O‘zbekiston yoshlarini ishsizlikdan nima qutqaradi? «IT-Park» maslahatchisi janob Partasarti bilan eksklyuziv intervyu (video)
O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil qiladi. Bu — mamlakatimizda ishchi kuchi salohiyati juda yuqori ekanligini anglatadi. Lekin ular tayyor kadr sifatida shakllanmagan bo‘lsa-chi? Oliy ta’lim muassasalarimiz bu yoshlarning o‘ndan birini ham o‘qishga qabul qilishga qodir emas. Demak, oliy ma’lumotli bo‘lishga ko‘pchilikda imkon yo‘q. Qolaversa, kasb-hunar kollejlari tizimi o‘zini to‘la oqlay olmadi. Bunday murakkab vaziyatda yoshlarni foydali kasblarga yo‘naltirish uchun nima qilish kerak?
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili Hindistonga rasmiy tashrifi davomida ushbu mamlakatdagi «IT-Park»lar bilan tanishib, O‘zbekistonda ham shunday texnoparklar yaratish g‘oyasini ilgari surdi.
Xalqaro tajriba ko‘rsatadiki, muvaffaqiyatli IT-mutaxassis bo‘lish uchun oliy ma’lumotga ega bo‘lish shart emas. Toshkentda tashkil qilingan «IT-Park» ham oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan, lekin IT-mutaxassislik asoslarini o‘rganishni maqsad qilgan, intiluvchan yoshlarga alohida e’tibor qaratishni rejalashtirmoqda.
«IT-Park» Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Toshkent shahridagi Inha universitetiga yaqin joylashadi. Hozirda qurilish ishlari yakunlanish arafasida.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan barpo etilayotgan ushbu «IT-Park» loyihasini amalga oshirishda Hindistondan tajribali mutaxassis, maslahatchi Jayaram Partasarti taklif qilingan. U bilan «Xabar.uz» uchun eksklyuziv intervyu uyushtirdik.
— Assalomu alaykum, janob Partasarti. O‘zbekistonga xush kelibsiz!..
— Vaalaykum assalom! Rahmat. Men Hindistonning Elektronika va axborot texnologiyalari vazirligi tizimida ishlayman va dunyodagi turli loyihalarni o‘rganganman. Bilasizmi, axborot texnologiyalari hozirda ko‘plab yoshlarga yangi ish o‘rinlarini yaratib beryapti. Dunyo taraqqiylashib borgani sari IT haqida yanayam ko‘proq bilish, o‘rganish kerak bo‘lyapti. Barcha davlatlar hozirda ITni rivojlantirishga katta urg‘u bermoqda, bu yo‘nalishda turli loyihalarni rejalashtiryapti. O‘zbekiston ham aynan shu yo‘ldan bormoqda. Bu borada asosiy tashabbuskor — O‘zbekiston Prezidentiga tashakkur bildirishimiz kerak.
O‘zbekiston yaratishni istayotgan yangi ekotizimda yosh avlodning axborot texnologiyalari sohasiga kirib kelishi muhim o‘rin tutadi. O‘tgan yili Hindistonda yurtingizdan kelgan delegatsiya ishtirokidagi bir tadbirda Bosh vazir bilan uchrashib qoldik. Biz Hindistonda AKT sohasi jadal o‘sib borayotgani haqida fikr almashdik. Avvallari rivojlangan davlatlar qatoriga kirmasdik, lekin IT sohasidagi natijalar orqali o‘z o‘rnimizga ega bo‘lib boryapmiz. So‘nggi yillarda axborot texnologiyalari bo‘yicha dunyoning yetakchi davlatlari qatoridamiz.
Biz O‘zbekiston Bosh vaziri bilan mamlakat IT-sanoatining rivojlanishiga ko‘maklashish, IT sohasida ish o‘rinlarini yaratish uchun qulay muhit tashkil qilish haqida suhbatlashdik. Mana, meni O‘zbekistonga taklif qilishdi va endilikda «IT-Park» direktori janob Farhod Ibragimov bilan birgalikda ish faoliyatimni olib boryapman. Men loyihani amalga oshirishda yordam beryapman, o‘z bilim va tajribalarimni ulashyapman.
— O‘zbekistonda texnoparklarga qanchalik ehtiyoj bor va u mamlakatga nima beradi?
— IT sohasi juda jadal o‘sib bormoqda. Ba’zida ishni boshlash oson bo‘ladi, davomi esa qiyinlashishi mumkin. Shunda mening Hindistonda orttirgan bilim va tajribalarim asqotishi mumkin. Men hukumatingiz bilan birgalikda yoshlarga IT sohasida o‘z o‘rnini topishiga yordam berish uchun kelganman. Siz so‘rashingiz mumkin, texnopark buning uchun qanday vazifani bajaradi, deb?
Grek matematigi Arximedga o‘xshab to‘satdan g‘oya paydo bo‘lib qoladigan, zamonaviy tilda aytganda, startapchilarning barchasi uchun «IT-Park» umumiy joy hisoblanadi. Yoshlar to‘satdan g‘oya kelganda nima qilishini, g‘oyadan qanday foydalanish kerakligini, har qanday vaqtda ham undan mahsulot yaratish mumkinligi bilishmaydi. Bu holda ularning bizga kelishlarini va ularga yordam berishni xohlaymiz. Ular «IT-Park» veb-sayti orqali ariza topshirishlari va safimizga qo‘shilishlari mumkin. Ariza topshirganda biz barcha mos jihatlarni inobatga olamiz, masalan: «Uning g‘oyasi nima? Bu g‘oya insonlarga qanday yordam berishi mumkin? U tijoriy maqsadda bo‘ladimi? Qachon uni bizga olib kelib, qabul hay’atiga ko‘rsatasiz?» — shunga o‘xshash eng asosiy savollarni berib ko‘ramiz.
Qabul hay’ati men kabi shu sohada ishlayotgan odamlar va akademiya olimlari, soha mutaxassislaridan tashkil topadi. Biz bildirilgan taklifni tahlil qilamiz, agar chindan ham g‘oya tengsiz deb topilsa, unda biz uning muallifiga yordam beramiz. Boshqa biznes ta’siri ostida bo‘lmagan, shunchaki g‘oyasi bo‘lgan shaxs uchun «treker» va «mentor»larni olib kelamiz. Loyiha qanday moliyalashtirilishini, qanday marketing qilinishini, odamlar bilan qanday shug‘ullanishni, g‘oyani qanday qilib mahsulotga aylantirish mumkinligini, xullas, texnoparkning barcha faoliyat turlarini o‘rgatamiz.
— Bu jarayon nimadan boshlanadi? «IT-Park» nimasi bilan boshqa texnoparklardan ajralib turadi?
— Barcha «IT-Park»larda jarayon inkubatsiya dasturidan boshlanadi. Ammo bu texnopark boshqalardan umuman farq qiladi. Bu — ekotizimga kirish imkonini beradi. Yana shuni takrorlab o‘tishim kerakki, g‘oyani to‘g‘ri boshlash bu tadbirkorlik sohasida ulkan muvaffaqiyatga erishish degani. Agar siz qanaqadir o‘simlik yoki daraxt o‘stirmoqchi bo‘lsangiz, unga yaxshi tuproq, sifatli o‘g‘it, yaxshi parvarish talab etiladi. Ekotizimimizga kelgan startapchilarga ham xuddi shunday g‘amxo‘rlik qilamiz, bizda buning uchun mentorlar, trekerlar bor. Biz ularga g‘oyalar nimaligini, bu sohadagi biznes ta’limi qanday bo‘lishini, hammasini o‘rgatamiz. Uning tushunchasi «axborot tizimi» darajasida bo‘lsa, biz uni «pitch» darajasiga olib chiqamiz. «Pitch» — bu mahsulotni investorlarga oshkor qilish va moliyalashtirishda unga yordam berish imkoniyati degani.
Yosh niholni parvarish qilishda sizga bir qancha qo‘llab-quvvatlovchi tizim lozim bo‘ladi. Xuddi moliyalashtirish startapchilar uchun juda va juda muhimligiga o‘xshab. Shuning uchun ham, akselerator dasturiga minimal hayotiy mahsulotni o‘stiradigan ushbu «IT-Park»da startap fondini tashkil qilmoqchimiz. Biz Angel funding — seed funding (boshlang‘ich kapital) uslubida moliyalashtirish yordamlarini ko‘rsatamiz.
Shu sababli ham bizning texnopark boshqa texnoparklardan ajralib turadi. Lekin, startap, inkubatsiya, akseleratsiya, mentorlar, fondlar va kovorking markazlari — bularning barchasi bizning umumiy ekotizimimizga aylanib bormoqda.
Shu bilan birgalikda, biz IT-akademiyani ham tashkil qilmoqchimiz. IT-akademiya hozirda zarur bo‘lgan ixtisoslashtirilgan fanlarni o‘rgatadi. Bu «Python» tili bo‘lishi mumkin, balki sun’iy intellekt yoki bulutli texnologiyaga asoslangan, yo bo‘lmasam, kiberxavfsizlik, blokcheyn... xullas shunga o‘xshash yangi texnologiyalar va dasturlar o‘rgatiladi. Chuqur bilim olgan yoshlar ertaga shu soha sanoatida katta foyda beradi. Shuning uchun bu yerda startap, akselerator, kovorking markazlari, IT-akademiya va haftasiga 24 soat ishlovchi muhit paydo bo‘lyapti. Biz yaratayotgan butun tizimni IT-ekosferasi deb nomlashimiz mumkin. Shuning uchun ham, ushbu IT-Park boshqalaridan ajralib turadi.
— Texnopark haqida ekotizim so‘zini ko‘p ishlatyapsiz. Buni qanday tushunish kerak?
— Texnopark haqida ko‘pchilik: Nega aynan «IT-Park»? U qanday vazifalar bajaradi? G‘aroyib texnologiyalar yasay oladimi? kabi shunga o‘xshash savollar bilan murojaat qilishyapti. Bu texnopark qandaydir zavod emas. U, umuman olganda, ekotizimga o‘xshaydi, siz hozir faqat ta’mirlanayotgan binoni o‘zinigina ko‘ryapsiz, kelajakda biz akseleratsiya va startap boshqaruv ofislarini ham barpo qilmoqchimiz. Bitta binoni biz kovorking markazi qilamiz. Katta kompaniyalarning vazifasi startaplarni rivojlantirishdir, ular bu orqali yanayam o‘sib, yaxshiroq kompaniyalarga aylanishadi. Texnoparkka 500tacha kompaniya kelishi va ishtirok etishi kutilmoqda, biz yirik konferensiya zali, bundan tashqari, muhokamalar uchun mo‘ljallangan xonalar, 24 soat ishlaydigan kompaniyalar xodimlari uchun dam olish xonalarini tashkil qilmoqchimiz.
Biz birinchi bo‘lib ushbu binoni ta’mirlashdan boshladik. Buning atrofida boshqa faoliyatlar uchun ikkita-uchta qo‘shimcha bino paydo bo‘ladi. Xulosa qilib aytganda, bu shunchaki texnopark bo‘lmaydi, biz texnoekotizim yaratamiz!
«IT-Park» — yangi innovatsion makon bo‘lib, unda yosh mutaxassislar IT-mahsulotlar ustida ishlaydilar va jamiyatning axborot sohasini rivojlantiradilar.
Ushbu texnopark odamlarga, ayniqsa, innovatsion tadbirkorlik g‘oyalarini dasturiy mahsulot sifatida rivojlantiruvchi yoshlarga katta yordam beradi. Birgina mahsulotni yaratish va uni rivojlantirish ko‘pgina yoshlar uchun ishga joylashish imkoniyatini beradi. Bir marta yaratilgan mahsulot intellektual mulk sifatida keng miqyosda foydalaniladi. Bu texnoparkning kichik bir funksiyasi ishga tushganini va u dunyo miqyosida mashhur bo‘la boshlaganini bildiradi.
Odamlarda g‘oya bo‘lishi mumkin. G‘oya bu — jo‘ja ochadigan tuxumga o‘xshaydi. Unga mos harorat, to‘g‘ri namlik, qulay sharoit va muhit kerak bo‘ladi. Yoshlar texnopark qabul hay’atiga o‘z g‘oyalarini olib kelishadi. Qabul hay’ati uni tahlil qilib, mentorlar, murabbiylar va birgalikda shug‘ullanadigan mutaxassislarni yig‘ib, jamoaviy harakat qiluvchi ekotizim yaratadi. Mahsulot g‘oyasi — minimal hayotiy mahsulotga aylantiriladi. Minimal hayotiy mahsulot qabul hay’atiga chuqur o‘rganib chiqish uchun taqdim etiladi. Shu tarzda investorlar mahsulotni o‘rganib, unga qiziqish bildirishadi va uning joriy qilinishiga yordam berishadi. Shuning uchun ham g‘oyadan yaratilgan minimal hayotiy mahsulot — bozorbop minimal hayotiy mahsulotga aylanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev jahonning AKT yutuqlarini mamlakatga olib kirishni xohlaydi. O‘zbekiston hukumati, jumladan, AKT vazirligi bizga eng dastlabki ekotizim uchun zarur bo‘lgan qulayliklarni yaratib berishdi. «IT-Park»da hali barcha sharoitlar bo‘ladi. Qisqa qilib aytganda, o‘z startapi bilan bizga kim kelishidan qat’i nazar, u albatta, kelajakda bu yerdan tadbirkor bo‘lib chiqib ketadi.
— Texnoparkda Hindiston tajribasi qo‘llaniladi. Bu tajriba haqida batafsilroq bilishni istardik.
— «IT-Park» ekotizimi, yuqorida izohlab o‘tganimdek, barcha yoshlarga imkoniyat eshiklarini ochib beradi. Balki u kollej talabasidir, balki maktab o‘quvchisi, kim bo‘lishidan qat’i nazar g‘oyasiga ega bo‘lgan har qanday odam kelishi va bu g‘oyani tadbirkorlikka aylantiradigan, ko‘proq ishlash imkonini beradigan startapga qo‘shilishi mumkin.
Bu borada men Hindistondagi tajribalarni ulashishim mumkin. Hozirgi kunda Hindistonda 4 million kishi IT sohasida professional tarzda ishlab kelmoqda. Sababi, boshqa ishga joylashish imkoniyati past bo‘lishi barobarida, IT sohasining daromadi yuqoriroq. IT sohasi qishloq xo‘jaligiga, tibbiyot tizimiga, avtomobil sektoriga, elektron tijoratga, turizm va boshqa sohalarga kirib borgan va u sohalar rivojida o‘z ko‘magini bermoqda.
Hindiston tajribasiga ko‘ra, IT sohasi boshqa sohalarda 3-4 ta yana qo‘shimcha ish muhitlarini yaratmoqda. Shuning uchun ham ishonchim komilki, IT orqali O‘zbekistonda ham yoshlar uchun ko‘plab ish o‘rinlari yaratiladi va ular global darajaga ko‘tarila olishadi. Ular mahalliy g‘oya yoki tushuncha bilan ish boshlashsa-da, mahsuloti yoki xizmatlarini internet va bulutli texnologiyalar orqali global bozorga olib chiqishlari mumkin bo‘ladi. Biz hammamiz «Facebook» dunyo bo‘ylab ishlatilishini bilamiz. Bugungi kunda mobil telefon chegaralarni yo‘qqa chiqardi. Tasavvur qiling, agar biror yosh mutaxassis «IT-Park»da o‘tirib, ko‘ngildagidek mahsulot yoki xizmat turini yaratadi, uni millionlab foydalanuvchilar o‘z mobil telefonlariga ko‘chirib oladi. Shu tarzda bitta omadli ilova yaratilsa, u «yakkashox»ga (bir milliard dollar foyda keltirgan kompaniya) aylanadi. Agar shunday «yakkashox»dan 10tasi vujudga kelsa, tasavvur qiling-a, bu O‘zbekistonga qancha qiymatdagi foyda olib keladi!
Bizda, Hindistonda shunday 25ta «yakkashox-kompaniya» bor. Bu 25 «yakkashox»ning umumiy narxi 85 milliard dollardan ortiq. Tasavvur qiling-a, agar keyingi 5 yil ichida O‘zbekistonga beshta «yakkashox» kelsa, unda ularda aniq 50 milliard dollardan ziyod sarmoya bo‘ladi.
Bugungi kunda Hindiston IT eksportidan tushadigan daromad 176 mlrd. AQSh dollarida baholanadi, bu 4 million odamga ajratilgan ish o‘rniga bog‘liq ravishda. Ushbu «IT-Park» O‘zbekistonga ham shu darajadagi imkoniyatlarni beryapti. Bu esa o‘zbek yoshlariga global miqyosda tadbirkor bo‘lishlari uchun katta yo‘l ochadi. Hukumatdan ish so‘rash o‘rniga hozirgi yoshlar ish o‘rinlarini o‘zlari yaratishadi. Bu yo‘lda «IT-Park» o‘zbek yoshlariga yordam beradi. Biz «IT-Park»ni O‘zbekistonning turli viloyatlarida ham ochmoqchimiz. Uning dasturi va IT-akademiyasi o‘zbek yoshlaridagi mavjud muammolarni kamaytiradi. Shuning uchun ham, «IT-Park» konsepsiyasi ajoyib g‘oya va uni barpo qilingani uchun muhtaram Prezidentga, Bosh vazirga hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga minnatdorlik bildiraman. Ishonchim komil, O‘zbekiston qisqa vaqt ichida MDH mintaqasining IT-markaziga aylanadi.
— «IT-Park» kimlarga ko‘mak beradi? Uning a’zolariga qanday imtiyozlar bor?
— Yuqorida tushuntirib o‘tganimdek, ekotizimga va «IT-Park»ka kirishni xohlagan barchaga yordam beradi. Bizda 3 turdagi takliflar bor: bittasi startap, ikkinchisi akseleratsiya, uchinchisi kovorking markazi. Startap uchun har qanday o‘zbekistonlik, mustaqil shaxs yoki kollej talabasi bo‘ladimi, qaysi birida tushuncha bo‘lsa, keladi va ariza topshiradi.
Ekotizim haqida yuqorida izohlab o‘tganimdek, «IT-Park»da 3ta asosiy faoliyat turi mavjud:
- Startap
- Akseleratsiya
- Ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan kovorking markazlari.
Startap dasturimizda minimal hayotiy mahsulot tushunchasini shakllantirishni xohlagan har qanday kishi ariza topshirish imkoniga ega. Lekin u O‘zbekistonning yuridik shaxsi bo‘lishi kerak. U yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi lozim. Unda minimal hayotiy mahsulot bor bo‘lsayu, mahsulotni allaqachon akseleratsiyaga kirita olsa, unda mentorlik, pitching, moliyalashtirishdan o‘tish imkoni paydo bo‘ladi. Bu bosqichlar tadbirkorlikka olib boradi.
Boshqa bir hududda esa kovorking markazi joylashgan bo‘ladi. Chunki u hind tajribasiga asoslangan. Hindiston IT eksportni yo‘lga qo‘yishni boshlanganida amerikaliklar, asosan g‘arbliklar uchun autsorsing odamlarga aylanganmiz. Bunday autsorsing jarayoni eng yaxshi tajriba konsepsiyasini tushunib olishimizga yordam bergan. Shuning uchun ham eksportdan daromad olishni xohlovchilar kovorking markaziga kelishi, autsorsing xizmatlari va IT-eksportga yo‘naltirilgan yuridik shaxs bo‘lishi kerak. Hattoki, chet eldagi kompaniyalar ham O‘zbekiston qonunchiligi asosida tegishli mahalliy yuridik shaxslar bilan birgalikda qonuniy korxona tuzib, bizning rezidentimiz bo‘lishi mumkin.
Autsorsingning bu yerda ko‘pgina afzallik taraflari mavjud. O‘zbekiston geografik jihatdan yaxshi joyda joylashgan va bu autsorsing biznesi uchun muhim jihat.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, yoshlar IT tadbirkor bo‘lib yetishishi uchun akseleratsiya dasturi va startapdagi zaruriy barcha bilimlarni o‘zlashtirib olishlari ularga manfaatli bo‘ladi. Ular texnopark tarkibidagi IT-Akademiya orqali o‘z bilimlarini mustahkamlab olishlari mumkin. Shuningdek, ularga kovorking imkoniyatlari, rezident sifatida O‘zbekiston hukumati tomonidan beriladigan yagona soliq va imtiyozlar hamda IT eksporti uchun qiyinchiliksiz kerakli infratuzilmaga ega bo‘la olish imkoniyatlari beriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter