Ismoil Haniyaning o‘ldirilishiga Rossiya, Xitoy va Turkiya munosabat bildirdi
31 iyul tunida HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya Tehronda o‘ldirilgani haqida xabar bergan edik.
Haniyaning Eron poytaxtidagi qarorgohiga boshqa davlat hududidan raketa zarbasi berilgani taxmin qilinmoqda.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on HAMAS yetakchisining o‘ldirilishini Falastin xalqining shonli qarshilik harakatini to‘xtatishga qaratilgan sharmandali qadam deb atadi.
«Shayx Ahmad Yosin, Abdulaziz Rantisiy va boshqa ko‘plab g‘azolik siyosiy arboblarga qilingan jirkanch hujumlardan maqsad qanday bo‘lgan bo‘lsa, birodarim Ismoil Haniyaga qarshi uyushtirilgan suiqasddan maqsad ham xuddi shundaydir. Biroq sionist vahshiylar shu paytgacha bo‘lgani kabi o‘z maqsadlariga erisha olmaydi», – dedi Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘on Islom olamining kuchli ittifoqi va insoniyat xayrixohligi bilan Isroil tomonidan mintaqada amalga oshirilayotgan terror, zulm va genotsid barham topishiga umid bildirdi.
Turkiya rahbari yana bir bor 1967 yilgi chegaralarda, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini barpo etish lozimligini urg‘ulagan.
Rasmiy Moskva hodisani nomaqbul siyosiy qotillik deb atadi.
«Bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmas siyosiy qotillikdir va bu taranglikning yanada kuchayishiga olib keladi», – dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov.
Diplomat, shuningdek, Haniyaning o‘limi G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni ozod qilish yo‘lida o‘tkazilayotgan muzokaralarga salbiy ta’sir etishidan ogohlantirgan.
Xitoy TIV ham HAMAS yetakchisining o‘ldirilishini keskin qoralagan. Pekinga ko‘ra, bu hodisa mintaqadagi beqarorlikni yanada kuchaytirishi mumkin. TIV rasmiy vakili Lin Szyan G‘azoda doimiy otashkesimga erishish muhimligini ham ta’kidlagan.
Eron va HAMAS Ismoil Haniyaning o‘limida Isroilni aybladi. Tel-Aviv hukumati bu masalada hozircha rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter