Isroil G‘arbiy sohildagi masjidga hujum uyushtirdi
22-oktyabr kuni Isroil armiyasi ishg‘ol ostidagi G‘arbiy sohilda joylashgan Al-Ansor masjidiga aviazarba berdi. Jenindagi qochqinlar lagerida joylashgan masjidga hamla qiruvchi uchoq orqali amalga oshirilgan.
Reuters agentligi xabariga ko‘ra, Isroil harbiylari masjid binosida HAMAS va «Islom jihodi» jangarilarining sho‘’basi joylashganini da’vo qilgan. Ammo harbiy harakatlar ketayotgan pallada bu ma’lumotning haqqoniyligini tekshirish imkonsiz.
Falastin Qizil yarim oy jamiyati masjidga tashlangan bombadan kamida bir kishi halok bo‘lgani, uch kishi jarohatlangani va bino jiddiy talafot ko‘rganini ma’lum qilgan. Boshqa manbalarga qaraganda, masjidga hujumda ikki kishi halok bo‘lgan.
Isroil harbiylari HAMASning 7-oktyabr kungi hujumiga javoban G‘azoga bomda yog‘dirishda davom etmoqda. Ayni paytda Falastinning ishg‘ol ostidagi yana bir hududi – G‘arbiy sohilda ham reyd va hujumlar faollashgan.
7-oktyabrdan buyon G‘arbiy sohilda 727 nafar falastinlik turli ayblovlar bilan hibsga olingan. Ikki haftadan oshiq vaqt ichida ishg‘olchi harbiylar o‘qidan 95 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 1650 nafari jarohatlangan.
Isroilning muttasil hujumlariga nishon bo‘layotgan G‘azoda esa halok bo‘lganlar 4650 nafar, jarohatlanganlar 14240 nafardan oshgan.
«Al Jazeera» uy-joyidan ayrilgan falastinlik qochqinlar uchun boshpana sanalgan Jenindagi lagerda Isroil harbiylari tez-tez reyd o‘tkazib turishini eslatgan. Agentlikka ko‘ra, tobora qonli va shafqatsiz tus olayotgan so‘nggi reydlar o‘zi shundoq ham tahlikali vaziyatni murakkablashtirmoqda, yonib turgan olovga moy sepgandek ta’sir ko‘rsatmoqda.
BMT Isroil tomonidan G‘arbiy sohilda tinch aholiga kuch ishlatish hamda yahudiy oilalar uchun noqonuniy turarjoy qurish siyosatini tanqid qilib keladi.
Ishg‘ol ostidagi G‘arbiy sohilni Falastin prezidenti Mahmud Abbos boshqaradi. G‘azo sektori esa HAMAS harakati nazoratida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter