Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo‘yicha «Taraqqiyot» respublika tanlovi o‘tkaziladi

Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo‘yicha «Taraqqiyot» respublika tanlovi o‘tkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 maydagi “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq istiqbolli boshqaruv kadrlarining tizimli asosda tanlab olinishini ta’minlash, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlari tizimida ularning kasbiy malakasini uzluksiz oshirib borishga ko‘maklashish maqsadida har 3 yilda istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo‘yicha “Taraqqiyot” respublika tanlovi o‘kaziladi.
Tanlovda tayanch oliy ma’lumotga va tegishli sohada rahbarlik lavozimida kamida uch yillik ish tajribasiga ega, 30 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan (45 yosh ham qo‘shilgan holda) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etishi mumkin.
“Taraqqiyot” respublika tanlovida talabgorlar 16 ta nominatsiya bo‘yicha o‘z sohasidan kelib chiqib ishtirok etishi mumkin. Xususan:
1. Davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi. 
2. Sud-huquq sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
3. Moliya-kredit sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
4. Sanoat sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
5. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
6. Qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
7. Arxitektura va qurilish sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
8. Kommunal xo‘jalik sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
9. Soliq va bojxona sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
10. Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
11. Ta’lim, fan va innovatsiya sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
12. Sog‘liqni saqlash sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
13. Madaniyat, san’at va sport sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
14. Tashqi siyosat, tashqi iqtisodiy faoliyat va turizm sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
15. Makroiqtisodiyot va hududiy rivojlanish sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
16. Transport va logistika sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.
Davlat tashkilotlarida mehnat qilayotgan ishtirokchilarning tanlovda ishtirok etish davrida egallab turgan lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.
Tanlov g‘oliblariga eng kam ish haqining 50 baravari miqdorida, final bosqichining qolgan ishtirokchilariga esa eng kam ish haqining 25 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti to‘lanadi. Tanlov final bosqichining qolgan ishtirokchilari tegishli sohaning boshqaruv kadrlari zaxirasiga kiritiladi.
Tanlov g‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi bazasida tegishli sohaga oid vazirliklar, idoralar, yirik kompaniyalar rahbarlari, mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda olimlar ishtirokida o‘tkaziladigan, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida tanlovning tegishli nominatsiyalari yuzasidan stajirovka o‘tashni o‘z ichiga oladigan «Boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha Prezident dasturi»ga muvofiq uch oylik kurslarda o‘qiydi. Kurslarni tamomlagach, tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha davlat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlariga tayinlanadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun talabgorlar 2018 yilning 1 oktyabridan 30 oktyabriga qadar onlayn ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Batafsil ma’lumot taraqqiyot-tanlov.uz portalida joylashgan. 
Mazkur portaldan ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng talabgor anketasi to‘ldiriladi. Unda talabgor haqida to‘liq ma’lumotlar bazasi qamrab olinadi. 
Tanlov ishtirokchilari anketada belgilangan shakldagi ishonchli ma’lumotni ko‘rsatishi shart. Anketaga noto‘g‘ri ma’lumotni kiritish ishtirokchini tanlovdan chetlatishga sabab bo‘lishi mumkin.
Ishtirokchilarning anketalarini o‘rganish uchun ishchi guruh tarkibi tanlov komissiyalari tomonidan shakllantiriladi. Ishchi guruhlari soni va ularning a’zolari tarkibi har bir nominatsiyaga taqdim etilgan arizalar soniga bog‘liq holda shakllanadi. 
Tanlov ishtirokchilari o‘zlari tomonidan taqdim etilgan anketa qaysi nominatsiyaga tegishli bo‘lishini mustaqil ravishda belgilaydi. Anketa ko‘rib chiqilayotganda ishchi guruh vakillari anketada ishtirok etgan shaxs ko‘rsatgan sohadagi ish tajribasiga qarab nomzodlikni o‘zgartirishni tavsiya etish huquqiga ega bo‘ladi. 
Tanlovning veb-portalida keyingi tanlov turida ishtirok etuvchilar ro‘yxati, tanlov o‘tkazilish kuni, joyi e’lon qilib boriladi.
Veb-portalga kelib tushgan anketalar o‘rganiladi, talabgorlar aqliy salohiyat (IQ-test), psixologik barqarorlik, xorijiy tillarni bilishi, siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlardan xabardorlik darajasi bo‘yicha onlayn testdan o‘tkaziladi.
Xorijiy tilni bilish darajasi rasmiy tasdiqlangani haqidagi xalqaro sertifikatlar mavjud bo‘lgan (V2 – CEFR (Common European Framework of Reference), 5,5 ball – IELTS (International English Language Testing System) va 72 ball – TOEFL (Test of English as a Foreign Language) ishtirokchilar xorijiy tillarni bilishi darajasi bo‘yicha testlardan ozod qilinadi. Ushbu ishtirokchilarga tanlovda maksimal ball qo‘shib beriladi.
Yozma sinovlar va stajirovka bosqichida onlayn testlardan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlarga yozma tahliliy materiallar (ma’ruza) tayyorlash uchun har bir nominatsiya bo‘yicha muammoli, amaliyot bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan, tahliliy fikrlashni nazarda tutuvchi, har biri 5 savolni qamrab oluvchi tezislar beriladi.
Talabgorlar tomonidan tegishli nominatsiyalar kesimida 5 savolni qamrab olgan mavzu bo‘yicha tayyorlangan yozma tahliliy materiallarni (ma’ruzalar) tekshirish natijasida ishtirok etuvchilardan 300 nafar talabgorlar tanlab olinadi.
Talabgorlarning guruhda ishlash ko‘nikmasi, professionallik darajasi va boshqaruv qobiliyatini aniqlash maqsadida tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari, davlat tashkiloti va idoralariga bir oylik stajirovka o‘tash uchun jo‘natiladi.
Bir oylik stajirovka va talabgorlarning tashkilotchilik qobiliyati va boshqaruvchilik salohiyatini aniqlashga qaratilgan yozma test sinovi natijalariga asosan tanlovning final bosqichiga tavsiya etilgan 150 nafar talabgor aniqlanadi.
Guruhlarda muammoli vaziyatlarni (keyslar) yechish va suhbat jarayoni bo‘yicha tanlovning final bosqichiga tavsiya etilgan 150 nafar talabgorning ro‘yxati, sinovlar o‘tkaziladigan sana, vaqt, joy va shartlari tanlovning veb-portalida e’lon qilinadi. Keyslarni yechish jarayoni va talabgorlarning har biri bilan shaxsan o‘tkaziladigan suhbat natijalariga ko‘ra tanlovning 50 nafar g‘olibi aniqlanadi.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring