IShID bayrog‘ini xonaga o‘rnatishlarini so‘ragan qotil... yoxud da’vat qurbonlari keltirgan qurbonliklar
2017-yil 1-yanvar, Istanbul.
O‘zbekistonlik Abdulqodir Masharipov Yangi yilga o‘tar kechasi Istanbuldagi tungi klublardan biriga kirib, odamlarga qarata 180 ta o‘q uzib, qirg‘in uyushtirdi. 39 kishi halok bo‘ldi, 122 kishi jarohat oldi, ulardan 60 nafari xorijlik. «Shaytoniy bayram»ni jazolash ijrosi uchun javobgarlikni terroristik tashkilot o‘z bo‘yniga olgan.
Abdulqodir Masharipov, hudkushlik sodir qilishi oldidan.
Masharipov jinoyatni shaxsan o‘zi biron marta ko‘rishmagan Abu Jihodning ko‘rsatmasi bo‘yicha sodir etganini tan oldi, lekin yo‘lboshchi uni avtomat va boshqa qurollar bilan ta’minlagan. Avvaliga u klub yonida politsiyachini otib tashlagan, keyin esa 700 dan ortiq odam bo‘lgan xonaga bostirib kirib, avtomatdan o‘q uzgan, so‘ngra granata uloqtirgan.
Istanbul jinoyat ishlari bo‘yicha sudda 57 kishi ishtirok etgan, 51 nafari sudga kelgan.
Terrorchining o‘zi o‘limga hukm qilishlarini so‘ragan. A. Masharipov klubga o‘zi ham o‘lish uchun kelganini aytdi, ammo bu sodir bo‘lmadi, shuning uchun u o‘z missiyasini yakunlagani uchun qatl qilinishini talab qilgan.
2020-yil sentyabr oyida Turkiya OAVlariga ko‘ra, Masharipov jami 40 umrbod qamoq jazosi bilan jazolangan.
2017-yil 3-aprel, Sankt-Peterburg. Rossiya fuqaroligini olgan 22 yoshli o‘shlik o‘zbek Akbar Jalilov metro vagonida portlash sodir qildi, natijada 16 kishi halok bo‘ldi (terrorchining o‘zi ham bor), 103 kishi jarohat oldi.
Rossiya ommaviy axborot vositalarining rasmiy manbalarga tayanadigan bo‘lsak, o‘t o‘chirish moslamasi niqobi ostida ikkinchi portlovchi moslamani ishga tushirgan terrorchi Akbar Jalilovning boshi uchib ketgan.
Akbar Jalilov, terakt kuni metroda.
Jalilov tomonidan metro bekatida qoldirilgan qo‘lbola portlovchi moslama solingan boshqa sumkada ham uning genetik izlari topilgan. Bu bomba ishlamadi va keyinchalik zararsizlantirildi.
2017-yil 7-aprel, Stokgolm. Samarqandlik tojik millatiga mansub 40 yoshli Rahmat Oqilov yuk mashinasida Shvetsiya poytaxti Stokgolm shahridagi piyodalar yo‘lkasidan biri bo‘ylab katta tezlikda piyodalarni bosib ketdi. Yarim kilometrdan ko‘proq yurganidan so‘ng u savdo markazi binosiga borib urilgan. Ma’lum bo‘lishicha, yuk mashinasida bomba bo‘lgan. Yaxshiyamki, bomba portlamay, faqat uning mashinasi yonib ketgan.
Raxmat Oqilov.
Hujum natijasida besh kishi, jumladan 11 yoshli bola halok bo‘ldi, 15 nafari turli og‘irlikdagi jarohatlar oldi. Oqilovning o‘zi qochib ketgan, biroq o‘sha kuniyoq hibsga olingan va darhol o‘z qilmishiga iqror bo‘lgan.
Aniqlanishicha, u 2017-yil yanvar oyi o‘rtalaridan buyon jinoyatga tayyorgarlik ko‘rgan. Keyin Oqilov turli odamlarga ko‘plab xabarlar yuborib, ularni «Islomiy davlat» nomidan terakt qilishlarini taklif qilgan. Tergov ixtiyorida uning turli mamlakatlardan kelgan 20 dan ortiq odam bilan internet-chatlaridagi yozishmalari matnlari bo‘lgan.
Misol uchun, Rahmat Oqilov Telegram messenjerida do‘sti bilan rus tilida yozishmalari chog‘ida o‘zi xohlagancha ko‘p odamni o‘ldirishga ulgurmaganidan afsuslangan: «Yomon, bir nechtasinigina ezib tashladim, mashina u yerga bormadi. Hozir aeroportda boshi berk ko‘cha.»
Telegramdagi avvalgi yozuvlarida u suhbatdoshi bilan bomba tayyorlash «retsept»ihaqida «maslahatlashgan».
Rahmat Oqilov 2014 yilda Shvetsiyaga kelgan, qurilishda ishlagan, yashash uchun ruxsatnoma va siyosiy boshpana olishga harakat qilgan. 2016 yilning yozida unga Shvetsiyada yashash uchun ruxsat berilmagan. Oqilov mamlakatdan majburan chiqarib yuborilishi kerak edi, biroq u qochishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri rahbarining ma’lumot berishicha, u o‘z vatandoshlarini harbiy harakatlarda qatnashish uchun Suriyaga jo‘nab ketishga faol chaqirgan. Shuningdek, u 2017 yil fevral oyi oxirida Oqilovga nisbatan «Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash yoki tarqatish», «Diniy va ekstremistik tashkilotlarda ishtirok etish» moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini tasdiqladi.
2018-yil 7-iyun kuni Stokgolm tuman sudi Rahmat Oqilovni Shvetsiya poytaxti markazida yuk mashinasi bilan qasddan odamlarni urib yuborishda aybdor deb topib, bu harakatlarni terrorchilik harakati deb baholagan va umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan.
Tuman sudi ushbu hujum «Shvetsiyada sodir etilgan eng og‘ir jinoyatdir», deb ta’kidladi. Jarayon davomida terrorchi sodir etgan vahshiyligidan pushaymonlik alomatlarini bildirmagan.
Shvetsiyada umrbod qamoq jazosi shuni anglatadiki, «umr» qamoq jazosining o‘rtacha muddati 16 yil (lekin kamida 10 yil), maksimal muddati esa 34 yil. Ya’ni, hech kim u yerda bundan ortiq o‘tirmagan.
Sud shuningdek, agar Oqilov qachondir ozod qilinsa, u Shvetsiyadan deportatsiya qilinishi va bu mamlakatga qaytishi taqiqlanishi haqida qaror chiqardi.
2017-yil 31-oktbyar, Amerika.
Yetti yil avval bu yerga grin kard orqali ko‘chib kelgan O‘zbekiston fuqarosi Sayfulla Soipov ijaraga olgan yuk mashinasida yo‘lga chiqdi. U shunchalik xotirjam ediki... boshqalar ham. Birdaniga Sayfulla mashinasini velosipedda ketayotgan bir guruh argentinaliklarning (kollejni bitirgan 10 nafar do‘stlar 30 yilligini nishonlash uchun yo‘lga otlanishgan edi) ustiga haydab boradi, ulardan besh nafari halok bo‘lgan. U shuningdek, yana bir necha odamlarni bosib ketadi va jarohatlaydi.
Keyinchalik Soipov bomba o‘rnatilgan avtomobil o‘sha quyoshli kunda ko‘plab qurbonlar bo‘lgan Bruklin ko‘prigiga kirishni rejalashtirganini tan oldi, ammo maktab o‘quvchilarini olib yuradigan avtobusga urilib to‘xtab qolgani uning rejasini chipakka chiqaradi.
Sayfulla Soipov, terakt amalga oshirilgan yuk mashinasi.
U kapoti g‘ijimlangan mashinadan tushib, «Allohu Akbar!», deb qichqirdi, qo‘lida ikkita to‘pponcha bilan ko‘cha bo‘ylab maqsadsiz yugurdi. Politsiyachi unga bir necha marta o‘q uzgan va o‘qlardan biri uning son qismiga tekkan.
Qotil shahar kasalxonasiga olib ketilgan. Qilmishiga iqror bo‘lgan Sayfulla o‘zidan juda mamnun ekanini aytadi va shifoxona palatasiga mashinasidagi IShID bayrog‘ini osib qo‘yishni so‘ragan, ammo rad javobini olgan.
Sayfulla so‘roq paytida hujumdan taxminan bir yil oldin Amerikada terakt uyushtirishni rejalashtirganini, ikki oy avval esa imkon qadar ko‘proq odamni o‘ldirish maqsadida bu ishni mashinada amalga oshirishga qaror qilganini aytdi. U «Islom davlati» terrorchilik tashkiloti rahbari Abu Bakr Bag‘dodiyning nutqlarini eshitib shu qarorga kelganini aytadi.
Federal qidiruv byurosi uning telefonidan 90 ga yaqin video, jumladan, IShID tashviqotiga oid o‘nlab videolarni topdi. Yozuvlarning birida jangarilar mahbusning ustidan tank bilan qanday o‘tib ketgani, ikkinchisida – boshni kesish sahnasi, uchinchisida – erkakning yuziga qanday o‘q uzilgani tasvirlangan.
Soipovning terakti Nyu-Yorkdagi qurbonlar soni bo‘yicha 2001 yil sentyabr oyidan beri sodir bo‘lgan eng yirik terakt bo‘ldi.
2022-yil 5-aprel, Eron.
Eng mashhur qadamjolaridan biri bo‘lgan Mashhad shahridagi Imom Rizo masjidida asli o‘zbekistonlik 21 yoshli Abdullatif Murodiy uch nafar ulamoga pichoq bilan jarohat yetkazdi. Eron matbuotiga ko‘ra, jinoyatchi ularning har biriga kamida 20 martadan pichoq urib jarohat yetkazgan.
Birinchi hujumga uchragan Muhammad Asloniy voqea joyida vafot etdi, ikkinchisi, Daray ismli ulamo kasalxonada; uchinchisi nogiron bo‘lib qoldi. Uchala ulamo ham Mashhadning ijtimoiy va madaniy hayotida faol ishtirok etgan do‘stlar edi.
Mamlakat rasmiylari hodisani «qotillik va qo‘rqitish maqsadida» amalga oshirilgan terakt sifatida baholadi. Bu voqealardan bir yil oldin Murodiy Pokiston orqali Eronga noqonuniy ravishda kirib kelgan. Uning aniq qachon O‘zbekistonni tark etgani ma’lum qilinmagan.
Abdulatif Murodiy.
Sud Abdulatif Murodiyni «jamiyatga qarshi qurol ko‘tarishda», aybdor deb topdi va ko‘p o‘tmay, 7 iyun kuni uni osish bilan o‘limga hukm qildi.
Hukm 20 iyun kuni mamlakatning aholisi eng zich joylashgan ikkinchi shahri Mashhadda joylashgan Vakilobod qamoqxonasida ijro etildi.
Internet materiallari asosida tayyorlandi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter