Iste’molchilar kayfiyati indeksi e’lon qilindi (sentyabr)
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi iste’molchilar kayfiyatini aniqlash bo‘yicha har oylik so‘rov natijalarini e’lon qildi (Iste’molchilar kayfiyati indeksi). Sentyabr oyi uchun o‘tkazilgan so‘rovda jami 3 500 dan ortiq kishi ishtirok etib, aholining barcha qatlamini — jinsi, yoshi, daromadi va ma’lumoti bo‘yicha kategoriyalarni qamrab olgan.
Iste’molchilar kayfiyati indeksi xalqaro tan olingan metodologiyaga muvofiq hisoblanadi.
Ma’lumot uchun: Iste’molchilar kayfiyati indeksi iqtisodiy indikator bo‘lib, aholi (uy xo‘jaliklari)ning mamlakatning iqtisodiy holati haqidagi fikrlarini baholashga xizmat qiladi. Mazkur indeks ikkita qism – iste’molchilar tomonidan joriy iqtisodiy holat va ularning kelgusidagi kutilmalari baholaridan tashkil topgan. Odatda kutilmalar iqtisodiyot o‘sayotganda yaxshi, pasayayotganda esa yomonroq bo‘ladi.
Indeks 0 dan 200 gacha intervalda bo‘lib, uning 100 dan baland bo‘lishi aholi orasida iqtisodiyotda optimistik kutilmalarning kuchliligini anglatadi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, sentyabr oyida Iste’molchilar kayfiyati indeksi 90 bandni tashkil etdi (avgustda — 87 band) va bu ko‘rsatkich o‘tgan 5 oyga nisbatan eng yuqori hisoblanadi.
Ma’lumot berilishicha, xuddi shunday indeks sentyabr oyida AQShda — 79, Buyuk Britaniyada — 75, Rossiyada — 89 bandni tashkil etgan. Avgust oyida esa bu indeks Ukrainada — 68, Turkiyada — 82, Janubiy Koreyada — 79 bandga teng bo‘lgan.
Hududlar bo‘yicha eng katta ko‘tarilish Sirdaryo (+12 band), Qashqadaryo (+6) va Xorazm (+5) viloyatlarida qayd etilgan bo‘lsa, eng katta pasayish Buxoro (-4) va Navoiy (-4) viloyatlarida kuzatilgan.
Joriy holat
Sentyabr oyida ishchi o‘rinlar soni o‘tgan 6 oyga nisbatan ko‘payganini ma’lum qilganlar ulushi o‘tgan oydagi ko‘rsatkich 13 foizdan 19,1 foizga yetgan. Shu bilan birga, ishchi o‘rinlari soni qisqarishini ko‘rsatganlar ulushi o‘tgan 4 oyga nisbatan eng kam hisoblanadi.
Kutilmalar
Iste’molchilarning kelgusidagi umumiy kutilmalarida optimistik kayfiyat kuzatilib, o‘tgan oydagi ko‘rsatkichdan 1 bandga ortib, 109 bandni tashkil etdi.
Mazkur oyda respublikaning barcha hududlarida aholining kutilmalarida ijobiy holat qayd etildi. Xususan, so‘rovda qatnashganlarning 36 foiz kelgusida mamlakatning iqtisodiy holati yaxshilanishini, 25 foiz esa yomonlashishini kutayotganini bildirgan. 39 foiz respondentlar esa mamlakatdagi iqtisodiy holat o‘zgarmasligini ma’lum qilgan.
Shuningdek, 25 foiz ishtirokchi kelgusida o‘zining daromadi ko‘payishini kutmoqda.
Shu bilan birga, keyingi 6 oyda ishchi o‘rinlari soni ko‘payishini kutayotganlar 30 foizni tashkil etgan va mazkur ulush o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarmagan.
Sentyab oyida so‘rovda qatnashganlarning 78 foizi ma’lum qilishicha, davlat tomonidan ko‘rilayotgan inqirozga qarshi choralar yetarli bo‘lmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter