Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Istasangiz, o‘qishga kiritamiz, xohlasangiz, diplom olib beramiz»

«Istasangiz, o‘qishga kiritamiz, xohlasangiz, diplom olib beramiz»

Foto: Telegram / @raisbuva_uz

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudi o‘zganing ishonchiga kirib, firibgarlik jinoyatini sodir etgan fuqaro I.L.ning ustidan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga sud raisi R.Orziqulov xabar berdi.

Sud hujjatlarida qayd etilishicha, Sharof Rashidov tumanida yashovchi sudlanuvchi I.L. fuqaro O.O.dan qizi Z.O.ni Jizzax tibbiyot kollejiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 2,5 mln. so‘m oladi. Rejasiga ko‘ra qiz o‘z bilimi bilan o‘qishga kirib ketishi, belni og‘ritmay topilgan millionlar esa yoniga qolishi kerak edi.

Biroq u kutgan ish ro‘y bermadi. Qiz o‘qishga kirolmadi. Tabiiyki, kelishilgan summani qurtday sanab bergan ota va’dasini bajara olmagan «dallol»dan pulni qaytarishni talab qildi. Shu onda I.L.ning miyasiga boshqa nayrang kelib qoldi: «Qizingizga o‘qishga bormasdan diplom olib bersam, nima deysiz?».

Farzandini o‘qishga pul berib kiritmoqchi bo‘lgan ota bu taklifga yo‘q dermidi?! Jon deydi albatta. Fuqaro O.O. ham bu taklifga ko‘nadi va buning uchun 1,5 mln. so‘m «sanaydi».

O‘qishga olib kira olmagan odam tibbiyot kollejining diplomini olib bera olmarmidi? Afsuski, fuqaro O.O. buni anglab yetganida kech bo‘lgan edi. Shundan so‘ng u huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qildi.

Ish tergovdan sudga oshdi. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro I.L. ayol boshi bilan ilgari firibgarligi uchun 7 marta sudlangan, ammo to‘g‘ri yo‘lga qaytmagan. Ya’ni o‘tgan yillar mobaynida unga nisbatan qo‘llangan jazo-yu amnistiya aktlari kutilgan natijani bermagan. Mana, u yana panjara ortida.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining 2018-yil 7-iyundagi hukmi bilan I.L.ga qilmishiga yarasha jazo tayinlandi.

Kezi kelganda, fuqarolarimizga pullarini farzandlarini litsey va kollejlar, oliy ta’lim muassasalariga qing‘ir yo‘llar bilan kiritishga emas, balki ularning bilim olishi uchun sarflashlarini tavsiya etib qolamiz. Zero, sotib olingan diplom bilan hech kim zo‘r mutaxassis bo‘lib qolmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring