Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ishni cho‘zsangiz, Adliya vaziriga shikoyat qilaman!..»

«Ishni cho‘zsangiz, Adliya vaziriga shikoyat qilaman!..»

Illyustrativ foto

Yaqinda Andijon viloyati uchun qurilish sohasi bo‘yicha davlat sud eksperti shtati ajratilgani hammadan ko‘ra sudyalarni ko‘proq quvontirgani bor gap. Bu qaror bilan ayni yo‘nalishga daxldor nizolarda oylar davomida «ish»ni yopolmay, asablari qaqshovchi sudyalarni bog‘lab turgan ko‘rinmas iplar yechib yuborildi go‘yo. Shundan kelib chiqilsa, ko‘ngli bo‘shroq qonun peshvolarining xursandlikdan ko‘zlariga chirt yosh kelgan bo‘lsa, ajab emas!

Bilasiz, sudya va tergovchi, muayyan nizo yoki tergov ishi yuzasidan ehtiyoj sezilgan chog‘da, ekspertiza tayinlash vakolatiga ega. Bu qurilish va yer bilan bog‘liq nizolarga ham taalluqli.  Xullas, ekspert oldiga qo‘yilgan savollarga aniqlik kiritilib, to xulosa berilguniga qadar sudya yoki tergvchi uning og‘zini poylab, kutishga majbur. Gap shundaki, yaqin oylargacha vodiyning uch viloyatida (Andijon, Namangan  Farg‘ona) tayinlanayotgan qurilish-texnikaviy ekspertiza xulosalari faqat bitta shaxs – Adliya vazirligi huzuridagi Xadicha Sulaymonova nomidagi respublika sud ekspertizasi markazining Farg‘ona viloyati bo‘limi eksperti Hotamjon Madrahimovga bog‘lanib qolgan edi.

Xo‘sh, nima bo‘pti dersiz?

Bugun kim ko‘p – yer va qurilish masalalari bo‘yicha sudlashayotgan ko‘p. Xususan, fuqarolik va iqtisodiy sudlarda ko‘rilayotgan nizolar buning isboti. Endi o‘ylab ko‘ring: qariyb 10 million nafar aholiga ega Farg‘ona vodiysi uchun bitta ekspert o‘ziga kelib tushayotgan barcha savollarga vaqtida, sifatli javob berishiga kafolat bormi? Yo‘q, albatta.

Holatni tiniqroq tasavvur qilishingiz uchun bir misol keltirsak. O‘tgan yili fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudi kassatsiya instansiyasi da’vogar – Andijon shahridagi «Nodira» xususiy korxonasining – javobgar Jannatxon Asqarovaga nisbatan «noqonuniy qurilmani buzdirish va yer maydonini qaytarish haqida»gi fuqarolik ishi yuzasidan qurilish-texnikaviy va yershunoslik ekspertizasi tayinlaydi.  Nizo ob’yekti, biroz mubolag‘a bilan aytganda, tovuq katagiday joy. Ya’ni sud savollariga javob qaytarish uchun bir hafta muddat kifoya. Ammo ekspert shu ishni naq to‘rt oy «sudragani»ga nima deysiz?

Avvaliga vazifa ob’yektni ko‘zdan kechirishni tashkil etish hamda ekspertiza to‘lovlari amalga oshirilgani haqidagi ma’lumotlar taqdim etilguniga qadar, ya’ni 2019-yilning 11-martidan 10-apreligacha to‘xtatib turildi. Bunday qaror qabul qilishga ekspertning haqi bor. Ammo shundan so‘ng ham sudyalar va taraflar intiqlik bilan kutayotgan xulosa yana salkam uch oy «dam yedi»  va iyul oyida sudyaning qo‘liga kelib tushdi. «Ish»ning ancha vaqt «dam yeb» yotgani sababi bor ekan: ekspertning tobi qochib qolibdi. Mehnatga layoqatsizligi sabab 1 maydan 3 iyunga qadar ishga borolmaydi. Sog‘ayib, oyoqqa turgan kuni esa mehnat ta’tiliga chiqib ketadi...

Xalqda «Kutganning vaqti o‘tmas», degan gap bor. Bu muddat oralig‘ida ekspertning og‘zini poylab turgan sudyalar ishning muddati cho‘zilayotganidan xunob bo‘lsa, tarafdorlar har hafta bir bor sud idorasiga bosh suqadi deng: «bizga yangilik yo‘qmi, qozi buva?»

Baliqchi tumanida yashovchi tadbirkor Hamidullo Abdullayev va «Chinobod paxta tozalash zavodi» aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida yuzaga kelgan hamda bir necha yildan beri davom etayotgan nizo bo‘yicha Andijon viloyati iqtisodiy sudi tayinlagan ekspertiza masalasi xususida ham gap shu. Turli asoslarga ko‘ra olti oy cho‘zilgan xulosada ekspert H. Madrahimov kechiktirilish sabablarini birma-bir ta’kidlab, orada o‘zining boshqa ekspertizalar bilan bandligi tufayli (!) 2019-yilning 13-fevralidan 11-martiga qadar ish to‘xtatib turilganini ochiq-oydin bayon etadi. Aytishga oson, ammo nizo yuzasidan tegishli xulosa taqdim etilguniga qadar da’vogar yoki javobgarning kun sanab charchashini, ruhiy holatini boshidan o‘tkazgan odamgina biladi. Qisqasi, sud ishlarining taqdiri bitta mutaxassisga bog‘lanib qolganidan vijdoni uyg‘oq sud peshvolarining norozi bo‘lgani ham bor gap. Hatto ayrim «nemischa muomala»ga o‘rgangan sudyalarning muayyan nizo yuzasidan ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi ajrimni H. Madrahimovga yubora turib, «Ishni cho‘zib yuborsangiz, Adliya vaziriga arz qilaman!» deya ogohlantirgani ham rost.

Sudyalarning bunday asosli e’tirozlari Adliya vazirligiga yetib borgan shekilli, Respublika ekspertiza markazining Andijon va Namangan viloyatlariga ham qurilish, yer bilan bog‘liq nizolarda xulosa beruvchi bittadan mutaxassis ajratildi. Bir qarashda masala hal: endi har ikki viloyat sudyalari qabul qilgan tegishli ajrim Farg‘onaga emas, ayni hududlarning o‘zida joylashgan ekspertga yuboriladi. Taqdim etilayotgan xulosalar avvalgidek yarim yillab emas, nisbatan tezkor tayinlanyapti. Har holda, muddat borasida nolimagudek.

Ammo, bizningcha, kichkinagina bu «islohot» bilan ekspertiza tizimi to‘liq tartibga tushmaganday. Aytaylik, Andijondagi huquqni muhofaza qiluvchi organlarda 200 nafarga yaqin tergovchi bor. Fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy hamda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda 100 nafar atrofida sudya faoliyat ko‘rsatadi. Endi haqli savol tug‘iladi: shuncha sudya va tergovchining har biri o‘zi shug‘ullanayotgan nizo va tergov ishi yuzasidan, jilla qursa, yilda bir bor qurilish-texnikaviy yoki yershunoslik sohasi bo‘yicha ekspertiza tayinlashi mumkinmi? Albatta! Bu yumushlarning barchasi tag‘in bitta shaxs – viloyatdagi yagona ekspertning zimmasiga yuklatiladi. Shundan kelib chiqilsa, qariyb 3 million nafar aholi istiqomat qiladigan Andijonda zikr etilayotgan yo‘nalish bo‘yicha tortishuv va nizolarga hamisha, har doim bitta mutaxassis xulosa berishi nechog‘li adolatli?

Bu gap nainki Andijon, balki Farg‘ona va Namangan viloyatlariga ham taalluqli.

To‘g‘ri, huquq tizimidagi tashkilotlarga ishga kirishdan avval mutaxassisning bilim darajasi, layoqati, saviyasiga tegishli tartibda baho beriladi. Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan kadrgina huquq peshvolari safiga qo‘shiladi. Shu ma’noda vodiy viloyatlaridagi ekspertlarga e’tirozimiz yo‘q. Ammo hayot haqiqatini unutmaslik kerak: tegishli masala yuzasidan bir shaxsning fikri, nuqtai nazari, u ming bilimdon va donishmand bo‘lmasin, nisbiy bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Joylarda advokatlarning ekspertiza xulosalaridan tez-tez norozi bo‘layotgani sababi ham shu. Birorta tuman sudi sudyasining ma’lum nizo yuzasidan qabul qilgan hal qiluv qarori har doim ham qonuniy bo‘lavermaydi-ku? Uch nafar sudyadan iborat apellyasiya yoki kassatsiya instansiyasida quyi sudlarning qarorlari bekor qilinganiga misol kam deb o‘ylaysizmi? Ayni mantiqdan kelib chiqilsa, qurilish-texnikaviy hamda yershunoslik masalalari bo‘yicha viloyatlarda yagona bo‘lmish ekspert ham ish ustida adashmasligiga kafolat yo‘q. Yoki ekspertlarning farg‘onalik hamkasbiga o‘xshab mehnat ta’tilidan oldin tobi qochib qolsa, sudlashayotganlar taqdiri yana oylab muallaq qolib ketishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Bizningcha, shu kabi jihatlarga tayanib, har bir viloyatda mutaxassis ishga chiqmay qolganda o‘rnini bilintirmaydigan yoki uning xulosasidan taraflardan biri norozi bo‘lgan taqdirda, xuddi sudlardagi kabi qaytadan o‘rganib chiqadigan uch kishilik ekspertlar hay’ati bo‘lishi maqsadga muvofiq. Balki xususiy ekspertiza markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilar? Ehtimol, viloyat hokimliklari huzurida qurilish masalalari bo‘yicha yoshi ulug‘, tajribali mutaxassislardan iborat, murakkab nizoli vaziyatlarda asosli, jo‘yali maslahat, yo‘l-yo‘riq bera oladigan kengash tuzish kerakdir? Ammo bir narsa aniq: ayni yo‘nalish kechiktirilmay tartibga solinsa, sudyalar, advokatlar, ekspertga tez-tez ishi tushadigan yurtdoshlarimizning o‘ntadan bittasi duoga qo‘l ochganda Adliya vaziri nomini ham tilga olishiga shubha yo‘q.

Nurillo No‘’monov, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring