Ish beruvchilarga homilador va 3 yoshgacha bolasi bor ayollarni ishdan bo‘shatish huquqi berilyapti
Amaldagi Mehnat kodeksida ish beruvchining manfaatlarini cheklaydigan, ish beruvchini ilojsiz holatga solib qo‘yadigan ba’zi normalar mavjudki, shulardan biri homilador ayollar va 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmasligidir (Mehnat kodeksi 237-moddasi).
Ushbu normaga ko‘ra homilador ayollar va 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno, bunday hollarda mehnat shartnomasi ularni albatta ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinadi. Mazkur ayollarni ishga joylashtirishni mahalliy mehnat organi ularni ishga joylashtirish davrida qonun hujjatlarida belgilangan tegishli ijtimoiy to‘lovlar bilan ta’minlagan holda amalga oshiradi.
Muddati tugaganligi sababli mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda ham ish beruvchi ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan ayollarni ishga joylashtirishi shart. Ishga joylashtirish davrida bu ayollarning ish haqi saqlanib qoladi, biroq bu muhlat muddatli mehnat shartnomasi tugagan kundan boshlab uch oydan oshmasligi kerak.
Shuningdek, Mehnat kodeksi 238-moddasiga ko‘ra, ayollarga onalik bilan bog‘liq holda beriladigan kafolatlar va imtiyozlar (tungi ishlarga va ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb etishni va xizmat safarlariga yuborishni cheklash, shuningdek qo‘shimcha ta’tillar berish, imtiyozli ish rejimlarini o‘rnatish hamda mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlarda belgilangan boshqa kafolatlar va imtiyozlar), onasiz bolalarni (ona vafot etgan, onalik huquqlaridan mahrum etilgan, uzoq vaqt davolash muassasalarida bo‘lgan va bolalari to‘g‘risida ona sifatida g‘amxo‘rlik qilmagan boshqa hollarda) tarbiyalayotgan otalarga, shuningdek voyaga yetmagan bolalarning vasiylariga (homiylariga) ham tatbiq etiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan kafolatlar va imtiyozlar, shuningdek ota-ona g‘amxo‘rligidan mahrum bo‘lgan bolalarni amalda tarbiya qilayotgan buviga, buvaga yoki boshqa qarindoshlarga ham beriladi.
Masalan, 3 yoshga to‘lmagan farzandi bor yolg‘iz ota o‘z mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzib kelmoqda yoki o‘z mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzdi. Bu vaziyatda mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilib bo‘lmaydi, korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno. Chunki Mehnat kodeksi 238-moddasiga ko‘ra, bu holatda yolg‘iz otaga ham 237-moddadagi kafolatlar tatbiq qilinadi.
Bu normalar bozor iqtisodiyoti sharoitida ko‘plab ish beruvchilarga tushov bo‘lmoqda. Amaliyotda qonunchilik tomonidan berilgan ushbu kafolatlarni ayrim xodimlar tomonidan suiiste’mol qilish holatlari kuzatilmoqda. Ya’ni mehnat intizomiga rioya qilmaslik, ish beruvchining qonuniy farmoyishlarini o‘z vaqtida va aniq bajarmaslik. Xodimning noloyiqligi va ishni uddalay olmayotganligini isbotlovchi aniq faktlar mavjud bo‘lsa ham, ish beruvchilar malakasi va mehnat unumdorligi o‘ta past yoki intizomsiz bo‘lgan bunday toifa xodimlar bilan ishlashga majbur bo‘lishmoqda. Bu esa tashkilotga iqtisodiy jihatdan ham qimmatga tushmoqda.
Bunday vaziyatlarda ish beruvchi faqatgina yuqoridagi xodimlarga quyidagi intizomiy jazolardan birinigina qo‘llay olishi mumkin:
- hayfsan;
- o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima;
- ichki mehnat tartibi qoidalarida nazarda tutilgan holatdagina o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima.
Ish beruvchining ushbu toifa xodimlar bilan mehnat shartnomasini o‘z tashabbusi bilan bekor ham qilishi:
- sud tomonidan mehnat shartnomasi qonunni ochiq-oydin buzgan holda bekor qilingan deb topilishi, va xodimning ishga tiklash haqidagi talabi qanoatlantirilish;
- Jinoyat kodeksi 148-moddasi (Mehnat qilish huquqini buzish) 2-qismiga ko‘ra BHMning yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishiga asos bo‘lishi mumkin.
Yangi Mehnat kodeksi (2023-yil 30-apreldan kuchga kiradi) 409-moddasiga ko‘ra, 3 yoshgacha bolasi bor ayol yoxud 3 yoshgacha bo‘lgan bolani yolg‘iz tarbiyalayotgan ota (vasiy) bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga faqat ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 1- (tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) o‘z muassislarining (ishtirokchilarining) yoki ta’sis hujjatlari bilan bunga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qarori bilan tugatilganligi yoxud yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan faoliyatning tugatilganligi), 4- (xodimning o‘z mehnat majburiyatlarini muntazam ravishda buzganligi) hamda 5-bandlari (xodimning o‘z mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol ravishda buzganligi)da nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha yo‘l qo‘yiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan xodimlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ularning bola parvarishlash nafaqasini olish huquqi saqlanib qoladi.
Bolasi uch yoshga to‘lguniga qadar bola parvarishlash ta’tilida bo‘lgan xodim bilan mehnat shartnomasini xodimning malakasi yetarli emasligi oqibatida egallab turgan lavozimiga yoki bajarayotgan ishiga loyiq emasligi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 3-bandiga (xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli egallab turgan lavozimiga yoki bajarayotgan ishiga muvofiq emasligi) muvofiq bekor qilishga xodim ta’tildan chiqqan kundan e’tiboran bir yil ichida yo‘l qo‘yilmaydi.
Demak, 2023-yilning 30-aprelidan boshlab 3 yoshgacha bolasi bor ayol yoxud 3 yoshgacha bo‘lgan bolani yolg‘iz tarbiyalayotgan ota (vasiy) o‘z mehnat majburiyatlarini muntazam yoki bir marta qo‘pol ravishda buzsa mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish mumkin bo‘ladi.
Muhammadamin KARIMJONOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Mehnat huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter