Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Isroilda ishlayotgan o‘zbeklar: 2000 dollargacha maosh, «metapelet» kasbining mashaqqati va qariyani «masxara qilish»da ayblanayotgan ayol...

Isroilda ishlayotgan o‘zbeklar: 2000 dollargacha maosh, «metapelet» kasbining mashaqqati va qariyani «masxara qilish»da ayblanayotgan ayol...

Isroilning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda bu mamlakatda 10 mingga yaqin ishlash huquqiga ega vatandoshlarimiz bor. Ularning qariyb 85 foizi xotin-qizlardir. Yurtdoshlarimizning deyarli barchasi bemor va qariyalarga qaraydi.

Isroilda O‘zbekistondan faqat samarqandliklar ishlaydimi?

Tel-Avivdagi xonadonlardan birida yoshi ulug‘ ayolga qarayotgan Asilaning (ismi o‘zgartirildi) aytishicha, Isroilda ishlayotganlarning 99,999 foizi samarqandlik. Bugunda Samarqand shahrining asosiy qismini tashkil etayotgan uch millat — o‘zbek, tojik va ozari eroniylar qatorida boshqa kichik millat vakillari ham «Isroil yo‘li»ni o‘rganishgan. Qolaversa, endilikda Samarqand atrofidagi tumanlardan ham Isroilga uchayotganlar bor. Nega faqat samarqandliklar? 

Bir vaqtlar Samarqandda butun boshli yirik mahallada yahudiylar yashardi. Ular 2000 yilga qadar Isroilga ommaviy ko‘chib o‘tishdi. Ehtimol, qadimiy shaharda yashash hududi alohida bo‘lgani bilan o‘qishda, mehnat jamoalarida, jamoat dargohlarida boshqa millat vakillari bilan hamjihatlik natijasi o‘laroq samarqandlik muhojirlar birinchilardan bo‘lib Isroilni «zabt etishgandir». Balkim, Isroil uchun qariya va bemorlarga qarovchilarni tayyorlovchi tadbirkorlar aynan Samarqandda ekani mahalliy aholi uchun yengillik yaratgandir. Xullas, Samarqandda Isroilga borib bemorlarga qarash ishi ibtidosi bundan o‘n besh yillarcha avvalga borib taqaladi. Bugunda Samarqand shahridagi har bir mahalladan kamida o‘n-yigirma nafar inson Isroilda ishlayotgan bo‘lib chiqadi. Masalan, uch yarim minglik aholisi bo‘lgan «G‘afur G‘ulom» mahallasidan 16 nafar kishi Isroilda.

 — Isroilda ishlayotgan odamlarimizning 10 nafari ayol, 6 nafari erkak. Bu oilalar o‘ziga tinch hisoblanadi. Moddiy ehtiyoj borasida murojaat qilmaydilar. Imorat ko‘taradilar, to‘y qiladilar, bolalarini o‘qitadilar, yaqinlarini davolatadilar. Kimdir tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Xullas, birovga og‘irliklari tushmaydi. Birortasining ishida noxush bir harakatni eshitmadik. Qari va bemorlarga qarash savobligini hammamiz bilamiz, — deydi «G‘afur G‘ulom» mahallasi qo‘mitasi raisi Olimjon G‘afurov.

Samarqandda Isroilga borishni orzu qilganlarning hammasi shunchaki chiptani sotib olib, jo‘nab, ish boshlay olganida edi, 10 ming deb aytilayotgan raqam bir necha barobarga oshib ketar edi. Lekin Isroilga yo‘lning o‘ziga yarasha «ammo»si ham bor...

Pulingiz bo‘lsa, ishga marhamat!

Samarqandda bir qism odamlarning nazdida Isroil ularni barcha muammolardan qutqaradigan manzil. Chunki, Amerika yoki Koreyaga yuborishni hech kim kafolat berolmaydigan bir paytda, Isroilga borish borasida bir necha tadbirkor aniq-tiniq va’da beradi. Faqat ular xizmati evaziga kattagina mablag‘ talab qilishadi. Bugunda ayollar uchun 15-18 ming dollar va erkaklar uchun 20 ming dollargacha to‘lov kerak bo‘lishi aytiladi. Deylik, 6-7 yil avval ayollar 8-10 ming dollar, 3-4 yil muqaddam esa 12-14 ming dollar bilan jo‘nash mumkin bo‘lgan. Garchi bu narxlar borasida rasman hech qayerda aytilmaydi, yozilmaydi ham. Lekin ijtimoiy tarmoqlarda Isroilga borish yo‘llarini so‘ragan kishilarga o‘sha yerda ishlayotganlar ochiq-oydin tushuntiradi. 

Tadbirkor qanday vazifalarni bo‘yniga oladi? Avvalo, bo‘lajak muhojirlarga ivrit tili o‘rgatiladi, hamshiralik ishidan saboq beriladi, shuningdek, yahudiy taomlari, urf-odatlari, Isroil geografiyasi, iqlimi va boshqa jihatlari borasida tushunchalar singdiriladi. Talabgor jo‘natilishga tayyor bo‘lganda, uning biografiyasi, surati va qator ma’lumotlar maxsus bazaga kiritiladi. Bir taxlam hujjat tayyorlanadi. So‘ng nomzod bilan qiziqqan ish beruvchi video muloqotda u bilan suhbatlashadi. Bunda qaraladigan kishining xastaligi, u yotoqdami yoki oyoqdami, aqli hushi joyidami yoki xotirasini yo‘qotganmi (yo‘qotib turadimi), o‘zi ovqatlana oladimi, tunda uxlaydimi, barchasi borasida yaqinlari ochiq aytishadi.

Shartlarni qabul qilsa, ishga boruvchi Isroilning O‘zbekistondagi elchixonasida ham bo‘ladi. So‘nggi yillarda bu yerda ham suhbatdan o‘tish lozim bo‘layapti. Keyin aviachipta va aeroportdan kuzatish masalasini ham tadbirkor va uning odamlari zimmaga olishadi. Isroil aeroportida esa muhojirni qonuniy ish beruvchi firma vakili kutib oladi. Bunday firmalarda ingliz, rus tilidagi xodimlar qatorida, albatta, O‘zbekistonda yashab ketgan yahudiy xodim ham bo‘ladi.

Tadbirkor talab qiladigan to‘lovning kattaligi sabab Isroilga asosan Samarqanddagi aholining o‘rta qatlam vakillari bora oladi. Ular orasida avval Rossiya yoki Turkiyada ishlab jamg‘arma qilganlar kam emas. Puli yo‘qlar esa istasa, garovga qo‘yadigan narsasi bo‘lsa, qarz beruvchilar ham topiladi. Qarz maoshdan bir yilga yetar-yetmas vaqtda uziladi.

O‘tgan yili Isroil hukumati ish bilan ta’minlash borasida O‘zbekiston bilan rasman kelishuvni amalga oshirganidan buyon ko‘pchilik bu mamlakatga ortiqcha xarajatsiz bora olishiga umid qilmoqda. Lekin hamon tadbirkorlar ishchi tayyorlamoqda.

«Bu yerda ishchining qadri bor»

Odamlar, kamida 15 ming dollar sarflab Isroilga oddiy uy xizmatkorligiga borishida ma’ni bormi? «Samarqandliklar Isroilda» feysbuk kanali orqali taxminiy messenjerga bog‘lanaman. 

Asila, Isroilga kelgan muhojir vazifasini keraklicha bajarsa, qing‘irligi bo‘lmasa, bir yilda xarajatini qoplab bo‘lgach, undan keyingi yillarda topgani o‘ziga qolishini aytadi. Qonuniy ish bilan ta’minlangach, maoshida uzilish bo‘lmasligi aniq. «Yilda bir marta qonuniy mehnat ta’tili beriladi. Ko‘pchilik ta’tilida O‘zbekistonga borib qaytadi. Faqat yangilar qarzini yopish yoki xarajatini qoplash uchun bir-ikki yil bormay turishadi».

— Avvalroq xotin qizlarimiz o‘n yildan ortiqroq ham ishlashgan. Ammo qonunlar o‘zgarayapti. Hozirda 5 yilu 3 oy ishlash imkoni bor. Agar alohida talablar bo‘lganida metapelet yana uzoqroq qolishi mumkin, — yangilik bilan o‘rtoqlashadi ayol.

Boquvchini «metapelet» deyishar ekan. Metapeletning maoshi o‘rtacha 1500 dan 2000 dollargacha. Ishi og‘irroq bo‘lsa, ko‘proq, yengilroq bo‘lsa kamroq.

«Juhutlar dono xalq. Pulini bekorga sovirmaydi, ya’ni arzimaganda ortiqcha pul bermaydi. Lekin kelishilgan, shartnomadagi oylikdan kam ham bermaydi», deya tushutiradi Asila.

Maosh aslida shekel bilan kartaga o‘tkazilarkan. Uni dollarga aylantirib, so‘ng Samarqandga jo‘natisharkan.

«Mening buvim (kampirini shunday ataydi) kabi yengilroq bemorlarga qarovchilarning hammasiga bir xil miqdorda oylik beriladi. Men 5300 shekel olaman. Bu 1535 dollar atrofida mablag‘», deydi u.

Suhbatdoshimning ta’kidlashicha, Isroilda sog‘lom kampiru boboyga qarovchi olishmaydi. Demensiya, alsgeymer va boshqa kasallarga qarash uchun ishchi yollanadi. Yotoqdagi va naycha orqali ovqat beriladigan yoki peshobi maxsus xaltachada to‘planadigan bemorlar bilan ishlaydiganlar bor ekan. «Bu yerga kelishdan avval asabi mustahkam bo‘lishi kerak. Bu yerda jismonan og‘ir ish yo‘q, ishning og‘irligi ma’naviy jihatdan, asabingiz kemirilaveradi...», batafsil hikoya qiladi u.

— Mehnat muhojirligi, deylik, Rossiya, Turkiya yoki boshqa davlatlardan yana qandaydir farqli jihatlar bormi?

— Bu yerda inson qadri baland, millati, dini, irqidan qat’i nazar metapelet bo‘lasizmi, boshqami, hammaga bir xil munosabat. Juda kam holatda bo‘lsa-da, yomon oilalar ham uchraydi. Shunda firma, qonun, advokat, konsul bizni himoya qiladi. Bu yerda barcha metapeletlarga shifokor ko‘rigi, dori hatto, operatsiya tekin. Qonun hammaga barobar. Isroilda ishlatib pulini bermabdi, millatchilik qilibdi degan gaplarni eshitmaysiz.

Ma’lum bo‘lishicha, Isroil aeroportida mijozini kutib olgan firma, mijozi yangi ishga ko‘nikib ketishi, lozim bo‘lsa ishini almashtirishi, ta’tilga chiqishi, huquqlari buzilganda va hokazo holatlarda turib berarkan. Hatto hech bir muammo bo‘lmaganda ham har olti oyda xonadonda bo‘lib, uning hayoti bilan yaqindan tanishib, muhojirni tinglarkan. Isroil qonunchiligiga ko‘ra, xonadonda metapelet uchun yetarli shart-sharoit bo‘lishi kerak. Ya’ni, 12 kv metrdan kichik bo‘lmagan xona, konditsioner, televizor va hokazo qulayliklar yaratilishi shart. O‘z navbatida bemorning o‘z firmasi ham vaqti-vaqti bilan kelib metapelet uni urmayaptimi, so‘kmayaptimi, yaxshi qarayaptimi deb ahvol bilan tanishib ketarkan.

— Ishdan qoldirmayapmanmi? — suhbatimiz cho‘zilayotganidan xijolat bo‘lib so‘rayman.

— Shabatda, ya’ni shanbada mamlakat bo‘yicha dam olish kuni. Bu kunda hatto avtobus yurmaydi, samolyotlar parvozi ham to‘xtatiladi, — yana bir qiziq ma’lumot beradi Asila.

Dam olish kunlarida vatandosh ayollar 4-5 nafardan bo‘lib to‘planib, biror kafemi, dengiz bo‘yidami yoki xiyobondami birgalikda vaqt o‘tkazishib, hafta davomidagi ruhiy charchoqni yengishar ekan.

— Ruhiy charchoq qanday holatlarda paydo bo‘ladi?

— Biz qaraydigan odamlar bemor, bo‘lmaganda juda qari insonlar. Deylik, xotirasini yo‘qotib turadigan kishi ovqatini vaqtida bersangiz ham, bolalari kelganda «menga ovqat bermadi» deyishi mumkin. Yoki derazani «och-yop» qilib «jinni» qilishi mumkin. (Yaxshiyam, kameralar bor). Hatto ongi sog‘lom, faqat qo‘l-oyog‘i harakatida muammosi bo‘lgani ham goho yosh bolaga o‘xshab injiqlik qilaveradigan joylari bo‘ladi. Xullas, bu omadmi, peshonami, kimlardir kampiri bilan dugona bo‘lib birgalikda tabiat qo‘ynida, muzeylarda sayr qilib, o‘zimizdagi saranjom kelindek xizmat qilib yurganlar bor. Shunda ham yuvintirasiz, ovqatlantirasiz, uyini tozalaysiz. Har qanday holatda ham ishimiz 24 soat mas’uliyatni talab qiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Isroilda ishlayotgan samarqandliklar orasida turli mutaxassislikdagi oliy ma’lumotli insonlar kam emas. Lekin, Isroildan tashqarida olingan diplom nechta til bilganda ham qo‘l kelmasligi ta’kidlanadi. Shartnoma bilan borganlar faqat kasal va qariyalarga boquvchi bo‘lib ishlay oladi.

Feysbukdagi guruhlarida turli mavzudagi videolar, xabarlarni faol muhokama qilishadi, yangiliklar ulashiladi, bir-birlariga maslahat berishadi, o‘rni kelganda xayriya qilishadi. Lekin Isroil siyosati, davlatchiligi bilan bog‘liq gaplardan chetda turishadi.

«Meni qamamang, iltimos...»

O‘tgan oyda, 2 dekabrda o‘zbekistonlik boquvchi ayolning qilmishi Isroilning barcha ommaviy axborot vositalari bo‘ylab tezkorlik bilan yoyildi.

Metapelet G.R. o‘zi qarashi, ko‘z-quloq bo‘lib turishi kerak bo‘lgan vaqtda, 83 yoshli nogiron ayolni zax va iflos, boshqa bir dom pod’yezdidagi omborxonada 3 soat davomida yolg‘iz qoldirib ketgan. Bu paytda boquvchi qo‘shimcha pul ishlash maqsadida shu domdagi xonadonda tozalik ishlari bilan shug‘ullangan. 

Ayblov xulosasida bu holat «himoyasiz insonni masxara qilish» degan modda bilan ifodalangan.

Ayblov xulosasida yozilishicha, G.R. 2019 yildan buyon mustaqil o‘zi yeyish, yurish va muloqot qilishdan mosuvo qilgan demensiya kasalligining og‘ir turi tashxisi qo‘yilgan ayolga qarab kelgan. Gumonlanayotgan ayol 37 yoshda. Tel-Aviv okrugi prokuraturasi advokati Ura Goldshteynning ma’lum qilishicha, nogiron ayol avvalroq ham jarohat olgan va boquvchi unga tibbiy yordam berish haqida o‘ylamagan. Faqatgina yahudiy ayolning o‘g‘li 3 kundan so‘ng kelganida onasining momataloq bo‘lgan joylariga e’tibor bergan va tibbiy xizmatga murojaat qilishgan.

Kampir shifoxonadan javob berilganining ertasidayoq ayblanuvchi uni nogironlar aravachasida sayrga olib chiqqanicha boshqa manzilga olib borgan. Pod’yezddagi ikki kvadrat metrlik, turli mayda-chuydalar bilan liq to‘la, qorong‘u omborchada qoldirilgan ayolni shu domda yashovchi Shmolo Baxar ismli yoshi ulug‘ kishi ko‘rgan. «Eshikni ochib qo‘rqib ketdim. Nogironlar aravachasidagi boshi sharf bilan o‘rab tashlangan kishining yuzi devorga o‘girib qo‘yilgan edi».

Politsiyaga xabar berishgan. Tibbiy yordam xizmati chaqirilgan. Shundan keyingina nogiron ayolni yuqorida qaysidir xonadonni tozalayotgan o‘zbekistonlik ayol olib kelgani ma’lum bo‘lgan.

Uch farzandning onasi, muhojir ayol 2 dekabrdan buyon vaqtinchalik saqlash manzilida tutib turilibdi. Voqea bilan bog‘liq mahkama jarayoni davom etmoqda. Hukm qanday bo‘lishi hozircha noma’lum. Asilaning aytishicha, u ishlayotgan besh yil oralig‘ida metapeletlar tomonidan kampirini urgan, o‘g‘irlik qilgan kabi holatlar aniqlangan. «Ammo, hozirgacha birorta ishchi qamalgan holat kuzatilmadi. Deport qilib yuborishardi. Lekin, endi qonunlar o‘zgarib borayapti. Hammamiz shu ayolni ham deport qilishlarini istab, jarayon yakunlanishini kutayapmiz», deydi u.

G.R.ning advokati Xagit Rahmani uning himoyasidagi shaxs qaramog‘idagi ayolni urmagani va unga zarar yetkazmaganini ta’kidlaydi. Sudlanuvchi nogiron ayolni omborxonada faqat ikki marta qoldirganini aytgan.

O‘tgan yil boshida yana bir ayolga «masxara qilish» aybi qo‘yilishi haqida xabar tarqaldi-yu, ammo, aynan qaysi holat ochiq aytilmadi. «Xabar.uz»ga taqdim etilgan «Tik Tok» dagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir tasviri shu ayblovga ishora qilinadi.

Videoda boquvchi ayol o‘zi qarayotgan kampirini uyatli holatda qoldirib, ishini davom ettiravergan. Bu ayblovning natijasi ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinmagan.

Yana bir xabar. Tirat-Karmeldagi bolalar bog‘chasida bundan to‘rt yil avval «Bolalarni masxara qilish» aybi bilan tergov ishi ochilgan. O‘shandayoq O‘zbekistonga qochib ketgan enaga Irina Shakirova yaqinda Tbilisi aeroportida qo‘lga olingani Isroildagi ijtimoiy tarmoqlarda rosa aylandi. 

Bu haqdagi xabarda Shakirovaning O‘zbekiston fuqarosi degan joyi yo‘q. O‘zbek muhojirlari esa bir ovozdan, bog‘chada enaga sifatida ishlab, bolalarni urgan, qiynagani aytilayotgan Irina Shakirova O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi mumkin emas deydilar. «Chunki, o‘zbekistonlikni bog‘chaga farroshlikka ham olishmaydi, faqat kasal kampir-boboylarga qarashimiz mumkin», ta’kidlashadi ular.

Ehtimol bu ayol qachonlardir O‘zbekistonda yashab Isroil yoki boshqa bir davlat fuqaroligini olgandir. Balki, Isroil va O‘zbekiston o‘rtasida ayblanuvchilar ekstraditsiyasi haqida kelishuv yo‘qligi uchun fuqarosi bo‘lmasa ham, aynan O‘zbekistonga qochgandir. Har holda rasmiy Tbilisi bilan xuddi shunday shartnoma borligi uchun 30 dekabrda u Gruziyadan Isroilga olib o‘tildi.

Xullas, 10 ming muhojirning orasidan ikkita jinoyat ham o‘zbekistonliklar sha’niga ta’sir qilishini Isroildagi vatandoshlarimiz kuyinib gapirishadi.

«Metapeletlarimiz nafaqat bu yerda, Vatanda ham o‘zlarini munosib tutishlarini istayman. Pulni ko‘rib, yangi-yangi, ortiqcha urf-odatlarni o‘ylab topish, yo‘qchil oilalarni mensimaslik kabi illatlardan xalos bo‘lishlarini istayman», deydi Asila.

***

O‘tgan yili yozda O‘zbekiston delegatsiyasi Isroilda bo‘lib, hamkorlikda mehnat migratsiyasiga oid ikkita hujjat imzolandi. Ulardan biri Isroil davlatining mehnat bozoridagi maxsus sektorlarda o‘zbekistonliklarni vaqtincha ish bilan ta’minlash to‘g‘risida bitim va ikkinchisi tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Isroil Ichki ishlar vazirligining Aholi va immigratsiya boshqarmasi o‘rtasida ushbu bitimni «Uyda parvarishlash sohasida» amalga oshirish Bayonnomasi edi.

Mana shu sa’y-harakatlar mehnat muhojirining Isroilga borishi arzonroqqa tushishiga umid uyg‘otadi.

Isroilda bemor va qariyalarga qarashga Hindiston va Afrikadagi qator davlatlardan, shuningdek, ayrim hamdo‘stlik mamlakatlaridan ham metapeletlar jalb qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring