Istanbulga kelsangiz, Taqsim maydonini albatta tomosha qiling (foto)

Taqsim maydoni.
Turkiya madaniyat va turizm vazirligi mamlakatga sayohatchilarni jalb qilish uchun doimo yangi loyihalarni ishlab chiqadi va uni tizimli amalga oshiradi. So‘zimizning isboti — bundan besh yil oldin butun dunyoga koronovirus degan ofat xavf tug‘dirganda aynan shu vazirlik «Pandemiya sharoitida turizm» loyihasini tashkil etib, o‘zbekistonlik bir guruh jurnalist va blogerlarni ushbu mamlakatga taklif qilgan edi. Va pandemiya sharoitida xavfsiz sayohatni tashkil qilishni ko‘rsatib bergan edi.
Bu safar ham Turkiya madaniyat va turizm vazirligi «Turkiyada Ramazon» dasturini e’lon qilib, mamlakatga o‘zbekistonlik va ozarbayjonlik ommaviy axborot vositalari xodimlarini taklif qildi. Ular orasida Xabar.uz muxbiri ham bor.
Turkiyaning eng yirik, aholisi 16 milliondan ko‘p Istanbul shahri Osiyo va Yevropani bog‘lab turadi. Bu qadim shaharni yana «Azonlar shahri» ham deyishadi. Bu bejizga emas, albatta. Yirik megapolisga aylangan shaharda uch mingdan ziyod qadimiy masjidlar ro‘yxatga olingan. Yangi qurilgan masjidlar bilan ularning soni hozir 10 mingdan oshadi.
«Turkiyada Ramazon» dasturiga muvofiq, jurnalistlar sayohatning birinchi kuni Istanbulning eng gavjum joylaridan biri — Taqsim maydoni va Taqsim jome masjidini tomosha qiliib, shu yerga tutash mashhur Istiqlol ko‘chasini borib ko‘rishdi.
Shaharning markaziy qismidagi Taqsim maydoni Taqsim mikrotumani va Beyo‘g‘li tumanida joylashgan.

Xo‘sh, nima uchun bu maydon Taqsim deb atalgan? Bizga hamrohlik qilgan Jon ismli gidning aytishicha, qadimda shu yerdan butun shaharga suv taqsimlangan ekan.


Maydon atrofida e’tiborni eng tortadigan muhtasham inshootlardan biri bu, shak-shubhasiz, Taqsim masjididir.

Ushbu masjid 2017–2021-yilar mobaynida me’morlar — Sefik Birko‘yi va Selim Dalamanlar tomonidan bunyod etilgan. Umumiy maydoni 16 ming kvadrat metr, masjid gumbazining aylanasi 24,5 metr, balandligi 33 metr, 2 ta minoraning balandligi 64 metrdan ziyod. Masjidning ichkarisi va tashqarisida bir vaqtning o‘zida jami 4 ming kishi ibodat qilishi mumkin, yerosti turargohi 163 ta mashinani sig‘dira oladi.
Shuningdek, bu yerda ko‘rgazmalar zali, kutubxona, oshxona ham ibodat qiluvchilarga xizmat ko‘rsatadi.

Taqsim maydoniga tutashgan, hamisha mahalliy aholi va mehmonlar bilan gavjum Istiqlol ko‘chasida mehmonxonalar, san’at galereyalari, ko‘ngilochar maskanlar, do‘konlar, restoranlar, teatrlar, klublar joy olgan.
Yana bu ko‘chada XIX asr oxiri va XX asr boshlarida ishga tushgan, hozir ham harakatda bo‘lgan tramvayni ko‘rish va unda sayr qilish mumkin.

Va shu hududda 154 yillik tarxiga ega qadimiy metro tunellini va unda doimiy harakatda bo‘lgan vagonni hamda Istiqlol ko‘chasi bo‘ylab sayohat davomida o‘sha mashhur qadimiy Galata minorasini tomosha qilish mumkin.



Istanbulda ana shunday biri-biridan qiziqarli tomosha qilib, o‘zgacha zavqlanish mumkin bo‘lgan qadamjolar bisyor. Safarning ikkinchi kuni Sulton Ayub va Ayo Sofiya masjidlari, Islomda fan va texnologiyalar muzeyiga sayohat rejalashtirilgan. Bizni kuzatishda davom eting.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter