Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ishxonada qozi-yu uyida oddiy beka —  Husnora Hakimova misolida ayol sudyalar haqida ikki og‘iz

Ishxonada qozi-yu uyida oddiy beka —  Husnora Hakimova misolida ayol sudyalar haqida ikki og‘iz

Tasavvur shunaqa: sudya deganda o‘ta jiddiy, shunga yarasha biroz qo‘polroq, gap ohangi keskin, yuzida kulgu aks etmaydigan shaxs gavdalanadi ko‘pchilikda. Buning ajablanadigan joyi yo‘q. 

Sudyalar,  ta’bir joiz bo‘lsa,  biroz  «yopiq shaxs». Ularni faqat sud protsessida ko‘rish mumkin. Jamoat  joylarida deyarli ko‘zga tashlanmaydi. Ommaviy tadbirlarda uchratmaysiz hisob. Vazifasi shuni taqazo etadiki, hatto xizmatdan tashqari paytlari ham ma’lum cheklovlarga rioya qilishga majbur. Qisqasi, sud tizimi, sudyalar – alohida olam. Illo, ular ham hamma qatori odam — fazilat-u qusurlardan xoli emas.

Sudyalar orasida o‘ta soddalari ham borligiga nima deysiz?! Ne-ne da’vogar-u javobgar, o‘g‘ri-yu to‘g‘ri, qotil-u maqtulni so‘roq-savol qilib, hukm-xulosa yasaydigan orasida soddalari ham borligiga ko‘plar shubha qilar ehtimol. Ammo insonning ishdagi zukkoligiga tabiatidagi soddalikning ko‘pam aloqasi yo‘q. Qolaversa, soddalik — kim nima desa, laqqa ishonish deganiyam emas-da.

Mana, Husnora Hakimova. Kim-kim Oliy sud sudyasi! Mulk huquqi, yerga oid nizolar bo‘yicha tajribali mutaxasis. Biroq anchagina sodda. Goh o‘ylaysanki, Husnorani yosh bola ham aldashi mumkin, deb. Ammo sud protsessida emas. Sud majlisida u sodda Husnora emas, sudya Hakimovaga aylanadi: qoshlar chimirilgan, nigohlar sinchkov, gaplari keskin. Biroq...

Fuqarolik sudlarida ozmuncha nizo ko‘rilmaydi. Ular orasida  tasavvurga sig‘maydigan mojarolar ham bor. Deylik, qarz undirishga oid nizo. Bunday nizolarda da’vogar sifatida ko‘proq sudxo‘rlar namoyon bo‘layotgani bor gap. Bunday toifadagi da’vogar qip-qizil noinsof, lekin qonunni, o‘z haq-huquqini biladi. Shu bois xat-hujjatlari badastir. Qarabsizki, sudda yutib turibdi. Bunaqa paytda javobgar sudxo‘rdan ko‘ra ko‘proq sudyadan norozi bo‘ladi. Lekin birov aytmaydiki, tilxat  yoki qarz evaziga mulkingni bergan o‘zing, sudxo‘rning hamma talablariga rozi bo‘lgan ham o‘zing, baski, sudya nima qilsin?! Jinoyat ishlarida ish holatiga qarab, ayblanuvchiga yengillik berilishi mumkin, biroq fuqarolik nizolarida to da’vogar insofga kelmasa, suddan muruvvat kutib bo‘lmaydi. Nega? Qonun shundayki, u ko‘z yosh-u, oh-u nolalarni ko‘tarmaydi ko‘pam. Hoy, ahli fuqaro, huquqingizni biling, qonunlardan boxabar yuring, deyilayotgani bejizmas, axir?!

Sudya ham inson: noinsof g‘olib-u bechora qarzdorning holatini og‘riqsiz kuzatadi, deysizmi? Qayoqda! Tashiga chiqarolmaydi, ammo ichidan o‘tganini o‘zi biladi. Shunday paytlar bo‘ladiki, hukm yoki qaror o‘qigan sudya xonasini ichkaridan qulflab, duv-duv yig‘lab oladi, yoki  ko‘tarilayotgan qon bosimini jilovlash uchun dori qidirishga shoshadi...

Bunday holatni Husnora Hakimova boshidan ko‘p o‘tkazgan.

Yana bir haqiqat bor: sudyalikda jinsga qaralmaydi. Ya’nikim, u ayolmi yoki erkak – talab bitta: yengilmi yo murakkabmi — chekiga tushgan «ish»ni  qonuniy ko‘rishi lozim. Shundan kelib chiqilsa, ayol sudyalarga oson emasligi oydinlashadi. Chunki, vazifa mas’uliyatidan tashqari oila, bola-chaqa tashvishlari ham bor. Ayol sudyalar ishxonada qozi bo‘lsa, o‘z uyida oddiy beka: erning injiqligi (yoki sho‘xligi), farzand erkaligi, turmush yumushlari, kelinlik vazifalari... hamma-hammasini ko‘tarishga, hamma-hammasiga ulgurishga majbur. Ish va oilani birday uddalash ayol sudyalardan karrasiga riyozat talab qiladi, xullas.

Husnora Hakimova uch farzandning onasi.  To‘ng‘ichi endi yo‘lga kirib, bog‘chaga chiqar-chiqmas kutilayotgan voqelik – fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudi sudyaligiga tayinlandi. Shu bilan bu yog‘i ke-yetdi: besh yil o‘tib, fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyaligiga munosib ko‘rildi. Yana uch yildan so‘ng Oliy sudga ko‘tarildi. O‘tgan vaqt davomida yana ikki nafar farzandni dunyoga keltirgan qahramonimiz «sudya kelin»dan kichkina bo‘lmagan oila bekasiga aylandi. Bular nima uchun yozilmoqda? Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ish hajimi-yu yuklamalar ko‘pligi sir emas. Barcha ishlarni o‘z muddatida ado etmoq mahol. Chunki, jismonan ulgurish qiyin. Shunga qaramay ish-u oilani birdek ushlab, farzandlar tarbiyasiga fursat topib, bir oilaning binoiydek bekasi bo‘layotganlarga tasanno desak, asakamiz ketmas...

U gap-bu gapdan  sadqa: yuk ko‘targan yuzaga chiqadi, deganlari to‘g‘ri ekan. Husnora Hakimova namunali beka, namunali ona sifatida allaqachon hurmat qozongan bo‘lsa, mana, endi «Namunali sudya» ham bo‘p turibdi-ku....

Bilasiz, davlat rahbarining 2020-yil 7-dekabrdagi «Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni bilan odil sudlovni amalga oshirishda yuqori reyting ko‘rsatkichga ega sudyalarni «Ibratli sudya» mukofoti bilan taqdirlash belgilangan edi. Yaqinda mazkur mukofotning ilk egalari aniqladi: 16 nafar baxtiyor sudyalari qatorida Oliy sud sudyasi Husnora Hakimova ham bor.

Aytgancha, Husnoraning soddaligi haqida.

... Bir yil avval, xotin-qizlar bayrami arafasida sud tizimi tarixida birinchi marta chop etilgan «O‘zbekiston ayol sudyalari» jurnali tayyorlanayotgan payt. Vaqt tig‘iz, belgilangan muddatda jurnal chiqishi kerak. Shu sabab Sudyalar oliy kengashi raisi boshchiligida jonni jabborga beryapmiz deng. O‘sha kunlari xizmat yuzasidan Kengash chaqirilgan Husnorada ishimiz qiziqish uyg‘otsami?! Ana-mana bosmaxonaga topshiriladigan jurnalni ko‘zdan kechirar ekan, bir ayol sudya haqida ma’lumotlarga ko‘zi tushib, birdan xushyor tortdi: «Xato yozilibdi». Xato? Qanaqa xato? «Mana bu sudyani besh farzandning onasi deb yozibsizlar, uning bolalari uch nafar». «Ayting, o‘sha hamkasbingizga, tezda xatoni tuzatsin!» dedik yasama jiddiylik bilan. «Vay, qana qip tuzatadi?». «Tezda yana ikkita bola tug‘ishi kerak!».

Gapimizdan Husnora «qotib qoldi», chippa-chin ishondi chog‘i: «i-i-i, bunga voxt kerek-ku», dedi duv qizarib, ammo tezda o‘zini qo‘lga oldi: «e-e, hazilingiz qursin...»

T.Akbarov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring