Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Innovatsiya vazirligi Oliy attestatsiya komissiyasini isloh qilish haqida davra suhbati o‘tkazdi

Innovatsiya vazirligi Oliy attestatsiya komissiyasini isloh qilish haqida davra suhbati o‘tkazdi

Foto:«Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati»

O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vazirligi Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini tanqidiy o‘rganish hamda ilmiy-tadqiqot ishlari, ularning natijalarini amaliyotga joriy etish tizimini tubdan takomillashtirish yuzasidan 30-aprel kuni «Ilg‘or texnologiyalar markazi»da davra suhbati o‘tkazdi. Unda akademiklar, professorlar, doktorantlar, davlat tashkilotlari xodimlari hamda ekspertlar ishtirok etdi. Bu haqda innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining faoliyati tanqidiy tahlil qilindi. Tahlillar magistratura ta’limini modernizatsiyalash bo‘yicha davlat siyosatining muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga to‘sqinlik qiladigan va iqtidorli yoshlarning fan sohasidan ketishiga sabab bo‘layotgan qator muammo va kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi.

Oliy attestatsiya komissiyasi  dissertatsiyani himoya qilishning  barcha bosqichlarini tartibga solib, ilmiy kengashlarning mustaqil faoliyat yuritishiga imkon bermayapti. Dissertatsiyalarga qo‘yiladigan talablarning jahon talablariga mos emasligi ilmiy ishlar saviyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Tavsiya qilinayotgan loyiha esa aspirantura tizimini jahon amaliyotiga moslashtirish, ilmiy va ta’lim muassasalariga mustaqillik berish, ilmiy ishlarning sifatini oshirish, shuningdek sanoatni rivojlantirishga hissa qo‘shuvchi oliy toifali kadrlarni tayyorlashga qaratilgan.

Hozir ilmiy ishlarning sifatini baholashi kerak bo‘lgan ilmiy kengashlar ikkinchi darajali ahamiyatga ega bo‘lib qolgan. Oliy attestatsiya komissiyasi himoya oldidan avtoreferat va dissertatsiyalarni (nizomga zid ravishda) tekshirish, ularni chop etishga ruxsat berish, komissiya byulletenida mavzularni e’lon qilish, imtihon topshirishga ruxsat berish, himoya kunini belgilash, ilmiy seminarlar tarkibini tasdiqlash vakolatiga ega.

Yangi qoidalarda ilmiy tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarining ilmiy kengashlari ushbu funksiyalarni mustaqil ravishda bajarishlari nazarda tutilgan.

Foto:«Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati»

Doktoranturaning mavjud konsepsiyasi iqtisodiyot va ishlab chiqarishning turli sohalari uchun yuqori malakali kadrlarni shakllantirishga qaratilmagani, faqatgina ilmiy xodimlar ro‘yxatini to‘ldirishga xizmat qilgani bois uning faoliyati mamlakatimizning innovatsion rivojlanishiga to‘sqinlik qilib kelmoqda. Shuningdek, ilmiy tadqiqotlar sifatining pastligi milliy tadqiqotlarning chop etilish darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayapti.

Yangi loyihada sanoatga yo‘naltirilgan dasturlarning yangi tizimini joriy etish nazarda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra tadqiqotchiga ikkita rahbar tayinlanadi – ulardan biri sanoat vakili bo‘lib, ilmiy ishning mavzusi ishlab chiqarishning muayyan yechimiga qaratiladi. Yetakchi xorijiy ilmiy muassasalar bilan hamkorlik qoniqarsiz ekani yurtimiz ilm-fani rivojiga jiddiy to‘sqinlik qilmoqda.

Yangi loyihaga ko‘ra jahon (Yevropa davlatlari, Qozog‘iston) tajribasiga tayangan holda qo‘sh diplom (double degree) tizimini joriy qilish nazarda tutilgan. Bunda doktorant 6 oydan bir yilgacha xorijiy OTMda ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunda PhD diplomi ikkala universitet tomonidan ham beriladi.

Ta’kidlash joizki, ilmiy ishlarimizning sifat ko‘rsatkichi – iqtibos indeksi qo‘shni davlatlarnikiga qaraganda ancha past. Bitta e’lon qilingan ilmiy maqoladan iqtibos olish miqdori O‘zbekistonda 0,37 ni tashkil etadi, bu ko‘rsatkich Rossiyada 0,54, Ukrainada 0,61, Ozarbayjonda 0,89, Belarusda 0,94 ga teng. Yurtimizdagi 2500 nafar fan doktorining atigi 300 nafarigina «Xirshi» iqtibos indeksiga ega, ulardan 32 nafaridagina bu ko‘rsatkich 5 dan ortiq. Vaholanki, Yevropa mamlakatlarida PhD ilmiy darajasiga ega olimlarning o‘rtacha iqtibos ko‘rsatkichi 5 ni tashkil etadi, professor nomini olish uchun esa indeks ko‘rsatkichi 12-18 ga teng bo‘lishi kerak. «Scopus» ilmiy maqolalar ma’lumotlar bazasiga ko‘ra 2016-yili O‘zbekistondagi iqtibos keltirilgan maqolalar soni 575 tani tashkil etgan, Qozog‘istonda xuddi shu ko‘rsatkich 3066 ta. Shuningdek, har million kishi hisobiga ilmiy maqolalar O‘zbekistonda 18 ta bo‘lsa, bu ko‘rsatkich Ozarbayjonda 91, Qozog‘istonda 170, Belarusda 189, Ukrainada 227 va Rossiyada 509 tadir. Shu bois ham jahonda qabul qilingan standartlarga rioya qilgan holda ilmiy ishlar ustida ishlash, mavzular tanlash, maqolalar yozish vaqti keldi. Boshqa davlatlarda ko‘rilgan bunday chora-tadbirlar ilmiy tadqiqotlarning ijobiy natijalarga ega bo‘lishiga olib kelgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring