«InnoWeek-2018» xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi yakunlandi
2018-yilning 23-25-oktyabr kunlari «O‘zekspomarkaz» majmuasida xorijiy ilmiy-innovatsion markazlar, investitsion fondlar, texnologik agentliklar, texnoparklar va biznes inkubatorlar faol ishtirokida «InnoWeek-2018» xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi bo‘lib o‘tdi.
Hamkorlik bitimlari
Uch kun davomida Innovatsion rivojlanish vazirligi va bir qator xorijiy tashkilotlar, kompaniyalar o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha bitimlar imzolandi.
Jumladan:
- BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakilligi va Innovatsion rivojlanish vazirligi o‘rtasida O‘zaro anglashuv va Innovatsiyalar va boshqaruv yechimlari laboratoriyasini tashkil etish to‘g‘risida memorandumi imzolandi. Bu laboratoriya to‘laligicha BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekiston Respublikasidagi Doimiy vakilligi tomonidan moliyalashtiriladi.
- «Technology Group of America LLC» (AQSh) investitsion kompaniyasi bilan O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ta’lim (masofaviy), qishloq xo‘jaligi, urug‘chilik, biologik o‘g‘itlar ishlab chiqarish, qazilma boyliklar qazish bo‘yicha innovatsiyalarni amalga oshirish yo‘lida hamkorlik qilinadi.
- «UdacityX MOOC» (AQSh) kompaniyasi bilan hamkorlik to‘g‘risida Bitim imzolandi. Bitimga muvofiq, oliy ta’lim sohasida umuman yangi tuzilma — masofaviy ta’limga ixtisoslashgan «Kelajak universiteti» tashkil etishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-iyuldagi PQ-3855-son Qarori ijrosi yuzasidan 43 ta ilmiy va ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni tijoratlashtirgan dastlabki 18 ta innovatsion kompaniyaga sertifikatlar va homiylik ko‘magi uchun 6 ta tijorat bankiga tashakkurnomalar topshirildi. Butun ko‘rgazma davrida tijoratlashtirish uchun yig‘ilgan takliflar soni 400 dan ziyodni tashkil etdi.
Fanlar akademiyasi «Fizika-Quyosh» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining fizika-texnika instituti hamda Isroilning 6 ta kompaniyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi o‘rtasida imzolangan O‘zaro anglashuv memorandumiga ko‘ra, 25-oktyabr kuni «TSM» («Technology Systems Management») kompaniyasi tashkil etildi. Mazkur kompaniya iqtisodiyot sohalariga va infratuzilma jihatidan alohida e’tibor talab etuvchi ob’yektlarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va kiberxavfsizlik masalalarida xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Shu bilan bir qatorda axborot texnologiyalari, energetik xavfsizlik va kiberxavfsizlik sohalariga mutaxassislar tayyorlash, fazoviy texnologiyalar loyihalarini amalga oshirishda ko‘maklashadi.
Xalqaro innovatsiyalar ko‘rgazmasi
Xalqaro innovatsiyalar ko‘rgazmasida ishtirokchi-rezidentlar o‘zlari ishlab chiqqan innovatsion mahsulotlari, taklif etayotgan xizmatlari, tijoratlashtirilgan ilmiy va ilmiy-texnik ishlanmalari bo‘yicha mavzuviy sektorlarga bo‘lingan holda joylashtirildi:
- qishloq xo‘jaligida innovatsiyalar — 14 ta;
- davlat boshqaruvidagi innovatsiyalar — 11 ta;
- ijtimoiy sohadagi innovatsiyalar — 14 ta;
- iqtisodiyotning real sektoridagi innovatsiyalar — 11 ta;
- tijoratlashtirilgan ilmiy va ilmiy-texnik ishlanmalar — 43 ta.
Ko‘rgazmaning uchinchi kunida Vazirlik va Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etgan «Novatorlik g‘oyalar banki» uchun respondentlar tomonidan 94 ta g‘oya taklif etildi. Bular ko‘proq avtomobilsozlik, ipakchilik, elektr energiyasi va gaz ta’minoti sohalariga taalluqlidir. Misol uchun, andijonlik Zuhriddin Zulunov tomonidan qishloq xo‘jaligi korxonalari neft omborlarida saqlanayotgan tiniq neft mahsulotlari bug‘larini ushlab qolish texnologiyasi va texnik vositasini ishlab chiqish g‘oyasi taklif etildi.
«Yashnobod» innovatsion texnoparkining 11 ta rezidenti namoyish etgan «IRC»ning roboti, «City lihgt»ning yorug‘lik tarqatuvchi mahsuloti va «Green code»ning 3D printeri ko‘rgazma ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi. Texnopark va «Selengur» MChJ (O‘zbekiston) bilan ilmiy-tadqiqot va ta’lim dasturlari tayyorlash, ma’lumotlarni ochiq almashish, ilmiy-texnik, sinov-konstruktorlik va texnologik ishlarni tashkil etish kabi masalalarni hal qilishga mas’ul bo‘lgan tajriba-konstruktorlik byurosining tashkil etilishiga kelishildi.
Xalqaro innovatsion-investitsion forum
«Xalqaro savdo markazi» («ITC») binosida tashkil etilgan «Xalqaro innovatsion-investitsion forum»da xorijiy diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, 530 ta mahalliy va xorijiy mutaxassislar, ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari ishtirok etishdi. Uch kun davomida forum doirasida agrar, ijtimoiy, iqtisodiyotning real sektori, bank-moliya sektori, davlat boshqaruvi kabi 5 ta sohaga innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish, bu borada xalqaro tajriba almashish va boshqa masalalar bo‘yicha ochiq muloqotlar o‘tkazildi.
Forum spikerlari (54 ta) geografiyasi keng bo‘lib, ular Estoniya (8 ta), AQSh (5 ta), Niderlandiya (4 ta), Avstriya (3 ta), Rossiya (2), Isroil (2), Italiya (2 ta) kabi mamlakatlar va Jahon banki (2 ta), «Lexis Nexis Business Solutions» kabi tashkilotlardandir.
«International Robotics Challenge»
Innovatsiya haftaligidan o‘rin olgan uchinchi katta tadbir «International Robotics Challenge» start oldi va xalqaro robototexnika musobaqasi ishtirokchilari turli toifalardagi musobaqalarga kirishishdi.
Ma’lumot uchun: «International Robotics Challenge» xalqaro robototexnika musobaqasi mamlakatimiz tarixida ilk bor tashkil etilib, unda 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar va 16 yoshdan katta yoshlar o‘rtasida xalqaro musobaqa o‘tkazildi. Ushbu tadbir doirasida umumiy hisobda
38 ta jamoa, shundan 18 tasi mahalliy va 20 tasi dunyoning 6 ta mamlakatidan tashrif buyurishdi.
25-oktyabr kuni musobaqa g‘oliblari taqdirlandi. G‘oliblar O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston vakillaridan iborat. Musobaqa yakunida Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, «O‘zEltexsanoat» AJ (uyali telefonlar), Qozog‘iston robototexnika federatsiyasi «LEGO» konstruktorlari), Innovatsion ishlanmalarni tatbiq etishning ilmiy-amaliy markazi (smartsoatlar, fleshkalar), «Idrok» xususiy korxonasi (innovatsion ta’lim dasturlari) tomonidan munosib taqdirlandi.
Xalqaro innovatsiyalar ko‘rgazmasi (23-25-oktyabr)da 30 dan ziyod davlatlar, 53 ta xorijiy kompaniya va yetakchi ilmiy markaz, 583 nafar olim qatnashdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ, «Elektron hukumat» taraqqiyot markazi kabi davlat organlari, oliy ta’lim muassasalaridan Andijon tibbiyot instituti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Turin politexnika institutining Toshkent filiali va boshqalar ishtirok etdi.
Xalqaro innovatsiyalar ko‘rgazmasida ijtimoiy sohadagi 14 ta, qishloq xo‘jaligiga doir 14 ta, iqtisodiyotning real sektori uchun 11 ta, davlat boshqaruvi sohasida 11 ta, tijoratlashtirilgan ilmiy va ilmiy-texnik yo‘nalishlarda 43 ta ishlanmalar taqdim etildi.
Tuzilgan bitimlar va shartnomalar
(jami — 119,3 mln. AQSh dollari):
- «UdacityX MOOC» (AQSh) investitsion kompaniyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi — 40 mln. AQSh dollari
- Urug‘chilikni rivojlantirish markazi va 2 ta chet ellik hamkor (Qirg‘iziston, Afg‘oniston) — 20 mln. AQSh dollari
- «ITTIFOQ» MChJ va «HANWOORI Co. Ltd.» (Koreya Respublikasi) — 3 mln. AQSh dollari,
- «Innovative Chemical Technologies» MChJ va Tojikistonning ikki kompaniyasi («Not import only», «Azimiko») — 810 ming AQSh dollari
O‘zining mablag‘larini respublika hududiga tegishli sohalar bo‘yicha kirituvchi xorijlik va mahalliy investorlar:
- «Voronejselmash» (Rossiya) — 35 mln. AQSh dollari
- «Xung Li» (Xitoy) — 10 mln. AQSh dollari
- TOO «Arma Ltd.» (Qozog‘iston) — 5 mln. AQSh dollari
- «Kamol Sulton» fermer xo‘jaligi — 3 mln. AQSh dollari
- «Namangan urug‘chilik klasteri» MChJ — 2,5 mln. AQSh dollari.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter