Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Innovatsiyalar, raqamli hukumat va davlat xizmatlari: O‘zbekiston vakillari xalqaro vebinarda ishtirok etishdi

Innovatsiyalar, raqamli hukumat va davlat xizmatlari: O‘zbekiston vakillari xalqaro vebinarda ishtirok etishdi

Joriy yilning 3–5 avgust kunlari BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti (UN DESA), Qozog‘iston raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligi va «Zerde xoldingi» AJ tomonidan «Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish uchun innovatsiyalar, raqamli hukumat va davlat xizmatlari ko‘rsatish» mavzusida vebinar tashkil etildi.

Seminarda BMT tadqiqotlari asosidagi 2022 yilgi trendlar va tendensiyalar, Markaziy Osiyo mintaqasi (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston)da COVID-19 pandemiyasi sharoitida elektron hukumatni transformatsiyalash, sifatli elektron xizmatlar ko‘rsatish  hamda global va mintaqaviy hamkorlik kabi masalalar muhokama qilindi.

Vebinarda BMT bosh kotibining o‘rinbosari Lyu Jenmin, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamentining Raqamli hukumat bo‘yicha rahbari Vinchenso Akuaro, Qozog‘iston raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri Bagdat Musin, Markaziy Osiyo mamlakatlarining raqamlashtirish bo‘yicha mas’ul rahbarlari qatnashdi. O‘zbekiston nomidan ushbu tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos ishtirok etdi.

Uch kun davom etgan vebinar-seminarda jami oltita sessiya o‘tkazildi, UN DESA mutaxassislari hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston vakillari o‘z mamlakatlarida raqamli taraqqiyot, xususan, elektron hukumatni rivojlantirish borasidagi ma’lumotlarni taqdim etishdi.

IT Park Uzbekistan direktori o‘rinbosari Bahodir Ayupovning taqdimotida O‘zbekistondagi raqamli transformatsiya jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, O‘zbekistonda:

  • Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish holati;
  • «Raqamli O‘zbekiston-2030»;
  • Elektron hukumat loyihalari;
  • Elektron hukumat xizmatlarini rivojlantirish;
  • Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirish loyihalarining amalga oshirilishini reyting baholash bo‘yicha yakuniy ko‘rsatkichlar;
  • Yagona oyna orqali raqamli davlat xizmatlarini ko‘rsatish;
  • Raqamli davlat xizmatlarini ko‘rsatish;
  • Kelgusidagi istiqbolli vazifalar bo‘yicha mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar yoritildi.

AKT infratuzilmasi

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda xalqaro internet kanallarining o‘tkazuvchanligi 2020–2022 yillarda 4200 Gbit/s.ga yetkaziladi. 2020 yil holatiga ko‘ra, ijtimoiy soha ob’yektlari: maktablar — 70 foiz, maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari — 100 foiz optik tolali aloka tarmoqlariga ulangan. 2021 yil davomida maktablarni optik tolali tarmoqlarga to‘liq ulash ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda O‘zbekistondagi bolalalar bog‘chalarida 2 mingta, maktablarda 65 mingta kompyuterdan foydalanilmoqda.

O‘zbekistonda 2020 yilda keng polosali ulanish (KPU) tarmoqlari jami uzunligi 55,6 ming kilometrni va qamrov darajasi 70 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkichni 2022 yilda — 70 ming, 2025 yilda — 120 ming, 2030 yilda — 250 ming kilometrga yetkazish rejalashtirilgan.

Elektron hukumat

OneID (id.egov.uz) — yagona identifikatsiya tizimi 800 mingdan ortiq foydalanuvchilarga ega. Unga 60 dan ortiq tizim ulangan.

Idoralararo integratsiyalashgan platforma davlat organlari tizimlari o‘rtasida axborot ma’lumot almashinuvini ta’minlab kelmoqda. Ushbu platformaga 110 ta davlat axborot tizimining 124 ta veb-servisi ulangangan bo‘lib, 2020 yilda 475 milliondan ortiq so‘rov qayta ishlandi.

Hozirda integratsiyalashgan platformani modernizatsiya qilish va yangi arxitekturaga o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, davlat organlari va tadbirkorlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanishi uchun platformaning ikkinchi nusxasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Elektron hukumat yagona billing tizimi orqali tranzaksiyalar soni 2017 yilda 16,6 mingtani va 20 mlrd. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich soni 16,7 milliontaga va 1,6 trln. so‘mga yetgan.

Bugungi kunda O‘zbekistondagi 500 dan ziyod pochta bo‘limlarida elektron hukumat xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi xizmatlar soni 250 tadan oshdi. Xizmatlardan 28 million marotabadan ko‘proq foydalanilgan, shundan 88,93 foizi jismoniy shaxslar, 11,07 foizi yuridik shaxslarga to‘g‘ri kelmoqda.

Elektron xizmatlarning 35 tasi mobil ilovalarda taqdim etilmoqda.

Vebinar davomida ishtirokchilar 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlari yo‘nalishidagi innovatsion va raqamli hukumat sohasini rivojlantirish bo‘yicha asosiy tushunchalar, vositalar va yondashuvlar bilan tanishdilar, COVID-19 pandemiyasi sharoitida raqamli o‘zgarishlar, innovatsiyalar va raqamli hukumatni qayta shakllantirish imkoniyatlarini o‘zaro baholashdi.

Onlayn tadbir Markaziy Osiyo mamlakatlarining raqamli rivojlanish, sifatli elektron xizmatlarni taqdim etish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishi bilan ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Ishtirokchilar tomonidan BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha 2020 yilgi ma’lumotlari asosiy natijalarini alohida ko‘rib chiqilib, mazkur tadqiqot metodologiyasini kelgusida takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar muhokama qilindi.

Manba: e-gov.uz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring