«Isroilni dunyoga harbiy jinoyatchi sifatida tanitamiz» – Erdo‘g‘on
28-oktyabr kuni Istanbuldagi Otaturk nomli aeroport hududida Isroilning Falastinga nisbatan yuritayotgan ishg‘ol va zo‘ravonlik siyosatiga qarshi ommaviy norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Qariyb 1,5 million kishi qarshisida nutq so‘zlagan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Isroil uch haftadan buyon Falastin hududida ochiqchasiga harbiy jinoyatlar sodir etayotgani haqida gapirdi.
Quyida Turkiya rahbarining «Büyük Filistin Mitingi» deb nomlangan namoyishda so‘zlagan nutqidan iqtiboslar havola etilmoqda.
- «G‘arb dunyosi G‘azoda bolalar, ayollar va begunohlar qirg‘inini qonuniylashtirish uchun siyosatchilar va ommaviy axborot vositalarini safarbar qildi. Isroil roppa-rosa 22 kundan beri ochiqchasiga harbiy jinoyatlar sodir etmoqda. Isroil, biz seni butun dunyoga harbiy jinoyatchi deb tanitamiz. Hozirda bunga tayyorgarlik ko‘ryapmiz, shu ustida ishlayapmiz».
- «G‘azoda amalga oshirilayotgan ishlar mudofaa emas, ochiq va jirkanch qirg‘inbarotdir. Ular qurol sifatida qo‘llagan omillar – ochlik, tashnalik, yonilg‘i etishmasligi va salomatlik xizmatlaridan ayirish orqali G‘azo xalqini ommaviy ravishda yo‘q qilish payidalar».
- «Ey dunyo ahli, bu haqiqatlarning hammasini ko‘rib turibsiz. BMT bosh kotibi butun dunyoga hayqirmoqda, lekin siz tinglamaysiz. Quloqlaringiz eshitmaydi, ko‘zlaringiz ko‘rmaydi, bularga quloq osmaysiz».
- «Mintaqamizdagi barcha jamiyatlar nasl-nasab, e’tiqod, mazhabdan qat’i nazar, bir bo‘lishimiz, birdam bo‘lib, birgalikda harakat qilishimiz kerak. Aks holda, birin-ketin hammamiz ana shunday taqdirga duchor bo‘lishimiz muqarrar. Mintaqadagi barcha davlat va xalqlarni yakdillik marhamati maydonida birlashishga, ayriliqdek azobli maydondan uzoq turishga chaqiramiz».
- «(G‘azo aholisi) tashqi dunyo yordamga ruxsat bermagani uchun elektr energiyasidan oziq-ovqat, tibbiyot va tozalash vositalariga qadar – barcha insoniy ehtiyojlarni qondira olmaydigan vaziyatda. Kechadan beri sodir etilgan ishlar esa tom ma’noda aql bovar qilmas holatdir».
- «Bunday dahshatli vaziyatga qaramay, G‘azo xalqining obro‘si, qat’iyati va o‘z yurtiga sadoqati tarixga dushmanga bo‘yin egmaslikning ulug‘vor dostoni sifatida kiradi».
- «Bular faqat o‘ldirishni biladi. G‘azo xalqining zolim tomonidan yog‘dirilgan bombalarga qaramay, uylari va shaharlarini tark etmaslik qarorini millatim nomidan yuksak qadrlayman».
- «Ular suyangan g‘arbliklar o‘z uylari yona boshlagach, bu yerni tark etadi va Isroil bu mintaqada 75 yil davomida zulm qilgan xalqi va birodarlari bilan yolg‘iz qoladi. Turkiya xuddi 500 yil oldin va Ikkinchi jahon urushida bo‘lgani kabi muammoga duch kelgan bu mazlum xalqning umidi bo‘ladi».
- «Bu minbarda turib, men yaqinda Isroil hukumatiga qilgan chaqiruvimni yana bir bor takrorlamoqchiman: bo‘yingizni, tanangizni, qalbingizni oshib o‘tayotgan bema’ni gaplar, munosabatlar va so‘zlar bilan turk millatining rahm-shafqat tuyg‘ularidan mahrum qilmang. Chunki ishonavering, kelajakda xuddi ota-bobolaringizga kerak bo‘lgani kabi, sizga ham, farzandlaringizga ham hali kerak bo‘ladi bu!»
- «Keling, bugun mazlumlarga yordam berish haqidagi iltimosimizni va tinchlik o‘rnatish uchun muloqot eshiklarini ochish uchun qilayotgan chaqiruvimizga quloq tuting. Keling, bugun o‘zingiz va farzandlaringiz kelajagi uchun, ehtimol hayotingizda birinchi marta yaxshilik tomon qadam tashlang».
- «Isroilning 75 yildan beri uzluksiz davom etgan jabr-zulmi bir kun albatta tugaydi».
- «Biz «adolatli tinchlikning mag‘lub bo‘lmacligi»ga bo‘lgan samimiy ishonch bilan harakat qilyapmiz. Suhbatdoshlarimizni ham yakdil fikr atrofida birlashishga taklif qilamiz».
Turkiya rahbari mintaqada ziddiyat yana qayta kuchaygan 7-oktyabrdan buyon Tel-Aviv ma’muriyatiga qarshi keskin bayonotlar berib kelyapti.
Avvalroq ciyosiy yetakchi G‘azodagi ayanchli vaziyat tufayli Isroilga rejalashtirilgan tashrifini bekor qilgan, mintaqada tinchlik o‘rnatilishi mustaqil Falastin davlatining barpo etilishiga bog‘liq ekanini ta’kidlagan edi.
U, shuningdek, ziddiyatni hal etish uchun mintaqadagi barcha nufuzli kuchlar ishtirokida «Xalqaro Falastin – Isroil tinchlik konferensiyasi» tashkil etishni tavsiya qilgan.
Avval xabar berganimizdek, Isroil prezident Erdo‘g‘onning so‘nggi bayonotlari sabab ikki tomonlama munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish uchun Turkiyadagi diplomatlarini chaqirib olishga qaror qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter