Internet-manqurtlar. Turma hayoti, nozirlarning qo‘pol muomalasi... (video)
«Bas, yetar, chidolmayman», — sabr kosasi to‘lgan o‘yinparastning ovozi hamma yoqni tutib ketadi. «Tarmoq qaramligi» (original nomi — «Web Junkie», AQSh-Isroil, 2013-yil) filmi ana shu kadrlar bilan boshlanadi. «Aybing nima?» — «Internetda o‘tirganman».
Internet ezgulikka xizmat qiladimi yo yovuzlikka? Pekinga tutash Dasin shaharchasidagi qamoqxona-lagerda davolanayotgan internetparastlar haqida filmni suratga olgan ijodkorlar ana shu savolga javob izlashadi.
Xitoyda so‘nggi o‘n yilda taxminan 6000 kishi internetparastlikdan davolandi, shularning 75 foizi tuzalgan. Tuzalish — bu internetda kuniga 6 soatdan kam o‘tirish!
«Seniyam davolashadi, seniyam davolashadi, ...» Qanaqa qilib? Terapiya kurslari, harbiycha saf mashqlari, sport va yakkakurash, elektroshok... «O‘tir-tur. Oyoq uchida bir soat tek qot. Nega qiyshayasan! Orqaga!» Turma hayoti, nozirlarning qo‘pol muomalasi... Derazalarga panjara urib tashlangan, saf tortish soat tonggi oltida. Sovuq, qorong‘u. Mobil telefonlar olib qo‘yiladi, hududda hech qanaqangi elektron qurilmaga ruxsat yo‘q. Har bir «bemor» ikki haftadan «odinochka»da o‘tiradi.
Bemorlar muntazam ruhshunos suhbatidan o‘tib turishadi — o‘smirlar tuzalishyaptimi yo aqldan ozishyaptimi, vrachlar bunga amin bo‘lishlari kerak.
«Yetar, qiynalib ketdim. Ortiq davolanmayman», «Qasam ichaman, endi besh soatdan ko‘p o‘ynamayman. Olib keting, bu yerdan!» — yolvoradi o‘smir ko‘rgani kelgan ota-onasiga.
«Kechalari uxlamay klavishdan bosh ko‘tarmay o‘tirishlaring, bir oylab yuvinmay yurishinglar qanchalik jonimizga tekkanini bilasanmi o‘zi», — zorlanishadi jigarbandini «qamoqqa tiqqan» bechora ota-onalar.
«Ijtimoiylikka javob beruvchi miya qismi o‘chgan. Siz odamlar bilan muloqot qilishdan qo‘rqasiz», — deydi lager direktori.
Xitoy — internetga berilib ketishni kasallik, o‘sib kelayotgan avlod boshiga yog‘ilayotgan eng katta balo sifatida rasman tan olgan birinchi mamlakat. Noqonuniy internet-kafeda chiqqan yong‘in changalida 25 inson qolib ketdi, «Legend of Mir» 2 o‘yinini 20 soat betinim o‘ynash bir erkakning o‘limiga sabab bo‘ldi, boshqa biri esa «o‘yin qahramonlariga qo‘shilish uchun» o‘zini tomdan tashladi... Ana shunday juda ko‘plab ayanchli voqealar Xitoy hukumatini internetni, undan foydalanuvchilarni «jilovlash»ga undadi. Hozir Chin mamlakatida Dasindagiga o‘xshash davolash markazlarining soni 400dan ortiq, davolash kurslari og‘irligiga qarab bir necha oygacha cho‘ziladi.
Xitoy hukumatining ma’lumot berishicha (2015-yil), mamlakatdagi internetdan foydalanuvchi 632 million kishining 24 millioni «qaramlik»ka chalingan. Yoshlar soatlab onlayn o‘yinlarga mukkasidan ketishadi. Davolovchi qamoqxona-lagerlardan birining rahbari (vrach va Xitoy xalq-ozodlik armiyasi polkovnigi)ning aytishicha, davolanishga keluvchilarning 90 foizi sutkasiga 14 soatini internetda o‘tkazayotganlar. Davolanishga navbatda turganlar ko‘p, ammo bu kurslar juda qimmat: ota-onalar oyiga 1000 dollardan ko‘p sarflashga majbur — bu xitoylik ishchining o‘rtacha maoshidan ikki hissa ko‘p pul.
Gonkong universiteti psixologlari aniqlashlaricha, internetga beriluvchanlik ko‘rsatkichi mamlakatlardagi turmush sifati ko‘rsatkichiga teskari proporsional ekan: odamlar real hayotdagi qiyinchiliklardan qochib internetdan panoh izlasharkan. Solishtiradigan bo‘lsak, Shimoliy va G‘arbiy Yevropada internetparastlar ulushi o‘rtacha 2,6 foizni, Eron, Isroil, Turkiya va Livanda esa 10,9 foizni tashkil etadi.
Bu bolalarga hech nima kerak emas. Faqat internet. Klinikadan qochib ketishsa, tutib kelish qiyinmas, sanitarlar ularni birinchi duch kelgan internet-kafedan topishadi...
Global tarmoqsiz kunimiz o‘tmay qoldi: tvitterdagi yangilikni darhol ko‘rishga intilamiz, suratlarimizni zudlikda instagramga joylaymiz, internetimiz o‘chib qolmasligi uchun to‘lovni avvaldan kafolatlab qo‘yamiz, holbuki, gaz yoki elektr energiyasidan qarzimiz qanchaligini bilmaymiz, yon-verimizdagi odamlar emas, feysbukdagi «do‘stlarimiz» afzal...
Amerikalik va isroillik kinochilar taraqqiyotning yangi yutuqlaridan foydalanishdagi «oltin chegara», ya’ni me’yoru mezonni aniqlashga urinishlari bejizga emas. Nazarimizda, «Ey odamlar, kompyuteru smartfonlardan bosh ko‘taring, yon-atrofingizga ko‘zingizni kattaroq ochib qarang», deyishmoqchi ular.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter