Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Islom dunyosi daniyalik ekstremistning qilmishini keskin qoraladi

Islom dunyosi daniyalik ekstremistning qilmishini keskin qoraladi

Fitnakor harakat mahalliy politsiya himoyasida amalga oshirilgan.

Foto: AP

Daniyaning o‘ng qanot ekstremistik partiyasi rahbari Rasmus Paludan 21 yanvar kuni Shvetsiya poytaxti Stokholmda musulmonlarning muqaddas kitobi Qur’oni karim nusxasini omma oldida namoyishkorona yoqdi. Na xalqaro huquq, na insoniylik me’yorlariga to‘g‘ri keladigan bu xatti-harakat islom dunyosini darg‘azab qildi.

«Qayta-qayta ogohlantirganimizga qaramay, Shvetsiyada muqaddas kitobimiz bo‘lmish Qur’onga pastkashlarcha hujum uyushtirilganini keskin qoralaymiz», – deb bayonot berdi Turkiya tashqi ishlar vazirligi. 

Rasmiy Anqara ushbu xatti-harakatni nafratga asoslangan jinoyat deb atab, Shvetsiya hukumatining aksilislomiy aksiyaga ruxsat berganini tanqid qilgan.

«Islomofobiya ruhidagi ushbu ma’nisiz va provokatsion harakat dunyodagi 1,5 milliard musulmonning his-tuyg‘ularini tahqirladi», – deyiladi Pokiston TIV bayonotida.

Rasmiy Islomobodga ko‘ra, muqaddas kitobning omma ko‘z o‘ngida yoqib yuborilishini so‘z yoki fikr erkinligi bilan xaspo‘shlab bo‘lmaydi. Negaki, xalqaro huquq me’yorlari insonlar o‘rtasida nifoq, nafrat urug‘ini sochish, shaxslarning  diniy tuyg‘ularini poymol etishni man etadi.

Saudiya Arabistoni ham Rasmus Paludanning xurmacha qilig‘ini qat’iy ravishda qoralagan.

«Podshohlik muloqot, bag‘rikenglik, totuvlik kabi qadriyatlarni muhofaza etish, nafrat va ekstremizmdan voz kechish borasidagi pozitsiyasida qat’iydir», – deyiladi Saudiya rasmiy munosabatida.

Islom hamkorlik tashkiloti Shvetsiyada ro‘y bergan nafratga loyiq xatti-harakat Yevropada islomofobiya, irqchilik va ayirmachilik xavotirli darajaga chiqqanidan dalolat berishini ta’kidlab, Stokholm hukumatidan aybdorlarni jazolashni talab qilgan.

Shuningdek, BAA, Iordaniya, Kuvayt, Qatar, Misr, Eron tashqi siyosat mahkamalari ham diniy e’tiqodga qarshi qaratilgan aksiyani qoralagan.

Avval xabar berganimizdek, Qur’oni karimni yoqish aksiyasi o‘tkazilishiga Shvetsiya ma’muriyati rasman ruxsat bergan, o‘ng qanot ayirmachisining xavfsizligi mahalliy politsiya tomonidan ta’minlangan.

Irqchilik va ayirmachilik ruhidagi chiqishlari bilan otning qashqasidek taniqli bo‘lgan Rasmus Paludan avval ham bir necha bor Qur’oni karimni namoyishkorona tahqirlagan.

Erkinlikni suiiste’mol qilgan bu shaxs 2020 yili Daniya huquq idoralari tomonidan irqchilikda ayblanib qamoqqa olingan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring