Internet narxi muntazam pasayib boradi
«O‘zbektelekom» AK birinchi chorakda operator va provayderlar uchun internet-kanallar tarifini 1 Mbit/s. uchun 70 128 so‘mgacha pasaytirdi. Bu haqda kompaniya tijorat direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Alisher Zufarov bugun, 28-may kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.
«Internet narxlari undan qanday foydalanishimizga bog‘liq. Ya’ni vaqt o‘tishi bilan undan qancha foydalanishadi, operator va provayderlar uni bizdan qanchaga sotib olishadi-yu o‘z abonentlariga qancha arzon yoki qimmat va tezlikda taqdim etishadi. Bu narx operator va provayderlar uchun, turgan gapki, foydalanuvchilar uchun ham muntazam pasayib boradi», — dedi Alisher Zufarov.
Brifingda kompaniya amalga oshirilayotgan ulkan loyihalar, O‘zbekistonning chekka hududlarida ham sifatli aloqa tizimlarini yaratish va optik-tolali aloqa liniyalarini barpo etish ishlari haqida jurnalistlarga so‘zlab berildi.
Ma’lumot berilishicha, 2019-yilning dastlabki to‘rt oyida kompaniya tomonidan:
- Liniya-kabel inshootlarini texnik normalarda tutib turish uchun eskirgan telefon liniyalari ta’mirlangan va almashtirilgan, turli toifa va sig‘imdagi 4 ming kilometrdan ziyod mis kabellar yangilangan, mamlakatimizning barcha hududlarida xDSL texnologiyasi bo‘yicha taqdim etilayotgan aloqa parametrlari va xizmatlar sifati yaxshilangan.
- Jami sig‘imi 150 ming portdan ziyod KPU (keng polosali ulanish) qurilmalari o‘rnatilib, abonentlarga FTTx texnologiyasi asosida optik aloqa liniyalari orqali xizmatlar taqdim etila boshlangan. Joriy yilning birinchi choragida 2 408 ta ko‘p qavatli uy, 1 108 ta umumta’lim maktabi zamonaviy aloqa xizmatlari bilan ta’minlangan.
- Aholi va boshqa ijtimoiy ob’yektlarga GPON texnologiyasiga asoslangan zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish uchun 2019-yil boshidan beri 5 000 kilometrdan ortiq optik-tolali aloqa liniyalari yotqizilgan.
- Ayni paytda butun O‘zbekiston bo‘ylab umumiy sig‘imi 54 272 portga teng VDSL qurilmalari, sig‘imi 146 944 portga teng GPON qurilmalarini o‘rnatish ishlari davom etmoqda va joriy yilning ikkinchi choragida foydalanishga topshiriladi. Qolaversa, uchinchi chorak oxirigacha umumiy sig‘imi 600 ming portdan ziyod GPON texnologiyasiga asoslangan qurilmalarni yetkazib berish rejalashtirilgan.
Ta’kidlanishicha, kompaniya abonentlar bilan ishlashga alohida urg‘u bermoqda. Masalan, mamlakatimizning barcha mintaqalaridan qo‘ng‘iroqlar markazlashtirildi: murojaatlar «O‘zbektelekom» AK «Chaqiriqlarga xizmat ko‘rsatuvchi yagona markazi»ning «1084» va «1086» qisqa raqamlariga yo‘naltirilmoqda. Yana bir qulaylik esa 2019-yil 15-maydan internet xizmatlari uchun taqvimga bog‘lanmagan to‘lov tizimining joriy etilishi bo‘ldi.
Brifingda kompaniya tomonidan «Uz-IX» piring tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter