Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Internetdan erkin foydalanish huquqi» – bu norma konstitutsiyaga albatta kiritilishi kerak

«Internetdan erkin foydalanish huquqi» – bu norma konstitutsiyaga albatta kiritilishi kerak

Foto: «Xabar.uz»

Amaldagi konstitutsiyamizning 29-moddasida har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi, o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga egaligi, fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkinligi belgilangan.

Bu o‘rinda amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnoligi ham qayd etilgan. Ko‘rinib turibdiki, Asosiy qomusimizda axborot olish huquqi insonning asosiy huquqlaridan biri sifatida e’tirof etilgan.

Lekin o‘ttiz yil oldin qabul qilingan bu norma jamiyat hayotida ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlarni, axborot texnologiyalarining ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarga ta’sirini har jihatdan qamrab ololmasligi ko‘rinib turibdi.

Bugun, ya’ni 21-asrda, insonlarning, ayniqsa yoshlarning fikr va so‘z erkinligi, o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish singari huquqlarini qanday amalga oshirilishi ularning axborot resurslari, kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, Internetdan erkin foydalanishlariga bevosita bog‘liq.

Shunday ekan, hayot tarzimizning, kasbiy faoliyatimizning salmoqli bir bo‘lagi, komil inson shakllanishining asosiy omillaridan biri bo‘layotgan internet jahon tarmog‘idan erkin foydalanish huquqining asosiy qomusimiz – Konstitutsiyaga kiritilmasligi mumkin emas, deb hisoblayman. Bu norma albatta kiritilishi kerak. Bu xalqaro huquq normalarida, yetuk davlatlar konstitutsiyalarida mustahkamlangan va o‘zining samarasini ko‘rsatayapti.

Masalan, BMTning 2016 yil 5 iyuldagi rezolyusiyalarida Internetdan foydalanish imkoniyati asosiy inson huquqlaridan biri ekani ta’kidlangan.

Joriy yilning aprel oyida AQSh, Yevropa ittifoqiga a’zo davlatlar va boshqa 32 mamlakatlar tomonidan «Internet kelajagi Deklaratsiyasi»da qabul qilindi. Unda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, Internetning «ochiq, ishonchli va xavfsiz»ligini ta’minlash masalalarga katta e’tibor qaratilgan. Bu bejiz emas, albatta. Bu, eng avvalo, Internetning jamiyatlar va insoniyat taraqqiyotidagi o‘rni va roli naqadar yuksalayotganidan dalolatdir.

Finlandiya, Estoniya, Ispaniya singari davlatlarda zamonaviy axborot texnologiyalardan erkin foydalanish davlat tomonidan kafolatlanishi belgilangan. Fransiya Konstitutsiyaviy kengashi 2009 yili internet va axborotdan foydalanishni inson huquqlarining ajralmas qismi sifatida e’tirof etgan.

Bugun jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan, o‘z jamiyati, iqtisodiyoti, umuman barcha sohalarni raqamlashtirishga kirishgan Yangi O‘zbekiston bu siyosiy jarayonlardan chetda qololmaydi. Bu – hozirgi davr talabi. Buni unutmasligimiz kerak.

Masalaning yana bir diqqatga sazovor jihati bor. Axborot va aloqa texnologiyalarining doimiy, uzluksiz rivojlanishib borishi, ulardan foydalanishning yangi shakl va vositalarining doimo paydo bo‘lishi kibermakonda huquqbuzarliklar, jinoyatlar sonini ko‘paytirishi mumkin va bu vaziyat ularga qarshi kurashning yangi, zamonaviy, nihoyatda takomillashgan usullarini yaratishni, tartibga solishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqishni talab qilishi tabiiy. Ya’ni milliy qonunchiligimizda axborot xavfsizligi, kiberxavfsizlik masalalariga oid normalarni tizimli ravishda axborot texnologiyalari rivojiga parallel ravishda takomillashtirishib borishimiz kerak bo‘ladi. Buning uchun huquqiy asos kerak. Yangi konstitutsiyada internetdan erkin foydalanish huquqining mustahkamlanishi milliy qonunchiligimizdagi shu sohadagi munosabatlarni tartibga  solish, ya’ni  barcha munosabatlar qonun doirasida bo‘lishini ta’minlash uchun zarur platforma bo‘ladi.

Bundan tashqari Internet tarmog‘idan axbrorot olish va uni tarqatishdagi suiste’molliklarni, inson huquqlarining poymol bo‘lishi, yoshlarimizning noan’anaviy tahdidlar ta’siriga tushish hollarining oldini olish, boshqa shaxslarning barcha konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish maqsadida, shaxsiy sir, davlat siri yoki boshqa sohalarga taalluqli sir deb e’tirof etilgan axborotlarni olish va tarqatishni qonunga muvofiq cheklash lozim.

Boshqa barcha xolatlarda har bir fuqaro axborot resurslari, kommunikatsiya texnologiyalari, internetdan erkin foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak. Bu normaning konstitutsiyada mustahkamlanishi maqsadga muvofiqligiga shaxsan mening shubham yo‘q.

Muzaffar Jalolov,
Toshkentdagi INHA universtiteti rektori

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring