Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Investorlarni Toshkentning markazlari qiziqtiradi

Investorlarni Toshkentning markazlari qiziqtiradi

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Kecha, 15-fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi press-xollida «Urbanizatsiya dasturi: maqsad, vazifalar va kutilayotgan natijalar» mavzucida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

«O‘zbekistonda hozirda 119 ta shahar bor, biroq oxirgi 10 yilda birorta yangi shahar paydo bo‘lmadi, – dedi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Tursun Ahmedov. – 119 ta shaharning 81 tasi kichik shaharlar toifasiga kiradi. Kichik shaharlarda ishsizlik darajasi qishloqlardagiga nisbatan yuqori. Uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, infratuzilma, ishlab chiqarish, xizmat turlari yo‘lga qo‘yilishi va boshqaruvdagi muammolar tufayli kichik shaharlar rivojlanmay qolmoqda».

Tadbirda joriy yilning 1-aprel kuniga qadar «Noqishloq xo‘jalik ahamiyatidagi yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilishi ma’lum qilindi. Unda shaharda bo‘sh turgan, ishlatilmay qolgan yerlarni sotish tartibi belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.

«Butun dunyoda shaharlarning toifalari miqdor bo‘yicha optimal nisbatda bo‘lishi kerak, – dedi Tursun Ahmedov. – Shaharlarning 4 toifasi mavjud: kichik, o‘rta, katta va yirik shaharlar. Respublikamizda yirik shaharlar deyarli yo‘q. Sabablari – oxirgi paytda shaharlarga e’tiborning kamaygani, maqsadli urbanizatsiya dasturi bo‘lmaganida. Kichik shaharlar bilan posyolkalar soni ko‘payib ketgani uchun ham O‘zbekistonda urbanizatsiya jarayonlari sust kechmoqda. Boshqaruv nuqtai nazaridan, respublika doirasida 2 ta shahar bor: Toshkent va Nukus. Viloyat darajasidagi shaharlar 30 mingdan ortiq. 7 mingdan ziyod shahar esa tuman darajasidagi shaharlar hisoblanadi. Urbanizatsiya jarayonida asosiy e’tiborni viloyat hamda tuman markazlariga qaratish kerak. Chunki Toshkent hammani qabul qila olmaydi, Toshkentning ham ma’lum sig‘imi bor. Bunda shahar aglomeratsiyasi degan tushunchani inobatga olish kerak».

Anjuman davomida Qibrayda ilm shaharchasini tashkil etish rejalashtirilayotgani aytildi. Fanlar akademiyasi, jumladan, 11 ta ilmiy tadqiqot instituti Qibrayga ko‘chirilishi, hududda olimlarning yashashi uchun barcha sharoitlar yaratilishi haqida ma’lumot berildi.

Mutasaddilarning bildirishicha, Toshkentni megapolisga aylantirish, shaharda asosan ishbilarmonlik markazlari, xizmat va savdo majmualari joylashishi, boshqa ob’yektlar, jumladan, oliy ta’lim maskanlari ham shahar atrofi va tashqarisida bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

«Hozirda shahar me’morchiligi bo‘yicha jahon tajribasini o‘rganayapmiz, – dedi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Tursun Ahmedov. – Maqsadimiz: yirik shaharlarda oliy o‘quv yurtlari va ilmiy tadqiqot muassasalari joylashuvini to‘g‘ri tashkil etish. O‘rganishlarimizdan ma’lum bo‘lishicha, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida universitetlar va ilmiy institutlar odatda shahar tashqarisida yoki atrofida joylashtirilgan. O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti ham, balki 5 yil, balki 10 yildan keyindir, shahar tashqarisiga ko‘chirilishi mumkin. Talabalar shaharchasi yaqinda obod qilindi, bu albatta quvonarli hol. Lekin mazkur hudud obod qilindi degani universitetlar ko‘chirilmaydi degani emas».

Jurnalistlar yangi andozadagi zamonaviy «siti»lar nega aynan shahar markazlari – infratuzilma, energiya manbalari, kommunikatsiya tarmoqlari mavjud bo‘lgan tayyor hududda qurilayotgani xususida savol berdi. Tuman yoki chekka qishloqlarda ham shunday «siti»larni qurish taklifi bildirildi, natijada o‘sha ovloq makonlarga texnologiya, ta’minot kirib borishi, infratuzilma yaratilishi ta’kidlandi.

Qurilish vazirligi matbuot xizmati rahbari Dilshod Jalolov bunga investorlarni sabab qilib ko‘rsatdi, qishloqlar emas, aynan infratuzilmasi rivojlangan shahar markazlari sarmoyadorlar uchun jozibadorroq ekanini aytdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring