Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Inson huquqlari toptalmoqda! Tegishli tashkilotlar nega jim qarab turibdi?

Inson huquqlari toptalmoqda! Tegishli tashkilotlar nega jim qarab turibdi?

Hozirgi kunda televideniye, gazeta va internet saytlarida jinoyati hali isbotlanmagan gumondorlarning yuzini ommaga ko‘rsatish, ism-familiyasi va adreslarini oshkor etish hollari ko‘p uchramoqda. Axir inson huquqlari degan tushuncha qayerga ketdi? U odam jinoyat qilmayapti, qoida buzyapti xolos.

Xo‘sh, bu borada O‘zbekistondagi tashkilotlar biror tushuntirish yoki e’tiroz bilan chiqib, inson huquqlarini himoya qildimi? O‘zbek xalqi buni bilmas yo anglamas hali. Aslida ularni teleekranga olib chiqqanni, shaxsiy ma’lumotlarini oshkor etganni bemalol sudga berishga haqli. Lekin mazkur sohadagi huquqiy savodxonlik u darajada rivojlanmagan.

Masalan, yaqinda Toshkent shahar IIBB tomonidan Toshkentdagi saunalarning birida fohishalik bilan shug‘ullangan ayollar ushlangani e’lon qilindi, suratlari, shaxsiy ma’lumotlari saytda berildi. Bunga esa Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayeva ham o‘z e’tirozini bildirdi.

Skrin: Facebook / Sayyora Hodzhaeva

Xo‘sh, ushbu huquqiy savodxonlikni oshiradigan O‘zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) bor, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi bor. Ular odamlarning haq-huquqini himoya qilib chiqishi kerak emasmi?

Biz ana shu savollarga javob topish maqsadida 2017-yil 24-noyabr kuni akademik Akmal Saidov rahbarlik qiladigan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markaziga rasman xat yubordik va 6 ta savol bilan murojaat qildik (savollar juda qiyin ham emas, suratga qarang). Lekin ularning javobini hamon kutmoqdamiz.

Foto: «Xabar.uz»

Murojaatimizga amaldagi qonunlarga ko‘ra eng uzog‘i bilan bir oy ichida javob berilishi kerak edi. Ammo оradan ikki oy o‘tibdi hamki, savollarimizga javob ololganimiz yo‘q.

Shundan so‘ng 2018-yil 15-yanvar kuni mazkur savollarni «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonunning 19-moddasida belgilangan muddat (yetti kun) ichida javob berilishini so‘rab, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyev nomiga yubordik. Ombudsman kotibiyatidan roppa-rosa 7 kun deganda javob xati keldi.

Foto: «Xabar.uz»

Davlat rahbari qayta-qayta ta’kidlayotganidek, ishga munosabatini o‘zgartirgan tashkilotlar ham bor ekan-ku deya quvondik. Biroq javob xati hafsalamizni pir qildi. Biz yo‘llagan 6 ta savolning faqat bittasiga javob berilgan bo‘lib, qolganlari qo‘shimcha ravishda ma’lum qilinarkan. Qiziq, bitta xatga ikki marta javob yozgandan bu ishni bittada hal qilgan oson emasmi?

Asosiy savollarimizga haligacha javob kutmoqdamiz. Xulosa o‘zingizdan...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring