Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Italiyaliklarning O‘zbekiston haqidagi tasavvurlari, iqtisodiyotni raqamlashtirish...» Arduino kompaniyasidagi amaliyotchi hamyurtimiz bilan suhbat

«Italiyaliklarning O‘zbekiston haqidagi tasavvurlari, iqtisodiyotni raqamlashtirish...» Arduino kompaniyasidagi amaliyotchi hamyurtimiz bilan suhbat

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi doirasidagi intervyularni davom ettiramiz.

Navbatdagi suhbatdoshimiz Nodir Yusufov Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetini tamomlagan. Bugungi kunda Italiya Respublikasidagi Turin politexnika universiteti «Muhandislikda boshqaruv» yo‘nalishi magistratura bosqichida tahsil oladi.

M.: Nodir o‘zingiz haqingizda gapirib bersangiz — suhbatni shundan boshlasak.

N.Yu.: Bolaligimdan aniq fanlar, ayniqsa, fizika va matematikaga qiziqqanman. Shu boisdan bo‘lsa kerak, 2 — 9 sinflarda matematika fani olimpiadasining maktab bosqichida doim birinchi o‘rinni qo‘lga kiritardim.

Bakalavr bosqichini Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida oldim. Darvoqe, 2018-yilning bahorgi semestrini Global UGRAND dasturi g‘olibi bo‘lib, AQShdagi G‘arbiy Virjiniya universitida o‘qiganman.

Bakalavrni tamomlab bir muddat Innovatsion rivojlanish vazirligida yetakchi mutaxassis sifatida ishladim.

Hozirgi kunda Italiyada magistraturani davom ettiryapman.

M.: Nima uchun aynan Italiyada o‘qishga qaror qildingiz?

N.Yu.: Magistraturani «Muhandislikda boshqaruv» yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish bakalavr paytimdayoq rejamda bo‘lgan. Lekin aynan Italiyada o‘qish asosiy maqsad emas edi. Dastlab muhandislik sohasi eng taraqqiy etgan Germaniyada o‘qish uchun harakat qildim. Afsuski, DAAD (Germaniya akademik almashinuv) grant dasturining so‘nggi bosqichidan muvaffaqiyatli o‘ta olmadim. Biroq tushkunlikka tushmagan holda hujjatlarimni Italiyadagi Turin politexnika universitetiga yubordim va oliygohga qabul qilindim.

Ochig‘i, hozir Italiyaga kelganimdan afsusda emasman. Boisi, mamlakatga kelib hukumatning aholiga teng yashash sharoiti yaratib berganiga guvoh bo‘ldim. Masalan, Italiyaning kichik qishloqlarigacha zamonaviy va konditsionerlar bilan jihozlangan avtobuslar qatnaydi. Internet, onlayn xizmatlar kabi oddiy zaruriyatlar butun mamlakat bo‘ylab ta’minlangan.

Qolaversa, davlatda sanoatni klasterlab emas, balki mutaxassislik bo‘yicha rivojlantirish ishlari ham sanoatning aksariyat yo‘nalishlarida mamlakatni yaqqol yetakchiga aylantirgani sezilib turadi.

M.: Yuqorida Italiyaga ketishdan oldin Innovatsion rivojlanish vazirligida ishlaganingiz haqida gapirdingiz. Italiyada ham shunga o‘xshash vazirlik bormi? Bor bo‘lsa, o‘xshash va farqli jihatlari qanday?

N.Yu.: Bilishimcha, innovatsiyalar va ularni joriy qilish uchun alohida vazirlik tashkil etilmagan. Biroq Italiyada Ta’lim, universitetlar va tadqiqotlar vazirligi aynan shu sohalarga davlat budjetini yo‘naltirish, ushbu sohalardagi yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va boshqarish bilan shug‘ullanar ekan. Mening fikrimcha, asosiy farq aynan shundaki, universitetlar innovatsiyalar bilan shug‘ullanishni ancha oldin yo‘lga qo‘yib olgan va bu yagona bir davlat boshqaruv organi tomonidan nazorat qilinmaydi. Ya’ni har qanday innovatsiya kuchli bilimga ega professorlar nazorati ostida yosh talabalar tomonidan rivojlantiriladi va qachonki loyiha katta masshtabda joriy qilinayotgandagina yuqoridagi vazirlik grantlar ajratadi. O‘zbekistonda esa ana shunday erkin ishlaydigan tizim endigina barpo etila boshlandi. Masalan, OTMlar qoshidagi texnoparklar, kovorking markazlari va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlarni keltirish mumkin. O‘ylashimcha, endi bizga tadqiqotlarni oxirigacha olib borishdan qo‘rqmaydigan, o‘ziga ishongan axborotni yaxshi tahlil qila oladigan, o‘z navbatida, xorijiy tillarda erkin suhbat qura olib, chet tilidagi informatsiyalarni to‘g‘ri sintez qila oladigan mutaxassislar kerak.

M.: Sizningcha, mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun Italiyadan nimalarni o‘rganish mumkin?

N.Yu.: Ochig‘i, Italiya Yevropaning eng rivojlangan mamlakatlari Germaniya yoki Norvegiyachalik «digitalized», ya’ni raqamlashgan mamlakat emas. Ayniqsa, janubiy Italiyada iqtisod tarmoqlari raqamlashtirish darajasini yuqori deb bo‘lmaydi. Italiya pochtalarida haligacha ayrim to‘lovlarni qog‘ozli chek orqali to‘layotgan insonlarni ko‘rishingiz mumkin. O‘ylashimcha, biz aynan sanoatning yangi raqamli tizimlarini, onlayn platformalar, Industry 4.0 va Internet of Things (IoT)ning hozirgi iqtisodiyotimizga joriy etishni, yaxshisi, G‘arbiy yarimshardan o‘rganganimiz ma’qul.

Italiyadan esa elektron pul o‘tkazmalarini, jamoat transportidan foydalanish to‘lovlarini raqamlashtirishni, elektron «car-sharing» tizimlarini o‘rganishimiz mumkin. Misol uchun aytadigan bo‘lsam, aynan hozirgi karantin paytida onlayn do‘konlar va «door-to-door» — eshikdan eshikkacha yetkazib berish xizmatlarining qanchalik qulay va arzon yo‘lga qo‘yilganiligiga guvoh bo‘ldim. Sizga mabodo kiyim-kechak, xo‘jalik mollari, texnika kerak bo‘ladimi, xaridni uydan chiqmasdan, hech kimga telefon qilmasdan bemalol amalga oshira olasiz. Yetkazib berish xizmatlari ko‘pligi sabab narxlar arzon. Sotib olgan narsalaringiz qaysi nuqtada, qaysi holatda turganini istagan vaqtda muammosiz «track» — kuzatib borish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, agar uyda kam vaqt bo‘lsangiz, shahar bo‘ylab keng tarqalgan Amazon lockerlarni bemalol ishlatsangiz bo‘ladi.

M.: Italiyaliklar haqida taassurotlar qanday va ular O‘zbekiston haqida bilishadimi?

N.Yu.: Italiyaliklarning aksariyat urf-odatlarini o‘zimiznikilarga o‘xshataman. Misol uchun, haftaning dam olish kunlari nuroniylar boshchiligida butun oila bir dasturxon atrofiga to‘planishi, farzandlarga mehr-e’tibor ko‘rsatishi kabilarni aytishim mumkin.

Men Italiyaning shimol qismida yashayman. Bu yerda janubdagilarga nisbatan odamlar ko‘p ham mehmondo‘st va ochiqfe’l emas. Ya’ni ko‘chada kamdan-kam salomlashishadi. Muloqotlarda ham ortiqcha gap-so‘zlar qilishmaydi.

Italiyaga kelib yana bir e’tiborimni tortgan jihat mahalliy aholining g‘oyatda oilaparvar ekanligi bo‘ldi. Masalan, dam olish kunlari ko‘chalarda oilali erkaklarining uyida televizor ko‘rishdan ko‘ra, farzandlariga xavfsizlik kaskalarini kiydirib skeytbord, rolik, velosiped minishni o‘rgatayotganini ko‘rasiz.

Shuningdek mahalliy aholi jismoniy faollikka intilishadi. Ayniqsa, yoshlar va qariyalar ham tong sahar erinmay turib yugurayotgani, hatto, futbol o‘ynayotganiga ko‘p bor guvoh bo‘ldim.

O‘zbekiston haqida esa mahalliy aholi deyarli hech narsa bilishmaydi. Ammo aksariyat qariyalar Angelo Branduardining «Samarkanda» nomli qo‘shig‘i orqali O‘zbekistonning boy tarixga ega ekanligi, o‘zbek oshxonasi juda ko‘plab mazali taomlardan tashkil topganligi haqida bilishadi.

M.: Bo‘sh vaqtlaringizda nimalar bilan shug‘ullanasiz va kitob mutolaasiga ham hafsala bormi?

N.Yu.: Hozirda o‘qishdan tashqari sanoat va ta’limda qo‘llaniladigan mikrosxemalarni ishlab chiqaruvchi Arduino kompaniyasida amaliyot o‘tayapman. Arduino bilan joriy yilning yanvar oyida 6 oylik shartnoma imzolagan edim. Lekin koronavirus sabab orada bir muddat tanaffus bo‘ldi va shartnoma muddati sentyabr oyi oxirigacha uzaytirildi.

Kompaniyadagi asosiy vazifam Amazon onlayn platformasida kontent yaratish, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Fransiya, Ispaniya va AQSh onlayn bozorlarida mikrosxemalarga bo‘lgan talabning o‘zgarishiga ta’sir qiluvchi omillarni o‘rganish, talabga qarab narxlarni belgilash hamda haftalik hisobot topshirish kiradi.

Kitob mutolaasi bobida, ochig‘i, ish va o‘qish bilan bo‘lganim uchun hozir bunga vaqtim bo‘lmayapti. Ammo vaqt qilib Uolter Ayzeksonning 40 dan ortiq intervyular asosida yozilgan Stiv Jobs nomli biografik kitobini oxirigacha tugatib qo‘yishni rejalashtiryapman.

M.: Kegusidagi rejalaringiz qanday?

N.Yu.: Kelajakda albatta O‘zbekistonga qaytib, soham bo‘yicha faoliyat yuritishni maqsad qilganman. Lekin bu aynan qachon amalga oshishini bilmayman. O‘rganganlarimni amalda qo‘llaydigan sohalardan ishga taklif qilinsam, magistr diplomini oliboq qaytishim mumkin. Lekin Yevropada shaxsiy va professional rivojlanishimga imkoniyat yaratadigan ish taklifi bo‘lsa, ma’lum muddat shu yerda ishlab malaka oshirish niyatim ham yo‘q emas.

Albatta, hammasini vaqt ko‘rsatadi.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring