishloq va turkman qabilalariga Temur sulton hokimlik qilardi. Ya’ni, davlat turli bekliklardagi hokimlar tomonidan bo‘linib, uch hukmdor yuzaga kelgan, ular bir-biriga qarama-qarshi edi. Xullas, Jenkinson dastlab Temur sulton huzuriga keladi.
«Bu sulton ko‘shk va shaharda yashamay, sahroda yashagan va men uning kichkinagina qamishdan yasalgan, usti kiygiz, ichi esa gilamlar bilan o‘ralgan o‘toviga kirib borganimda sulton o‘tirgandi. Hukmdor bilan birga bu sahroyi mamlakatning bosh ruhoniysi bor edi. Yevropaning kattagina qismida Rim yepiskopini qanchalik hurmat qilsalar, uni ham xalq shunchalik azizlardi. Ulardan boshqa bir necha amaldor ham bo‘lib, men ular bilan xo‘shlashib jo‘nadim, so‘ng o‘zimizning karvonimizga yetib oldim va sayohatni davom ettirdik.
Dengiz sohilidan boshlab birorta shahar va aholi yashaydigan joyni ko‘rmasdan o‘zimizga kerakli oziq-ovqatni yuklab, sahroda yigirma kun yo‘l yurdik. Yigirma kun ichida o‘sha eski chuqur quduqlardan olinadigan sho‘rtang va judayam sho‘r suvdan boshqasini uchratmadik. Ba’zi vaqtlarda esa ikki-uch kunlab shu suvga zor bo‘ldik.
5 dekabrda biz yana qayta Kaspiy dengizi qo‘ltig‘iga yetib keldik. Bu yerda, nihoyat chuchuk suv ichishga muyassar bo‘ldik. Bizni turkman shohining boj oluvchilari kutib olishdi. Ular soliq sifatida har 25 moldan bittadan va shoh hamda uning aka-ukalari foydasiga to‘qqiz xil molning har biridan yettidan boj oldilar. Barcha yig‘ilgan narsani olib jo‘nadilar va biz yana bir kun dam olish uchun shu yerda qoldik».
(«Angliyskiye puteshestvenniki v Moskvskom
gosudarstve v XVI veka» to‘plami. Inglizchadan
YuV.Gote tarjimasi. L, 1937 yil 167-bet).
Shu tariqa Jenkinson hamrohlari bilan yana yo‘lga tushib, Urganch yaqinidagi Sellizyur (Vazir) qal’asiga kirib keladi.
«Qal’a baland tepalikda joylashgan, bu yerda xon deb yuritiladigan qirol yashaydi. Uning saroyi pastgina, cho‘ziq bo‘lib, uncha mustahkam emas. Aholisi qashshoq va savdo ishlari bilan shug‘ullanmaydi. Qal’aning janubiy qismi pastlikda, ammo juda unumdor yerda joylashgan. Bu yerda xilma-xil ekinlar o‘stiriladi, ulardan bittasi qovun bo‘lib, kattaligi va shirasi bilan ajralib turadi. Aholi uni ovqatdan so‘ng suv o‘rniga yeydi. Bu yerda yana tarvuz deb ataluvchi meva bor, uning kattaligi katta bodringday (?!) sariq va shakardek shirin (Jenkinson qovoqni tarvuz deb yanglishgan – U.B). Shuningdek, ilgur (oq jo‘xori) deb ataluvchi don ekini o‘sadi, uning poyasi va bo‘yi shakarqamishga juda o‘xshash, doni guruchga o‘xshaydi va poyaning yuqori qismida joylashgan, uzum boshlariga o‘xshab osilib turadi.
Butun mamlakat foydalanayotgan suv juda kamayib ketgan Oksus daryosidan kanallar orqali olinadi. Mana shuning uchun ham uning suvi ilgarigidek Kaspiy dengiziga quyilmay qo‘ygan. Bu mamlakat yaqin vaqtlar ichida Oksus suvining yetishmasligi natijasida vayron bo‘ladi va sahroga aylanadi».
Jenkinsonning aytganicha bor ekanki, 1573 yilda Oksus – Amudaryo o‘z o‘zanini o‘zgartirishi natijasida Urganch, Vazir, Adoq, Tirsak shaharlari suvsizlik natijasida xarobaga aylanadi.
Yana uning xotiralariga qaytadigan bo‘lsak, 16 oktyabr kuni Urganch shahriga (hozirgi Ko‘xna Urganchga) kirib kelgani haqida shunday yozadi:
«Urganch shahri tekislikda joylashgan bo‘lib, atrofi 4 milga yaqin paxsa devor bilan o‘ralgan. Binosi ham paxsa devordan qurilgan, ammo xarobaga aylanayotgan va tartibsiz holda. Bitta uzun ko‘chasining usti bekitilgan, bu ko‘cha – ularning bozori. Shahar yetti yil mobaynida taxt uchun kechgan o‘zaro janjallar natijasida to‘rt marta qo‘ldan-qo‘lga o‘tgan. Shuning uchun u yerda savdogarlar kam va kambag‘al. Biz butun boshli shaharda jami to‘rt bo‘lak mato sotdik. Bu yerda sotilayotgan asosiy mollar Buxoro va Erondan keltirilardi, ammo shunchalik kamki, yozishga ham arzimaydi.
Kaspiy dengizidan tortib Urganchgacha bo‘lgan butun mamlakat turkmanlarga va yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan Azim (Hojimxon) xonga hamda uning besh kishidan iborat aka-ukalariga qarashli bo‘lgan. Ulardan bittasi – ulug‘ shoh yoki xon deb yuritiladi, ammo shaxsan qo‘li ostidagi va, hatto u o‘zi yashayotgan yerdagi kishilar ham unga yaxshi bo‘ysunmas edilar. Bu shaxslarning har qaysisi o‘z yerida mustaqil shoh bo‘lishni istar edi.
Biz 26 noyabrda Urganch shahridan jo‘nab ketdik...»
Shundan keyin Jenkinson Kat shahriga ham borib, u yerdan yana kelgan yo‘li bilan ortga qaytib, 1559 yilning bahorida Moskvaga kirib boradi. Ivan Grozniyga Xorazmda ko‘rgan-kechirganlari haqida so‘zlab, u yerdagi vaziyat haqida axborot beradi va xotiralarini qog‘ozga tushiradi. Garchi Jenkinson xotiralarida biroz xato va anglashimovchiliklar bo‘lsa-da, yozganlari XVI asrdagi Xorazm hayotini yorituvchi muhim manbalardan bo‘lib qoldi.
Ivan Grozniy esa o‘zining ochko‘z nazarini O‘rta Osiyoga qaratsa-da, Litva, Polsha va Daniya bilan bo‘lgan janglarda mag‘lubiyatga uchragach, Jenkinson tufayli ma’lumot olgan Xorazmga qilajak yurishi armonga aylanib qoldi.
Ha, Ivan Vasilevich Grozniy o‘z kasbini o‘zgartirmay, bosqinchlik yurishlari evaziga Rusiya hududini kengaytirgan podshoh va markazlashgan Buyuk Rus knyazi sifatida tarixda qoldi. Jenkinson xotiralari esa tariximizni o‘rganishda xizmat qiluvchi manbaga aylandi.
Umid BEKMUHAMMAD, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter