Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Istanbulda dunyo e’tiboridagi fojiaga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi

Istanbulda dunyo e’tiboridagi fojiaga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi

Istanbulning markaziy dahalaridan biri Taqsim maydonida g‘azolik yosh rassomlar ko‘rgazmasi ochildi. «O‘q o‘tmas orzular» deya ramziy nom bilan atalgan ko‘rgazmaning ochilishida Turkiya birinchi xonimi Emine Erdo‘g‘on va Turkiya prezidenti devonining Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun qatnashdi.  

Ushbu ma’rifiy loyiha orqali G‘azoda yillar davomida ro‘y berayotgan insoniy fojialarga xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratish maqsad qilingan.

G‘azolik yosh iqtidor egalari chizgan 260 dan ziyod rasm jamoatchilik hukmiga havola etildi. Isroil tomonidan Falastinga nisbatan yuritilayotgan zulm va zo‘ravonlik siyosati rasmlar vositasida ochib berilgan. Alamli jihati shundaki, rasmlarni chizgan jajji iqtidor egalarining ayrimlari G‘azodagi bombirdimonlarda halok bo‘lgan.

Turkiya prezidentining rafiqasi Emine Erdo‘g‘on 2023-yil 7-oktyabrdan buyon G‘azoda misli ko‘rilmagan zo‘ravonlik harakatlari sodir etilayotgani, Isroil harbiy amaliyoti oqibatida minglab tinch aholi vakillari, bolalar, xotin-qizlar halok bo‘layotganini afsus bilan qayd etdi.

«Biz yashash huquqi tortib olingan, ertangi kun, kelgusi yilni ko‘rish dargumon bo‘lib qolayotgan falastinlik bolalarning ovozini butun dunyo eshitishi uchun qo‘limizdan kelgancha harakat qilishimiz kerak», – dedi Emine Erdo‘g‘on.

Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun ham rasmiy Anqara G‘azoda tinchlik qaror topishi yo‘lidagi sa’y-harakatlarda sobit ekanini ta’kidladi.

Tashkilotchilarga ko‘ra, ko‘rgazma 29-yanvarga qadar davom etadi.

Avval xabar berganimizdek, Turkiyaning birinchi xonimi Emine Erdo‘g‘on 2023-yil 15-noyabr kuni Istanbulda «Falastin uchun yagona yurak» sammitini tashkil qildi.

Ushbu mashvaratda O‘zbekistonning birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva ham qatnashib, G‘azoda jangovar harakatlarni to‘xtatish, nizoni faqatgina diplomatiya yo‘li bilan «ikki xalq uchun ikki davlat» tamoyili asosida hal etishga chaqirgandi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring