IT Park faoliyatiga katta-katta kompaniyalar ishonmoqda...
AKT vaziri Sherzod Shermatov ijtimoiy tarmoqda tarqalgan ma’lumotlarga munosabat bildirdi.
«Davlat budjetidan bir so‘m ham mablag‘ yoki subsidiyalangan kredit olmasdan 2017-yilgacha rasman deyarli yo‘q bo‘lgan (asosan norasmiy ishlangan) AyTi sohasi bu yil 100 mln dollardan ortiq rasmiy eksportga erishishi kutilmoqda.
AyTi sohasida ish bilan band bo‘lganlarning umumiy soni (rezidentlarda ishlaydiganlar va rasman frilanser bo‘lib ro‘yxatdan o‘tganlar) an’anaviy aloqa sohasidagilarnikidan oshdi. Bu albatta IT Park komandasining to‘g‘ri ishlagani sabablidir. Shu vaqtgacha bu komandaga umuman yordam bermagan odamlar yo‘q joydan hozir ularni qoralashga harakat qilayotgani esa achinarli xol…
24 iyul kuni o‘tkazilgan IT Park Rewind tadbirida Birlashgan Arab Amirligi, Germaniya, Hindiston, Rossiya, Belarus davlatlaridan mehmonlar kelib, O‘zbekistonni AyTi xabga aylantirish va eksportni yanada oshirish bo‘yicha vazifalarni muhokama qilishgandi. Batafsil ma’lumot ushbu videoda va saytda: https://it-park.uz/ru/itpark/news/kak-proshel-it-park-rewind-2022
Tadbirdan so‘ng hozirgi kungacha IT Park rezidentlari soni 174 nafarga oshdi, shundan 56tasi eksportyor. Bu esa yana qo‘shimcha 2000dan ortiq ishchi o‘rinlari degani. Kichkina emas, balki 400dan ortiq mehmonlar (soha xodimlari va ASTRUM o‘quvchilari bilan hisoblasa 1000ga yaqin) qatnashgan tadbir 819 mln so‘mga tushgan ekan, nechta bolani bu pulga o‘qitsa bo‘ladi deyishibdi. INHA yoki AMITIda 1 yil o‘qish 30 mln atrofida bo‘lsa, 4 yilda bir bolaga 120 mln ketadi, ya’ni bu pulga 7 nafar bolani bakalavrga o‘qitsa bo‘ladi. Uniyam qilish kerak albatta (shuning uchun INHAga Prezidentimiz 100 ta grant ajratib berdilar), lekin bu tadbir ham muhim.
Xullas, yoki IT Park faoliyatiga endi katta-katta kompaniyalar ishonib, O‘zbekistonga autsorsni ko‘paytirib turgan vaqtda unga xalaqit qilmasdan kelgusi katta marra eksportni 1 mlrd dollarga olib chiqish ustida birgalikda ishlashimiz kerak yoki mayda g‘iybat gaplar bilan ularni ham qo‘lini sovutib, O‘zbekistonni AyTi autsorsing xabiga aylantirish fikridan voz kechishimiz kerak», deya qayd etdi soha rahbari.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, IT Park rezidentlarining eksport hajmi keskin ortgani qayd etilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter