Ishchi guruh borganda muammoni yashirish emas, ko‘rsatish kerak — Vazir o‘rinbosari
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Madaniyat vazirligi tasarrufidagi Ta’lim muassasalarini o‘rganish to‘g‘risidagi taqdimnomasi muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Bolalar musiqa va san’at maktablarida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan fikr-mulohaza yuritildi.
Videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Jamol Nosirov, Bosh prokuratura xodimlari hamda vazirlikning Ta’lim muassasalari va sohani metodologik ta’minlash boshqarmasi vakillari ishtirok etdi.
«Har bir musiqa maktabida inventarizatsiya o‘tkaziladi. Tumanlarda faoliyat olib borayotgan musiqa maktablariga turli tashkilotlar kirib olgan, buni men Andijon Farg‘ona va Namangan misolida ko‘rdim. Bu noto‘g‘ri. Birorta tashkilot maktabga joylashmasligi lozim.
Buni qattiq nazoratga olamiz. Sababi musiqa maktabi bu egasi yo‘q tashkilot emas, u joy ijodkor yoshlarni tarbiyalaydigan madaniyat va san’atni targ‘ib qiluvchi maskandir.
Bugun maktablarning ba’zi xonalarida musiqa asboblari chang bosib yotibdi. Ba’zi maktablarda esa ularni qadriga yetmaydigan rahbarlar ishlayapti. Bizga o‘z kasbi uchun jonini beradigan, fidoiy rahbarlar kerak» – dedi vazirning birinchi o‘ribosari Jamol Nosirov.
Yig‘ilish davomida viloyatlarda kadrlar masalasi oqsayotganligi, ayniqsa, «Qo‘g‘irchoq teatr»larga salohiyatli kadrlar jalb etilmayotgani tanqid ostiga olindi. Shuningdek, xizmat safarlari bilan bog‘liq holatlarni bartaraf etish lozimligi qayd etildi:
— Madaniyat vazirligi apparati xodimlarining tashrifini tantanali kutib olish holatlari bartaraf etilsin. Ishchi guruh borganida muammo va kamchilikni yashirish emas uni oshkor qilish kerak. Sababi muammo bu boshimiz ustidagi bulut emaski, bir pastda o‘tib ketsa.
Ishchi guruh sizni tanqid qilishga emas, muammongizni yechishga boradi. Shu sababli muammoni boricha ko‘rsating, — deya ta’kidladi J.Nosirov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter